NAQSHBANDIYYA SHAJARASI IZIDAN

Ma’lumki, dunyoga mashhur Naqshbandiya tariqatiga Buxoro yaqinidan yetishib chiqqan ulug‘ zot Shayx Bahouddin Naqshband (1318-1389) taraflaridan asos solingan. Aslida esa mazkur tariqat Shayx Abduxoliq G’ijduvoniy asos solgan Xojagon tariqatining ma’naviy davomchisi bo’lib, Хojagoni-Naqshbandiya deb nomlangan va hozirda dunyoning ko‘plab davlatlariga keng tarqalgan. “Maqomoti Amir Kulol” asarida Xojagon tariqati shayxi Sayyid Amir Kulol hazratlarining otasi Sayyid Hamza Jaloliddin bilan Hazrati Sayyid Ota alayhirrahma bir-birlariga birodar bo’lganliklari, ya’ni nasab jihatidan ham qarindosh ekanliklari, Hazrati Sayyid Ota Shayx Sayyid Amir Kulolni dunyoga kelishini va uning ta’limoti dunyoga keng yoyilishini bashorat qilganliklari bayon etilgan. Shayx Boboyi Samosiyning tavsiyalari bilan Sayyid Amir Kulol yosh Muhammad Bahouddinni o’z qaramog’iga olib, unga ta’lim tarbiya berganligi va tariqat bobida izojat berganligi ko’plab manbalarda zikr etilgan. Bahouddin Naqshband hazratlarining nasabnomalari aksariyat tarixiy manbalarda quyidagicha keltirilgan:
Hazrati Ali (r.a.) ibn, Imom Husayn (r.a.) ibn, Imom Zaynulobidin (r.a.) ibn, Imom Muhammad Boqir (r.a.) ibn, Imom Ja’fari Sodiq (r.a.) ibn, Imom Muso Kozim (r.a.) ibn, Imom Ali Muso ar Rizo (r.a.) ibn, Imom Muhammad At-Taqiy (r.a.) ibn, Imom Ali Al-Naqiy (r.a.) ibn, Sayyid Imom Al-Askariy (r.a.) ibn, Sayyid Ali Akbar ibn, Sayyid Mahmud (ba’zi manbalarda Muhammad) ibn, Sayyid Taqiy So‘fi Muhammad Xilvatiy ibn, Sayyid Buloqiy ibn, Sayyid Sha’bon ibn, Sayyid Qosim Mahdiy ibn, Sayyid Zaynulobidin ibn, Sayyid Mir Abdulloh ibn, Sayyid Mir Burhoniddin ibn, Sayyid Jaloliddin Buxoriy ibn, Sayyid Muhammad Buxoriy ibn, Xoja Bahouddin Naqshband.
Ammo aniqlanayotgan boshqa qadimiy nasab (ansob) manbalarida, jumladan, “Majmaul ansob” asarida ham yuqorida keltirilgan nasabnoma Sayyid Amir Kulol (q.s.) hazratlariga oidligi bayon etilgan. Aynan shu holat bizni tadqiqot o’laroq, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi yigirmaga yaqin naqobat tashkilotlarining nasabshunos olimlarining bu boradagi xulosalarini aniqlashga undadi. Natijada Iroq, Eron va Turkiyadagi Sayyid Amir Kulol (q.s.) avlodlari shajarasidagi ajdodlarning nomlari yuqorida keltirilgan shajaradagi ma'lumotlar bilan deyarli bir ekanligi hamda jumhur nasabshunos olimlarning xulosalariga ko’ra, mashxur avliyo Sayyid Ahmad Solih laqabi Sayyid Ota alayhirrahma hazratlarining hamda Sayyid Amir Kulol ibn Sayyid Amir Hamza Jaloliddinning nasablari Sayyid Muhammad ibn Sayyid Ali laqabi Akbar al-Amir Nuriddin Sulton Sodot ibn Sayyid imom Muhammad Kabir al-Askariy al-Javhariy al-Baaj ibn Imom Ali Naqiy al-Hodiyga borib tutashishi sahih deb topilganligi hamda Yaqin Sharqdagi xalqaro naqobat tashkilotlari tomonidab ularning avlodlariga nasab guvohnomalari va qarornomalari taqdim etilganligini aniqlandi.
Hazrat Xoja Bahouddin Naqshbandning nasablari ham shu ulug’ zotlarning shajaralari bilan bir ekanligi ma’lum bo’ldi. U zot ona tomonidan siddiqiydurlar, ya’ni nasablari Hazrat Abu Bakr Siddiq r.a.ga borib tutashadi.
Hazrat Xoja Bahouddin Naqshband (quddisa sirruhu)ning asli ismlari Sayyid Muhammad ibn Muhammad ibn Jaloliddin Buxoriy bo‘lib, Xojai Buzrug (Ulug‘ Xoja), Shohi Naqshband, Bahouddin nomlari bilan ham jahonga mashhur.
Hazrat Xoja Bahouddinning kasblari matoga naqsh solmoq bo‘lgan, shuning uchun u zoti sharifning ismlariga Naqshband taxallusini qo‘shilgan. Otalarining ismi — Sayyid Muhammad Buxoriy, onalarining ismi — Orifabibi bo‘lgan.
Shajaralar tadqiqoti yo‘lidagi izlanishlarimizda quyidagi mulohazaga to‘xtalishni joiz deb bildik. Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek Naqshbandiy hazratlarining ajdodlari sirasidan bo‘lmish Sayyid Ali Akbar nomlari zikr qilingan. Huddi shu nom Turkiston diyorida yashab o‘tgan, Ishtixonning so‘nggi qozisi Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida ham qayd qilingan. Aynan shu holat bizni tadqiqot asnosida mulohazaga undadi.
“Tuhfatul ansob” kitobida, “Maqomoti Shohi Naqshband” kitobida va Pokistonning Lahor shahrida “Naqshbandiya ta’limoti” idorasi tomonidan chop etilgan “Tazkare Khwanadane Hazrat Eshan” (Pokistonlik avliyo “Hazrati Eshon xonadoni shajarasi”) kitobida, shuningdek jamiyatimizga tadqiq etish uchun Pokistonning Islomobod shahridagi sayyidzodalar tomonidan taqdim etilgan nasabnoma shajarada, internet ensiklopediya veb saytlarining sahifalarida va boshqa manbalarda ham Xoja Bahouddin Naqshband nasablari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Yana bu zoti sharifning shajarasi haqida shuni aytishimiz joizki, bizning “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” jamiyati mutaxassislari tomonidan tadqiq qilingan va tasdiqlangan, Ishtixonning so‘nggi qozisi Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida, Hazrati Muhammad (s.a.v.)dan boshlanganda 17-ta ajdodlarning ismlari Hazrat Xoja Bahouddin Naqshbandning shajarasidagi 17-ta ajdodining ismlari bilan bir xil kelganligini, shuningdek shajaralarni tadqiq qilish natijasida ularning nasablari Imom al Askariyning o‘g‘li Sayyid Ali Akbarga borib taqalishini aniqladik. Faqat Sayyid Ali Akbarning o‘g‘lini ismi Xoja Bahouddinning shajarasida Sayyid Mahmud deyilgan bo‘lsa, Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida Sayyid Muhammad deb yozilgan. Ammo bu har xillikni darhol “xato” deb bo‘lmaydi, chunki bu ismlarni arab yozuvida bir-biriga o‘xshash yaqin yozilishini va bu ismlar ularning kunyasi bo‘lganligini ham hisobga olish kerak.
Bundan tashqari boshqa qo’lyozma shajaralarda Sayyid Ali Akbarning o’glini to’liq ismi Sayyid Muhammad Mahmud Makkiy deb ham keltirilganini inobatga olishimiz kerak. Xoja Bahouddin Naqshbandning va Qozi Sayyid Bahodirxonning 17-chi ajdodining ismi Sayyid Qosim bo‘lgan. Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida “Sayyid Qosimning ikki o‘g‘li bo‘lgan, ular Sayyid Zaynulobiddin va Sayyid Imomiddin” deb yozilgan. Bunda Xoja Bahouddin Naqshbandning shajarasi Sayyid Qosimning birinchi o‘g‘li — Sayyid Zaynulobiddinga borib taqaladi, Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasi esa Sayyid Qosimning ikkinchi o‘g‘li — Sayyid Imomiddinga borib taqaladi. Bu o‘xshashlikni bu ikki zotning quyidagi sxema-jadval ko‘rinishidagi shajaralarida ko‘rishimiz mumkin:
Hazrati Xoja Sayyid Bahouddin Shohi Naqshbandning ota tomondan shajarasi
- Hazrati Muhammad (s.a.v.)
- Bibi Fotima Zahro va Hazrati Ali (r.a.)
- Imom Husayn (r.a.)
- Imom Zaynulobidin (r.a.)
- Imom Muhammad Boqir (r.a.)
- Imom Ja’fari Sodiq (r.a.)
- Imom Muso Kozim (r.a.)
- Imom Ali Muso ar Rizo (r.a.)
- Imom Muhammad At-Taqiy (r.a.)
- Imom Ali Naqiy (r.a.)
- Imom Hasan al-Askariy (r.a.) (boshqa ansob (nasab) manbalarida aslida — Sayyid imom Muhammad Kabir al-Askariy)
- Sayyid Ali Akbar (Sulton Sodot (Saodat), Sayyidlar sultoni va amiri nomi bilan mashxur)
- Sayyid Mahmud Muhammad
- Sayyid Taqiy So‘fi Muhammad Xilvatiy
- Sayyid Buloqiy (boshqa manbada Sayyid Ahmad Nasriddin laqabi Xilvatiy)
- Sayyid Sha’bon
- Sayyid Qosim Mahdiy
- Sayyid Zaynulobidin
- Sayyid Mir Abdulloh
- Sayyid Mir Burhoniddin
- Sayyid Jaloliddin Buxoriy
- Sayyid Muhammad Buxoriy
- Xoja Bahouddin Naqshband Buxoriy
Ishtixonning so‘nggi qozisi Qozi Sayyid Bahodirxonning ota tomondan shajarasi - Hazrati Muhammad (s.a.v.)
- Bibi Fotima Zahro va Hazrati Ali (r.a.)
- Imom Husayn (r.a.)
- Imom Zaynulobidin (r.a.)
- Imom Muhammad Boqir (r.a.)
- Imom Ja’fari Sodiq (r.a.)
- Imom Muso Kozim (r.a.)
- Imom Ali Muso ar Rizo (r.a.)
- Imom Muhammad At-Taqiy (r.a.)
- Imom Ali Naqiy Al-Hodiy (r.a.)
- Sayyid imom Muhammad Kabir al-Askariy laqablari - al-Amir, al-Baaj, Saba’ dujayil, al-Javhariy, al-Akbar, al-Burhon (r.a.) (boshqa manbalarda — Sayyid Imom Hasan al-Askariy deb kelgan)
- Sayyid Ali (laqablari –al-Amir, Nuriddin, al-Akbar, Sulton Sodot (Saodat), Sayyidlar sultoni va amiri nomi bilan mashxur)
- Sayyid Muhammad (boshqa bir manbada bu zotni alloma Hakim at-Termiziy bo’lgan degan xulosaga kelingan)
- Sayyid Naqib Muhammad Husayn Xilvatiy (Naqib deb atalishi — uni o’z davrining Naqibi bo’lganligini bildiradi)
- Sayyid Ahmad Buloqiy (boshqa manbada Sayyid Ahmad Nasriddin laqabi Xilvatiy)
- Sayyid Muhammad Sha’bon laqabi at-Taqiy
- Sayyid Qosim al-Mahdi
- Sayyid Imomiddin Abdulloh (qo’lyozma manbalarda akasini ismi — Sayyid Zaynulobidin deb qayd etilgan)
- Sayyid Burhoniddin Sulaymon al-Qodiriy al-Buxoriy (Qodiriya tariqati piri murshidi. Ukasini ismi — Sayyid Shamsiddin Umar al-Buxoriy)
- Sayyid Amir Hasan laqabi Abubakr ar-Rizo
- Sayyid Ahmad Solih laqabi Hazrati Sayyid Ota alayhirrahma (Zangi Otaning to’rtinchi xalifasi)
- Sayyid Aminxo‘ja Muhammad Mohruy (maqbarasi Xivada)
- Sayyid Nasim Xo‘ja
- Sayyid Hakim Xo‘ja
- Sayyid Alouddin Xo‘ja
- Sayyid Ahmad Xo‘ja Sayyidatoyi
- Sayyid Nosir Xo‘ja Sayyidatoyi (bu zot haqida “Shayboniynoma” asarida ma’lumot mavjud)
- Sayyid Munavvar Xo‘ja
- Sayyid Najmiddin Xo‘ja
- Sayyid Qodirberdi Xo‘ja
- Sayyid Muhammad Amin Xo‘ja laqabi Zohid
- Sayyid Xo‘jajon Xo‘ja
- Sayyid Avliyoxon Xo‘ja
- Sayyid Abdulmannon Xo‘ja
- Sayyid Qaroxo‘ja Buxoriy (asli Buxoroi sharifdan bo’lgan)
- Sayyid Ahmad Xo‘ja Sayyidatoyi
- Sayyid Saidulloh Xo‘ja
- Sayyid Rahmatulloh Xo‘ja
- Sayyid Ibrohim Xo‘ja
- Qozi Sayyid Bahodirxon
Kubraviya tariqati mashhur murshidi Shayx Maxdumi Xorazmiyning maqomati bo’lmish qadimiy «Jodatul Oshiqin» (16-asr, muallifi Sharofuddin Husayn Xorazmiy) qo’lyozma kitobida ham mazkur Sayyid Ahmad lqabi Sayyid Ota alayhirrahmaning nasabi Sayyid Muhammad ibn Sayyid Muhammad Ibn Sayyid Ali Akbar ibn Sayyid imom Askariy ibn Imom Ali Naqiy ibn Imom Muhammad Al-Taqiy…ga borib tutashishi bayon etilgan. Ya’ni Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida keltirilgan ajdodi Sayyid Ahmad Solih — Sayyid Ota (Ato) alayhirrahmaning nasabnomasi va qadimiy «Jodatul Oshiqin» qo’lyozma asarikitobida keltirilgan avliyo Sayyid Ota laqabli Sayyid Ahmadning nasabnomasi bir-biri bilan muvofiqligini ko’rsatdi. Kezi kelganda shuni aytish joizkim, tarixda sayyidlar avlodidan etishib chiqqan Sayyid Ota ismli avliyo zotlar ko’p bolgan, o’z davrida mashhur bo’lgan bunday ismli shaxslarning nomlari ko’plab qo’lyozma shajalarda uchraydi va ularning avlodlari o’zlarini Sayyid Ota avlodlari, sayyidatoyi sayyidlar deb atab kelishadi.
Sayyid Ali (laqablari al-Akbar, al-Amir, Nuriddin, Sulton Sodot deb ham keladi) esa, Hasan al-Askariyning (o’n birinchi imom) ikkinchi o’g’illari bo’lgan, degan ma’lumotlar va rivoyatlar ba’zi tarix kitoblarda va manbalarda qayd qilingan. Yana boshqa ansob kitoblarida esa Imom Hasan al-Askariyning Sayyid imom Muhammad Kabir al-Ba’aj al-Askariy ismli akasi bo’lganligi va uning ham Sayyid Ali (labarlari – al-Amir, al-Akbar) ismli o’gli bo’lib, uning avlodlari diyorimizda ham tarqalganligi va ansob kitoblarida ular «Sadati Buxoriy» deb atalishi haqida, Buxoro va Samarqand hududida hamda Eron, Iroq va Arab davlatlarida Sayyid Ali ibn Sayyid imom Muhammad Kabir al-Askariy al-Ba’aj ibn Imom Ali al-Hodiy al-Naqiyning avlodlari mavjudligi to’g’risida va ular «Sadati Buxoriy Al-Ba’aj Al-Askariy» deb atalishlari haqidagi ma’lumotlar ham manbalarda uchraydi. Ushbu sulola avlodlari arab diyorlarida «Naqviy Razaviy sayyidlar» va «Sadati Razaviy Husayniy» deb nomlanib kelinadilar. Dunyodagi ko’plab mashhur avliyolarning nasablari aynan Imom Ali Naqiyning Sayyid Ali Akbar (laqablari – al-Amir, Nuriddin, Sulton Sodot) nomli nabirasiga borib ulanishi to’g’risidagi ma’lumotlar tarixiy manbalarda va ayniqsa qadim qo’lyozma nasab shajaralarda ko’plab zikr etilgan. Shu bilan birgalikda ular Sayyid Ali (laqabi - al Akbar) ibn Sayyid Muhammad Kabir al-Askariyning beshinchi avlodi bo‘lmish Sayyid Qosim al-Mahdiyning farzandlari, aka-uka Sayyid Zaynulobiddin va Sayyid Imomiddin Abdullohning avlodlari bo‘lib, bir-birlariga yaqin qon-qarindosh hisoblanadilar hamda ularning avlodlari diyorimizda yashab kelishmoqda.

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro jamiyatining ilmiy kengashi ko’rigi asosida tayyorlandi.










