Hazrati Imom Muhammad Boqir ibn Imom Ali Zaynulobidin ibn Imom Husayn (r.a.)

suratda: Xuroson savdogarlari va Hazrati Imom Muhammad Boqir ibn Imom Ali Zaynulobidin (r.a.), tarixçi Qosim Alining 1525 yilda yozilgan “Imomlar tarixi” asarida keltirilgan tasvir.
“Bobom Imom Husayn (r.a.) Karbaloda şahodatga yetganlarida men tört yoşda edim, öşa paytdagi barça voqealar yodimda”. (Imom Muhammad Boqir r.a.), ("Tarix", Yoqubiy, IX-asr, 2-j., 289 b.)
Hazrati Imom Muhammad Boqir ibn Imom Ali Zaynulobidin ibn Imom Husayn (r.a.)
Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bölsin! Payğambarimizga va ul zotning ahli baytiga mukammal va batamom salavotu salomlar bölsin!
Ismlari: Muhammad (r.a).
Mansablari: Imom.
Maşhur unvonlari: Boqirul ulum (ilm sirlarini oçguvçi, yoruğlikka eltuvçi, katta ilm sohibi, çeksiz aql zakovat egasi), al-Hodiy (töğri yölga boşlovçi, töğri yölni körsatuvçi, yölboşçi, rahnamo), aş-Şokir (doim şukur etuvçi), as-Sobir (çeksiz sabr-toqat sohibi), "sayyidut tamom" al-Hasaniy al-Husayniy (ikki tomonlama ham ona ham ota tomondan batamom sayyid).
Kunyalari: Abu Ja’far.
Otalari: Imom Ali Zaynulobidin ibn Imom Husayn ibn Hazrati Ali ibn Abu Tolib ibn Abdumuttalib ibn Hoşim al-Qurayşiy.
Onalari: Fotima binti Imom Hasan ibn Hazrati Ali ibn Abu Tolib ibn Abdumuttalib ibn Hoşim al-Qurayşiy.
Umrlari: 57 yoş
Imomlik faoliyati muddati: 19 yil
Taşqi körinişlari: Payğambar alayhissalomga öxşagan.
Umr yöldoşlari: Ummu Farva binti Qosim ibn Muhammad ibn Hazrati Abu Bakr Siddiq (r.a.), Ummu Hakim binti Usayd ibn Muğiyra as-Saqofiy.
Farzandlari: Imom Ja’far Sodiq (r.a.) va Abdulloh (bularning onasi Ummu Farva binti Qosim ibn Muhammad ibn Hazrati Abu Bakr Siddiq r.a.), Ibrohim va Ubaydulloh (bularning onasi Ummu Hakim binti Usayd ibn Muğiyra as-Saqofiy), boşqa ayollaridan: Zayd, Ali, Ummu Salama, Zaynab Kubro, Zaynab Suğro.
Avlodlari davom etgan öğillari: Imom Ja’far Sodiq (r.a.) va Abdulloh.
Saqlangan asari: “Kitob al-Boqir (Tafsiri Qur'an)” (Qur’on tafsiri).
Tuğiliş tarixi va joyi: 659 milodiy, 57-hijriy yil Rajab oyining 1-kunida Madinai Munavvara şahrida dunyoga kelganlar.
Ölim tarixi va joyi: 733 milodiy, 114-hijriy yil 7-zulhijjada Madina şahrida betoblikdan vafot etganlar, ba’zi manbalarda zaharlanib vafot etganliklari keltirilgan. Qabrlari Madina şahrining Jannatul Baqi’ qabristonida.

suratda: Daşti Karbalo
Milodiy 675 yili Imom Husayn roziyallohu anhu baloğat yoşiga yetgan suyukli öğillari Ali Zaynulobidinni akalari Imom Hasan roziyallohu anhuning qizlari Fotimaga uylantirdilar. Oradan bir yil ötib Alloh ularga nurli öğil farzand berdi, uning ismini uluğ bobosiga öxşasin deb Muhammad qöydilar. Milodiy 680 yilda xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon vafot etadi, Şom ahli Ummaviylar hukmronligi vorisi bölgan uning öğli Yazid ibn Muoviyaga bay’at qiladilar. Söngra Yazid ibn Muoviya Madina ahlidan öziga bay’at oliş uçun elçi yubordi. Hazrati Imom Husayn va sahoba Abdulloh ibn Zubayr (r.a)lar unga bay’at qilişdan boş tortdilar va Madinai Munavvaradan Makka şahri tomon yöl oldilar. Imom Hasan roziyallohu anhuning zaharlanib vafot etgan kundan boşlab, Kufa ahli Imom Husayn roziyallohu anhuga köplab maktublar yozişar, adolat istab özlari tomon çorlaşar edilar. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu u zotni Kufa ahli tomon borişlarini tarafdori edilar, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu esa bu yöldan ularni qaytarmoqçi bölganlar. Imom Husayn roziyallohu anhu Makkai Mukarramada ekanliklarida Makka ahli ham, haj va umraga kelgan ziyoratçilar ham u zotning ziyoratlariga kelib turişar edilar. Tabiiyki, Ummaviylar xalifaligida bölayotgan işlardan gap-söz ham bölar edi. Ba’zilar u zotni Yazid ibn Muoviyaga qarşi çiqişga undar ham edilar. Kufa ahlidan esa çaqiriq maktublari kelişi töxtamas edi. Kufa ahli oqsoqollaridan bölgan Sulaymon ibn Sord al-Huzo’iy boşçiligida yozilgan bir yuz ellik sahifalik maktub Imom Husayn roziyallohu anhuga yetib keladi. Imom Husayn roziyallohu anhu maktubni olgaç amakivaççalari Muslim ibn Aqil roziyallohu anhuni Kufaga elçi qilib yuboradilar, Imom Husayn roziyallohu anhuga Kufa ahli bay’at beradilar. Lekin Banu Umayya (Ummaviylar) tarafdorlari Şomga Yazidga maktub jönatib, bölgan işlardan xabar qilib, Kufa amirini örniga boşqa amirni yuborişini söraydilar. Yazid ibn Muoviya Kufa amiri Nömon ibn Başir Ansoriy roziyallohu anhuni lavozimidan böşatib, örniga Basra amiri Ubaydulloh ibn Ziyodni Kufa va Basraga amir etib tayinlaydi va Muslim ibn Aqil roziyallohu anhuni tutib öldirişni buyuradi. Muslim ibn Aqil roziyallohu anhu öz tarafdorlari bilan Ibn Ziyod askarlariga qarşi jang qiladilar, lekin Ibn Ziyodning fitnasi sabab Muslim ibn Aqil roziyallohu anhu va u zotning tarafdorlari qölga olinib qatl etiladilar. Bu paytda Imom Husayn roziyallohu anhu öz oilalari, birodarlari va safdoşlari bilan Kufa tomon yölga çiqqan edilar. Ular Sa’labiya degan joyga yetib kelganlarida Muslim ibn Aqil roziyallohu anhuning qatl etilganlik xabari yetib keldi. Bundan xabar topgan va çuqur qayğuga botgan Imom Husayn roziyallohu anhu şimol tomon yurib Naynavoga bordilar. Öşa yerda ularga qarşi Ibn Ziyodning askarlari yetib keldi. Öşa askarlarning boşliği Umar ibn Sa’d odam yuborib: “Nima uçun kelding?”, deb söradi. Imom Husayn roziyallohu anhu “Yurtingizning odamlari maktub yozib, kelişimni söraşdi. Agar meni yoqtirmasalar qaytib ketaman”, dedilar. Umar ibn Sa’d Kufa amiri Ibn Ziyodga xat yuboradi, unda “çangalimizga tuşganda najot topmoqçi, endi iloj bormikan”, degan ma’no bor edi. Ibn Ziyod xatga javoban: “Husaynga şart qöy, Yazid ibn Muoviyaga bay’at qilsin. Agar qabul qilsa öylab köramiz. Undan va odamlaridan suvni tösib qöy”, degan amrni qildi. Umar ibn Sa’d askarlari suv yölini tösib qöydilar. Imom Husayn roziyallohu anhu oilalari va birodarlari bilan bir neça kun suvsizlikda qoldilar. Ayniqsa, ayollar va yoş bolalar çanqoqlikdan juda aziyat çekib, yiğlay boşlaydilar, ularning orasida tört yoşli Muhammad Boqir roziyallohu anhu ham bor edilar. (“Tarix”, Yoqubiy, 9-asr, 2-j. Bakir Yulduz, “Karbalo fojeasi”, Çölpon, Toşkent-93).

suratda: Furot qahramoni Abulfazl Abbos Alamdar ibn Hazrati Ali (r.a.)
Imom Husayn roziyallohu anhuning ukalari Abulfazl Abbos Alamdar ibn Hazrati Ali (r.a.) suv zahiralari tugab qolganligi tufayli Ibn Ziyodning askarlari qurşab olgan Furot daryosiga borib suv olib keliş uçun akalaridan izn söraydilar. Abulfazl Abbos Alamdar (r.a.) meşni otlariga joylab daryo tomon yöl oladilar, u yerdagi askarlar safini yorib ötib, yarador holatda meşga suv töldirib ortga qaytadilar. Yölda Ibn Ziyodning askarlari u zotni poylab turişgandilar, ular kamon öqlarini tinmay otardilar, kamon öqlaridan biri u zotning bir közlarini teşib ötadi, çavandoz askarlar orqadan hujumni davom ettiradilar va u zotning bir qöllarini kesib taşlaydilar, u zot askarlarga qarşi bir qölda mardonavor jang qiladilar, askarlar u zotning ikkinçi qöllarini ham kesib oladilar. Kamon öqlari u zotga va suv töldirilgan meşga tegib, meş suvdan böşab qoladi. Abulfazl Abbos Alamdar (r.a.) otdan yiqilib tuşadilar. Bu holatni uzoqdan körgan Imom Husayn roziyallohu anhu yarador holatda qolgan ukalari tomon şoşadilar. Imom Husayn roziyallohu anhuni körgan Abulfazl Abbos Alamdar hazratlari akalariga sönggi salomlarini beradilar. Imom Husayn roziyallohu anhu ölim yoqasida turgan ukalarini öz bağrilariga bosib yiğlab yuboradilar. Abulfazl Abbos Alamdar (r.a.) akalaridan “burdalangan yarador tanamni opa-singillarim, farzandlarim va birodarlarim körişmasin, meni şu yerda qoldiring”, deydilar, ularga suv olib borolmaganlaridan uyalib şunday degan edilar. Abulfazl Abbos Alamdar (r.a.) hijriy 61 yil muharram oyining 10-kuni Aşuro kunida Furot daryosi qirğoği yaqinida şahid bölganlar va Karbaloda dafn etilganlar. U zotni xalq “Furot qahramoni” hamda "Alamdar (Bayroqdor)" deb ataganlar. Abulfazl Abbos Alamdar ibn Hazrati Ali (r.a.)ning Sayyid Fazl va Sayyid Ubaydulloh ismli öğillari bölgan. U zotning nasli Sayyid Ubaydulloh ismli öğillaridan davom etgan.

suratda: Abulfazl Abbos Alamdar va Imom Husayn (r.a.)

suratda: Abulfazl Abbos Alamdar ibn Imom Ali (r.a.) maqbarasi, Karbalo, Iroq.
Umar ibn Sa’d askarlari Kufa amiri Ibn Ziyodning amriga binoan, Imom Husayn roziyallohu anhuga Yazid ibn Muoviyaga bay’at qiliş şartini qöydilar. Imom Husayn roziyallohu anhu: “Menga imkon beringlar, kelgan joyimga qaytib ketaman”, dedilar. Ular: “Ibn Ziyodning hukmiga tuş”, dedilar. U zot bu adolatsizlikni qabul qilmadilar. Uruşdan boşqa iloj qolmadi. Imom Husayn roziyallohu anhu va birodarlari Karbalo degan joyda Ibn Ziyod askarlariga qarşi jang olib bordilar. Jang maydonidagi voqealarni ahli bayt xonadonidan bölgan xotin-qizlar va bolalar uzoqdan kuzatib turişardi, ular orasida tört yoşli Muhammad Boqir roziyallohu anhu ham bor edilar (“Tarix”, Yoqubiy, IX-asr, 2-j). Köp ötmay Imom Husayn roziyallohu anhu va u zotning bemor holatda yotgan Ali Zaynulobidin ismli öğillaridan boşqa öğillari va barça erkak yaqinlari qatl qilindilar. Karbaloda sodir bölgan fojealar haqida tarixçilar köplab asarlar yozganlar va öşa davrdagi mudhiş voqealar haqida batafsil ma’lumotlar keltirganlar.
Karbaloda asirga tuşgan Nabiy alayhissalomning avlodlari Şomga Yazidning saroyiga yuborilganlar, u yerda bölib ötgan voqealar haqida avvalgi maqolalarimizda ma’lumotlar keltirib ötgan edik. Karbaloda omon qolgan Nabiy alayhissalomning avlodlari keyinçalik Şomdan Madina şahriga yuborilganlar. Karbalodagi mudhiş voqealarni boşidan ötkazgan tört yoşli Muhammad Boqir hayotlarini otalari Imom Ali Zaynulobidin (r.a.) bilan birgalikda Madinai Munavvarada, otalarining keksayib qolgan amakilari Muhammad Hanafiya ibn Hazrati Ali (r.a.)ning rahnamoligi va ta’lim tarbiyasida ötkazganlar.
Hazrati Muhammad Boqir (r.a.) bolalik çoğlarini köproq Payğambarimiz alayhissalomning masjidlarida ötkazdilar. U yerdagi hayot bölgan sahobalar va tobe’inlardan Qur’oni Karim oyatlarining mazmun mohiyatini örgandilar, bobokalonlari Hazrati Muhammad alayhissalomning hadislarini örganib yod oldilar. U zotning jajji qalblari Alloh taoloning muhabbati bilan, taqvo va Undan qörqiş bilan tölib ösdi. U zot qiblagohlari kabi Payğambarimiz alayhissalomning ahli baytlari içida keng bilim va ma’rifat sohibi, buyuk fazilatli va xulqi odobli, doim şukrona aytuvçi, qanoatli, sabr-toqatli va taqvodor yigit bölib yetişdilar. Manbalarda keltirilişiça, Imom Ali Zaynulobidin (r.a.) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning masjidlarini madrasaga aylantirib, u yerda fiqh, tafsir, kalom, hadis, irfon va axloqning turli mavzulari atrofida ilmiy bahslar va ta’limotlarni taşkil etgan ekanlar. Hazrati Muhammad Boqir (r.a.) ana şunday ilmiy muhitda katta bölganlar. Padari buzrukvorlari bilan birga ilmiy majlislarda qatnaşib, öz çiroyli xulqi odoblari, ta’limotlari bilan hamda ta’sirçan xutba öqişlari orqali fikriy, ma’naviy va madaniy faoliyat olib borganlar. Mana şu tarzda musulmonlar qalbida Payğambar alayhissalomning ahli baytiga bölgan muhabbat yanada kuçayib borgan, Imom Muhammad Boqir (r.a.)ning şogirdlari va birodarlarining saflari kengayib borgan. Çeksiz aql-zakovat va bilimlari uçun zamondoşlari u zotga «Boqirul ulum» – «Ilm sirlarini oçguvçi» unvonini berişgan. Ba'zi rivoyatlarda, bu unvonni u zotga tuğilmaslaridan avval Payğambar alayhissalomning özlari başorat qilib bergan ekanlar, tarixnavislar sahoba Jobir ibn Abdulloh (r.a.)dan rivoyat qilingan bu haqidagi hadisni dalil qilişgan.
Imom Ali Zaynulobidin (r.a) öğillariga köp nasihatlar qilar ekanlar. Bu haqda Imom Muhammad Boqir (r.a) bunday hikoya qilganlar: “Otam Imom Ali Zaynulobidin (r.a.) menga köp nasihat qilar edilar. Bir kuni hayotim uçun muhim körsatma berib bunday dedilar: “Beş turdagi odam bilan döst bölma: Birinçisi – fosiq. Çunki u seni bir luqma taom yoki undan ham kamiga sotadi. Men, Ikkinçisi kim? – deb söradim. Ikkinçisi – ziqna. Biror narsaga qattiq muhtoj bölganingda, mol-dunyosini qölida olib qoliş uçun sen bilan aloqasini uzadi. Uçinçisi – yolğon gapiradigan odam bilan döstlaşma. Çunki u sarobga öxşaydi, yaqindagi narsani uzoqlaştiradi. Törtinçisi – nodon odamdir. U senga foyda keltiraman, deb zarar beradi. Beşinçisi – silai rahmni tark etgan kişi. Yaqin qarindoşlari bilan aloqasini uzgan odam senga döst bölolmaydi”.
Hazrati Imom Muhammad Boqir (r.a) juda köp şogirdlarni tarbiyalab yetiştirganlar. Tarixçi Şayx Tusiy "Tarixi Tusiy" asarida Imom Muhammad Boqir (r.a.) şogirdlarining sonini tört yuz oltmiş beş nafar deb keltirgan. Imom Ali Zaynulobiddin (r.a.) vafotlaridan söng u zot islom olamida turli fitna-fasodlar vujudga kelayotgan, dinda turli firqalar taşkil topayotgan oğir bir ijtimoiy va siyosiy şaroitda imomlik vazifasini ado etganlar. Hazrati Imom Muhammad Boqir (r.a.) Ummaviy xalifalardan beş nafari bilan zamondoş bölib, ular davridagi taxt uçun olib borilgan kuraşlarni hamda Abdulloh ibn Zubayr tarafdorlari va turli firqalar örtasidagi kuraşlarni guvohi bölganlar.
Oksford universiteti olimi A.R.Lolo özining “Ilk mazhablar tafakkuri” nomli kitobida, “Zayd ibn Ali Zaynulobidin akasi Imom Muhammad Boqirni zolimlarga qarşi kuraşişi kerakligini aytib, uni qözğolonga boş bölişga çaqiradi, Imom Muhammad Boqir bunga javoban “Men va otam Imom Ali Zaynulobidin xalifalikka da’vogarlik qilib heç qaçon uruş olib bormaganmiz”, deb javob bergan. Imom Muhammad Boqirning ukasi Zayd ibn Ali Zaynulobidin Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattob (r.a)larning xalifaligini, ta’limoti va fiqhini tan olgan, Ummaviylarga esa qarşi çiqqan. Buning natijasida uning tarafdorlari köpayib Zaydiylar mazhabi vujudga kelgan", deb yozgan.
Tarixçi E.Koxlberg özining “Zaynulobidin” nomli asarida, “Imom Muhammad Boqir karomat sohibi bölgan, u bemorlarni duolari bilan davolagan, ukasi Zaydning qözğoloni va uning ölimini, Ummaviylar mağlubiyati va Abbosiylar xalifasi al-Mansurni taxtga ötirişi kabi bölajak voqealarni başorat qilgan. Imom Muhammad Boqirning ogohlantirişlariga qaramay, uning ukasi Zayd Kufada Ummaviylar xalifaligiga qarşi boş kötaradi va Hişom ibn Abdulmalik qöşini tomonidan mağlubiyatga uçrab, hijriy 122 yil, milodiy 740 yilda qatl etilgan", deb keltirgan.
Tarixçi Mömin Mujonning “Islom tarixi” nomli asarida, “Imom Muhammad Boqir ukasi Zayddan farqli ölaroq, tinçlikparvarlik siyosatini tanlagan, u tinçlik tarafdori bölgan, imomlik vazifasi orqali islomning asl mohiyatini öz ta’limoti orqali ummatga yetkazişga harakat qilgan, bu orqali turli firqalarga qarşi kuraş olib borgan, özining ta’limotini davom ettiradigan yetuk şogirdlarni ham yetiştirgan”, deb aytgan.

Jumladan, Hazrati Imom Muhammad Boqir (r.a.)ning yetuk şogirdlaridan biri Hanafiy mazhabining asosçisi Imomi A’zam Abu Hanifa Nömon ibn Sobit ibn Zutiy rohmatullohi alayh edilar. Tarixnavislar Abu Hanifa rohmatullohi alayh va Imom Muhammad Boqir hazratlari örtalarida bölib ötgan quyidagi suhbatni bayon qilganlar: “Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh haj ziyoratiga çiqdilar. Madina şahriga yetganlarida Imom Muhammad Boqir hazratlari bilan körişib qoldilar va örtalarida şunday suhbat bölib ötdi:
– Siz aql bilan qiyos qilib, bobom Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning dinlari va hadislarini özgartiryapsiz, – dedilar Imom Muhammad Boqir (r.a.).
– Bunday iş qilişdan Allohga siğinaman. Mening Rasululloh alayhissalomga bölganidek Sizga ham hurmatim çeksiz. Keling, ötirib bafurja suhbatlaşaylik, - dedilar Abu Hanifa rohmatullohi alayh. Ötirganlaridan keyin Abu Hanifa rohmatullohi alayh aytdilar:
– Men sizdan uç masala sörayman. Birinçisi şu: Erkak kuçsizmi yoki ayol?
– Ayol kuçsiz, - deb javob berdilar Imom Muhammad Boqir (r.a.).
– Merosda erkak kişining uluşi qança-yu, ayolniki qança?
– Erkak kişining merosdan uluşi ikki, ayolniki bir, - deb javob berdilar Imom Muhammad Boqir (r.a.).
– Bu bobongiz Rasululloh alayhissalomning sözlari. Agar u zotning dinlarini özgartirgan bölganimda, aql va qiyos yöli bilan zaifroq bölgani uçun ayolga merosning ikki, erkakka bir uluşi beriladi degan bölardim.
Şundan keyin Abu Hanifa rohmatullohi alayh ikkinçi masalani oçdilar:
– Namoz ustunmi, rözami?
– Namoz ustun, - deb javob berdilar Imom Muhammad Boqir (r.a.).
– Bu ham Rasululloh alayhissalom janobimizning sözlari. Agar bobongizni dinini aql va qiyos yöli bilan özgartirmoqçi bölganimda hayz körgan ayolga namozlari qazosini öqişni, rözaning esa qazosini tutmaslikni buyurardim.
Abu Hanifa rohmatullohi alayh uçinçi masalani kötardilar:
– Peşob nopokroqmi, maniymi?
– Peşob maniydan nopokroq, - deb javob berdilar Imom Muhammad Boqir (r.a.).
– Agar bobongiz Rasululloh alayhissalomning dinlarini aql va qiyos bilan özgartirganimda, bavldan söng ğusl qilişni, maniy sababli esa faqat tahorat oliş kerakligini aytgan bölardim. Aql va qiyos bilan dinimizni özgartirişdan Allohdan panoh sörayman, - dedilar Abu Hanifa rohmatullohi alayh.
Imom Muhammad Boqir roziyallohu anhu örinlaridan turib Abu Hanifa rohmatullohi alayhini bağrilariga bosdilar va u zotga hurmat bajo keltirdilar”.
Manbalarda Ummaviy xalifalar taşqi siyosiy vaziyatlarda Hazrati Imom Muhammad Boqir (r.a.)ga maslahat oliş niyatida murojaat qilganliklari bayon etilgan. Jumladan, Tarixçi Şarif Qarşiy Qummiy özining “Imom Muhammad Boqir hayoti” nomli asarida: “Ummaviy xalifa Abdumalik ibn Marvon ibn Hakam öz xalifaligida nasroniylik diniy qaraşlarini bekor qilganidan söng, öşa davrning Vizantiya hukmdori tomonidan unga tahdid xati yuboriladi, unda Vizantiya hukmdori imperatorlik oltin tangalariga Payğambar alayhissalomni nomlarini haqoratlab yozişni tahdid qilgandi. Şunda xalifa barça ulamolarni yiğib maslahat soladi, bu masalada turli fikrlar vujudga keladi, söng xalifa Hazrati Imom Muhammad Boqir (r.a.)dan qanday yöl tutilsa töğri bölişini sörab maslahat söraydi. Imom hazratlari xalifalikda Vizantiya oltin tangalarini iqtisodiy muomaladan çiqarib taşlaşlikni hamda xalifalik özining oltin tangalarini xalqaro iqtisodiy muomalaga çiqarişi kerakligi maslahatini beradi, natijada xalifa şunday yöl tutadi”, deb keltirgan.
Ummaviy xalifalardan Umar ibn Abdulaziz ibn Marvon öz davrining taqvodor hukmdorlaridan bölganligi manbalarda bayon etilgan. Tarixçi E.Koxlberg özining “Zaynulobidin” nomli asarida: “Ummaviy xalifa Umar ibn Abdulaziz Imom Ali Zaynulobidin va Muhammad Boqir (r.a.)ga juda yaxşi muomalada bölgan, Payğambar alayhissalomga mulk sifatida tegişli bölgan va qizlari Bibi Fotima (r.a.)ga hadya etilgan Madinadagi Fadak boğini qisman Imom Muhammad Boqir roziyallohu anhuga qaytarib bergan edi”, deb keltirgan. Ammo şia mazhabi tarixçilari öz asarlarida Fadak boği Imom hazratlariga qaytarib berilmaganligini ta’kidlaşgan. Tarixçi E.Koxlberg yana quyidagilarni keltiradi: "Ummaviy xalifa Hişom ibn Abdumalik ibn Marvon davrida Imom Muhammad Boqir, u zotning farzandlari va şogirdlarining ahvoli ança oğir vaziyatda keçgan. Ummaviy xalifa Hişom ibn Abdumalik Imom Muhammad Boqirni Damaşqqa çaqirtirib olgan, bir neça bor qamoqda saqlagan. Söng Imomni soqçilar nazoratida Madinaga yuborgan, unga içimlik va ovqat bermaslikni buyurgan. Xalifa Hişom ibn Abdumalik Imomni ilmiy bahslarga ham çorlab turgan, Umar ibn Xattob (r.a.)ning ustozi bölgan an-Nofiy bilan bölgan ilmiy bahsda Imom Muhammad Boqir ğalaba qozongan”, deb yozgan. Tarixçi Mömin Mujonning “Islom tarixi” nomli asarida: “Xalifa Hişom ibn Abdumalik Imom Ali Zaynulobidin va uning öğli Muhammad Boqirni Damaşqqa ilmiy bahsda qatnaşiş uçun çaqirgan, bahs Hazrati Ali ibn Abu Tolib (k.v)ning ilm egasi ekanliklari haqida bölgan va bölib ötgan bahsda Xalifa mağlub bölgan”, deb keltirilgan. Darhaqiqat, Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu haqlarida Nabiy alayhissalom şunday deganlar: «Men ilmning şahri bölsam, Ali uning eşigidir (ya’ni Bob Madinatul Ilm)». Yana bir boşqa hadisda, «Men hikmat hovlisiman, Ali uning eşigidir», deb aytganlar. Xuddi şu rivoyatning Ibn Abdul Barr (r.a.) keltirgan lafzida Payğambar sollallohu alayhi va sallam: «Men ilmning hovlisiman, Ali uning eşigidir. Kim ilmni istasa, uning eşigidan kelsin», deganlar. (Termiziy, Tabaroniy va Hokim rivoyati).
Imom Muhammad Boqir (r.a.) padari buzrukvorlari Imom Ali Zaynulobidin (r.a.) kabi hayotlari davomida öta oğir bir siyosiy şaroitda özlarining hidoyatga çorlaydigan fikrlari bilan islom dini hayotini yangilaş va uning fikriy tizimini özgartiriş uçun xalqni ilmga çorlaş orqali harakatlar qilganlar. Xalifalikda paydo bölgan turli firqalarga qarşi ma’rifat bilan kuraş olib borganlar. Musulmonlarga islom dinining haqiqiy mohiyatini tuşuntiriş, uning asl ğoyasi va aqidalarini ummatning qalbida joylaşga harakat qilganlar.

suratda: Jannatul Baqi’ qabristoni, Madina, 1925 y.

suratda: Imom Muhammad Boqir (r.a.) qabrlari, Jannatul Baqi’ qabristoni.
Ilm sirlarini oçguvçi unvoniga ega bölgan Imom Muhammad Boqir (r.a.) 733 milodiy, hijriy 114-yil 7-zulhijja kunida Madina şahrida betoblikdan vafot etganlar, ba’zi manbalarda zaharlanib vafot etganliklari keltirilgan. U zotning qabrlari Madinai Munavvaradagi Jannatul Baqi’ qabristonida joylaşgan. Milodiy 1926 yilgaça Baqi’ qabristonida u zotning maqbaralari mavjud bölgan, lekin öşa yilning 21 aprel kuni barça maqbaralar buzib taşlangan. Imom Muhammad Boqir hazratlarining ta’limotini u zotning öğillari Hazrati Imom Ja’fari Sodiq (r.a.) davom ettirganlar.
Allohim, ötgan uluğ ajdodlarimiz ruhi poklarini şod, oxiratlarini obod aylasin!
Allohumma solli ’ala Sayyidina va Nabiyina va Habibina Muhammadin va ’ala olihi va as'habihi ajma’iyn! Birohmatika ya arhamar rohimiyn!
Foydalanilgan manbalar:
-
Termiziy, “Sunani Termiziy”.
-
Şayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Hadis va hayot”.
-
Şayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Imomi A’zam”, Hilol.
-
Muftiy Avliyoxoja Musaviy Razzaviy Samarqandiy, “Mulahhas al-Ansob”.
-
A.R.Lolo, “Ilk mazhab tafakkuri”, Martin Press, London, 2004.
-
Şayx Abu Nasr Sahl Buxoriy, “Sir Silsilatul al-Alaviya”.
-
Şayx Husayn ibn Abdulloh Husayniy Samarqandiy, “Ansob al-Tolibin”.
-
Yoqubiy, “Tarix” (IX-asr) , 2-j, Beyrut.
-
Şarif Qarşiy Qummiy, “Imom Muhammad Boqir hayoti”, Qum.
-
Ibn Kasir, "al-Bidoya van-Nihoya".
-
Mömin Mujon, “Islom tarixi”, Ostin fond, AQŞ, 1985.
-
E.Koxlberg, “Zaynulobidin”, Encyclopaedia of Islam, Koninklij Brill.
Sayyid Ilhomxon Bahodir Sayyidatoyi Razzaviy Husayniy, “Turkiston Sayyidlari va Eşonlari” xalqaro taşkilotining tadqiqotçisi, ansobşunos, manbaşunos, naqib al-aşraf.










