SHARQ VA G‘ARB OLIMLARINI UCHRASHTIRGAN XALQARO ANJUMAN

2025-yil 2-oktyabr kuni Samarqand shahrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Neapol Sharqshunoslik universiteti va ERC-SYNERGY EuQu (“Yevropa Qur’oni”) loyihasi hamkorligida “Din va ko‘ptillilik: Yevropa va Osiyo jamiyatlarida Qur’on va islomiy adabiyotlarning yoyilishi” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman o‘z ishini boshladi.
OCHILISH MAROSIMI
Tadbirning tantanali ochilishida Markaz direktori Shovosil Ziyodov, Italiyaning Neapol Sharqshunoslik universiteti rektori professor Roberto Tottoli hamda Paviya universiteti olimi professor Davide Skotto so‘zga chiqib, mazkur anjumaning ilmiy hamda amaliy ahamiyati, Qur’onning turli mintaqalarda qabul qilinishi va talqin etilishi, shuningdek, bu yo‘nalishdagi zamonaviy izlanishlar borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdilar.
BIRINCHI KUN – YEVROPA TAJRIBALARI
Forumning ilk kunida o‘tkazilgan ilmiy sessiyalarda nufuzli xorijiy olimlar ma’ruzalar bilan qatnashdilar. Dastlabki panellar Qur’onning Yevropa mamlakatlarida tarjima qilinishi va tarqalishi masalalariga bag‘ishlandi.
XVI–XVIII asrlarda Ispaniyadagi musulmon ozchilik orasida Qur’onning arab va roman tillarida tarqalishi,
Fransisk ulamolarining turli tillardagi sharhlari,
“Aqidatun Nasafiya” asarining fransuz tiliga tarjimasi kabi mavzularda ilmiy ma’ruzalar tinglandi.
Keyingi panellarda Yevropa musulmonlarining diniy matnlari, ularning janr xususiyatlari, shuningdek XVII–XIX asrlarga oid tarixiy sharh va izohlar muhokama qilindi. Kunning yakuniy qismida esa tatarlar va kurdlar ko‘p yashaydigan hududlarda Qur’on tarjimalari, ularning siyosiy-madaniy ta’siri, hamda XIX asr islomiy adabiyoti haqida ilmiy taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.
Birinci kun faol munozaralar va ilmiy bahslar ruhida o‘tdi. Ishtirokchilar – Italiya, Ispaniya, Fransiya, Polsha, Germaniya, Niderlandiya va Turkiyadan tashrif buyurgan olimlar – Yevropa va Osiyoda Qur’on hamda islomiy adabiyotlarning yoyilishiga oid yangi ma’lumotlar va tahlillarni taqdim etdilar.
IKKINCHI KUN – OSIYO MEROSI
2025-yil 3-oktyabr kuni anjuman o‘z ishini davom ettirdi. Ikkinchi kunning asosiy e’tibori Osiyo mintaqasidagi islomiy qo‘lyozmalar, Qur’on tarjimalari hamda Markaziy Osiyo olimlarining bu boradagi izlanishlari va so‘nggi topilmalarga qaratildi.
IX–XIII asrlarda Movarounnahr tarixshunosligi,
Qozog‘iston janubidagi islomiy adabiyotlar tarqalishi,
Markaziy Osiyo madaniy muhitining Malayya arxipelagi qo‘lyozmalariga ta’siri,
Mustamlaka va sho‘ro davrlarida islomning mahalliy til va an’analar orqali saqlanib qolishi haqidagi ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, Malayziya, Turkiya va boshqa mamlakatlardan kelgan olimlar bilan bir qatorda o‘zbekistonlik tadqiqotchilar ham o‘z ilmiy ishlanmalarini taqdim etdilar. Imom Moturidiy qalamiga mansub “Ta’vilot al-Qur’on” asarining bugungi kunda adashgan oqimlarga qarshi kurashdagi o‘rni, qadimiy turkiy tarjimalarga doir yangi ma’lumotlar, “Tafsiri Charxiy” asarlarining aqida, fiqh va talqindagi ahamiyati haqida ilmiy mulohazalar bildirildi. Zamonaviy tarjima metodlari hamda G‘arb mamlakatlarida Qur’onning qabul qilinishi bo‘yicha kuzatilayotgan tendensiyalar ham keng muhokama qilindi.
“TURKISTON SAYYIDLARI VA ESHONLARI” XALQARO TASHKILOTI RAISI DOKTOR SARDORXON JAHONGIRNING ISHTIROKI
Mazkur nufuzli ilmiy anjumanda “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro tashkiloti raisi doktor Sardorxon Jahongir ham ishtirok etdi. U tadbir qatnashchilariga o‘z qalamiga mansub “Qur’oni Karim ma’nolarining so‘zma-so‘z tarjimasi” hamda keng o‘quvchilar orasida mashhur bo‘lgan “Nur-ul Qur’on” va “Ziyo-ul Qur’on” asarlarini taqdim etdi.
Shuningdek, doktor Sardorxon Jahongir Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga hamda anjuman qatnashchilariga o‘z asarlaridan namunalarni tuhfa etib, ilmiy hamkorlik va do‘stona aloqalarni mustahkamlash yo‘lida tilakdosh bo‘ldi.
Ikki kun davomida ilmiy muloqot va qizg‘in bahs-munozaralar bilan kechgan mazkur xalqaro forumda olimlar Qur’on tarjimalari va islomiy adabiyotlarning tarixiy rivoji, qo‘lyozmalar merosi va zamonaviy tendensiyalar borasida ko‘plab yangi ilmiy ma’lumotlarni taqdim etdilar.
Anjuman yakunida ta’kidlanganidek, Qur’on va islomiy merosni tadqiq etish nafaqat tarixiy haqiqatlarni yoritishga, balki jamiyatlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi. Samarqandda o‘tgan ushbu xalqaro ilmiy anjuman Sharq va G‘arb olimlarini bir maydonga jamlab, kelgusida yanada samarali hamkorlik va ilmiy integratsiya uchun mustahkam poydevor yaratdi.




Hurmat bilan,
“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro tashkiloti ilmiy jamoasi.










