banner

IJOZAT MAROSIMI

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro tashkiloti raisi, islomshunos olim, doktor Sardorxon Jahongir Madina-i Munavvarada Shayx Homid Buxoriy hazratlarining huzurida bo‘lib u kishining majlislarida qatnashdi va shayx hazratlarining ilmlaridan bahramand bo‘ldi. Sardorxon Jahongir Madinai Munavvaraga tashrifi davomida Shayx Homid Buxoriy hafizahulloh hazratlaridan Qur’oni Karimning “Sof” surasi va “Rahmat” hadisi bo‘yicha ijoza olib, bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tutashgan sanadga ega bo‘ldi.

Ma’lumki, Shayx Homid Buxoriy hazratlari Saudiya Arabistonining mashhur ulamolaridan hisoblanib, ilmu ma’rifatda yuksak martabalarga erishgan zotdir. Ul zotning to‘liq ismlari Shayx Homid ibn Ahmad ibn Akrom ibn Sayyid Mahmud ibn Alixon al-Buxoriy al-Madaniydir.

Shayx Homid Buxoriyning ajdodlari aslida Movarounnahr o‘lkasining Farg‘ona vodiysi, Qo‘qon shahridan bo‘lib, 19-asr boshlarida Madinada qo‘nim topganlar.

Shayx Homid hazratlari Madinada tug‘ilib, ilm tahsilini ham shu muqaddas shaharda olganlar. Oliy ta’limni esa Madina oliygohida “hadisi sharif” bo‘yicha muvaffaqiyatli yakunlaganlar. Bu davr mobaynida ko‘plab mashhur ustozlardan qiroat va hadis bo‘yicha ijozalar olganlar. Keyinchalik Shayx Homid Buxoriy hazratlarining o‘zlari ham shogirdlar yetishtirib, ularga ijozalar bera boshlaganlar.

Ustozning turli mamlakatlarda nashrdan chiqqan bir necha asarlari mavjud bölib, Qohirada nashr qilingan “Laqtut durar min asanidil g’urar” ya”ni” “E’tiborli sanadlar ichidan marvaridlarni terib olish” nomli kitobi shular jumlasidandir.

Safar yakunida Sardorxon Jahongir shayx hazratlaridan ba’zi hadislardan va Qur’on suralaridan biriga ijoza talabi bilan murojaat qildi. Shayx Homid Buxoriy hazratlari O‘zbekistondan tashrif buyurgan olimning ushbu talablarini mamnuniyat bilan qondirdilar hamda ular uchun hadislardan ba’zilarini o‘qib berdilar. Roviylari bilan o‘qib berilgan “Rahmat” hadisi, Muoz bin Jabalning “Mahabbat” hadisi hamda Buxoriyning sulosiyoti ya’ni “sanadida Rasululloh s.a.v. → Sahobiy → Tobiiy → Imom Buxoriy bo‘lgan, uchta roviy orqali yetib kelgan eng qisqa va eng oliy sanadlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, Shayx Homid Buxoriy shayx Sardorxon Jahongirga Qur’oni Karimning “Sof” surasini ham o’qib berdilar.

Shayx Homid Buxoriy ‎hazratlarining suhbatlaridan lavha

Olamlar Robbisiga hamd va payg’ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovotlar bo‘lsin.

Hijriy 1447-yil Jumodil-ulo oyining 26-chisi, dushanba kechasi mening Madinadagi uyimga O‘zbekistondan “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro naqobati raisi, birodarimiz doktor shayx Sayyid Sardorxon Jahongir tashrif buyurib bizlani bag’oyat mamnun qildi. U kishi mendan sanadi Rasululloh (sav) gacha yetib boradigan ba’zi hadislarni eshittirishimni so‘radi.

Allohning izni bilan bugungi majlisda Shayx Sardorxonga musalsal hadislardan, “Mahabbat hadisi”, “Rahmat” hadisini, shuningdek, Qur’oni Karimdan “Saf” surasini o’qib eshittiramiz. Songra majlis yakunida Imom Buxoriyning sahihidan birinchi hadisni hamda Imom Buxoriyning Sulosiyotidan ham o’qib beriş bilan yakunlaymiz.

Men unga mazkur hadislar bo‘yicha ijoza berdim. Alloh taolodan shayx Sardorxon Jahongirga ushbu ijozani manfaatli bo’lishini so’rayman. Hamda mening ta’lifimdagi “Laqtut durar min asanidil g’urar” — لَقْطُ الدُّرَرِ مِن أَسَانِيدِ الغُرَرِ — ya’ni “E’tiborli isnodlar ichidan marvaridlarni terib olish” nomli kitobimni unga taqdim qilaman. Shuningdek, Shayx Sardorxon Jahongirga mazkur kitobni puxta mutolaa qilishini va zarur bo‘lganda soha ulamolariga murojaat qilishini va ilm toliblariga öqitishini ham tavsiya qilib qolaman. Allohdan biz musulmon ummatini doimo Rasulullohning sunnatlariga muvofiq hayot kechirishimizni, shu yo‘lda dunyodan o‘tishimizni va uning shafoatiga muyassar bo‘lib jannatul firdavslarga kirishimizni duo qilib qolaman. Allohning rasuliga salovot va salomlar bo‘lsin.

Mana yuqorida zikr qilinganlarning barchasi uchun sizga ijoza beraman. Shayx Homid hazratlari ijozatnomani berishdan avval Shayx Sardorxondan uni qabul qilganliklarini bildirish ma’nosida “Qobiltu” lafzini aytishlarini so‘radilar. Sardorxon Jahongir esa an’anaga muvofiq ravishda “Qobiltu” — ya’ni “qabul qildim” deb javob qildilar. Shundan so‘ng, ijozat odatidagi tartibga muvofiq uni yozma ravishda qayd qilib, guvohlar huzurida Shayx Sardorxon Jahongirga topshirdilar.

Shayx Homid Buxoriy hazratlari shayx Sardorxonga Qur’oni Karimning “Saf” surasini 2 qiroatda o’qib ijoza berdilar.

Mazkur ijoza olimning ilmiy faoliyatida muhim bosqich bo‘lib, ilmiy izlanishlarida baraka va muvaffaqiyat tilab berilgan ruhiy-ma’naviy ishonch maktubi sifatida qadrlanadi.

Shayx Homid Buxoriy ustozlaridan olingan ijozalarning mazmuni va bu ijozaning islomiy-ilmiy an’analaridagi o‘rni haqida ham so‘z yuritdilar. Ilm yo‘lida ustoz-shogird munosabatining muhimligi, ijozaning tasdiq belgisi sifatida xizmat qilishi va shari’atda ilm-meros sifatida qanday qabul qilinishini ta’kidladilar. Shuningdek, olim o‘z tajribalari, ustozlari bilan bo‘lgan aloqalari orqali ilm-tarbiya olganligini va bu yo‘lda sabr, ixlos va odob-axloqning ahamiyati haqida ham gapirib berdilar.

Ijozat marosimi so‘nggida Shayx Homid Buxoriy hafizahulloh Shayx Sayyid Sardorxon Jahongirga xayrli duolar qilib, ijozatnoma bilan muborakbod qildilar.

Hurmat bilan,

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro tashkiloti ilmiy jamoasi.

Yangiliklar

IJOZAT MAROSIMI | Shajara