Turkiya Respublikasi Kavkaz Davlat universiteti rektori bilan uchrashuv

“Turkiston sayyidlari va eshonlari” xalqaro tashkiloti raisi Sardorxon Jahongir Turkiya respublikasi Kavkaz Davlat universiteti rektori bilan memorandum imzoladi.
Tashkilot raisi mazkur universitetning bir qator olimlari va ustozlari jumladan, Kavkaz universiteti rektori professor Husnu Kapu, universitetning xalqaro bo‘lim boshlig‘i va Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati markazi rahbari professor doktor Haji Ali Nejef o‘g‘li, ilohiyot fakulteti hadisshunoslik kafedrasi mudiri doktor Apaslan Kartal va fan-adabiyot fakulteti turkologiya kafedrasi mudiri professor doktor Mithat Durmush kabi olim va ustozlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida “Turkiston sayyidlari va eshonlari” xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyodagi ayniqsa O‘zbekiston respublikasidagi sayyidlar tarixini o‘rganish, ularning shajaralarini tadqiq qilish va tasdiqlashdagi olib borilayotgan ilmiy-amaliy faoliyati haqida, qizg‘in suhbatlar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu yig‘ilishda “Turkiston sayyidlari va eshonlari” xalqaro tashkilotining muassislaridan biri Islomshunos olim Muhammadxon Jahongirov ham qatnashdi. Suhbat yakunida “Turkiston sayyidlari va eshonlari” xalqaro tashkiloti va Kavkaz universiteti o‘rtasida tuzilgan ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi va nizomi imzolandi.














