XOJA IS'HOQ VALIY ibn HAZRATI SAYYID AHMAD MAXDUMI A’ZAM KOSONIY DAHBЕDIY (q.s.)

Husayniy sayyidlar sulolasiga mansub bo‘lgan dahbediy xojalar silsilasining eng mashhur namoyandalaridan biri Xoja Is'hoq Valiy bo‘lib, ul zot Hazrati Sayyid Ahmad Maxdumi A’zam Kosoniy Dahbediy (q.s.)ning to‘rtinchi (ba’zi manbalarda yettinchi) o‘g‘illari bo‘lgan. Ko‘p manbalarda Xoja Is'hoq Valiyni “kenja o‘g‘il” deb yozilishiga sabab, Maxdumi A’zamning eng mashhur farzandlari Xoja Muhammad Amin Xojai Kalon va Xoja Is'hoq Valiy bo‘lganligi uchun ushbu ikki o‘g‘il orasida yoshdagi farq tufayli “birlari katta”, ikkinchilari esa “kenja o‘g‘il” deb atalib kelingan (vaholanki, Xoja Is'hoq Valiyning ko‘p ukalari bo‘lgan). Yana shuni aytish joizki, dahbediy xojalarning son jihatidan ko‘pchilik qismini Xoja Is'hoqiy avlodlari tashkil etadi. Hazrati Maxdumi A’zam yosh Xoja Is'hoq Valiyni o‘zlarining mashhur xalifalaridan biri Mavlono Lutfilloh Chustiyning qo‘l ostiga, tasavvuf tariqatlaridan tarbiya topish uchun topshiradi. Xoja Is'hoq Valiy tariqat kamoliga yetib, murshidi va qaynotasi Mavlono Lutfillo Chustiydan xatti irshod oladi hamda pirlik darajasiga yetadi. Ul zot Sharqiy Turkiston (Xitoy) hududida joylashgan mug‘ul davlati hukmdori Abdul Karimxon (967-1000/1559-1591 yillar hukm surgan) tomonidan u yurtlarga taklif etiladi. Xoja Is'hoqning onasi Bibichai Qashqariy qoraxoniylar sulolasidan bo‘lgani uchun ham, xojais'hoqiy xojalar Sharqiy Turkiston taxtiga (xojakaloniylardan bo‘lgan Ofoqxoja avlodlari bilan bir qatorda) voris hisoblanishgan.
Ul zotning sahih nasab shajarasi quyidagicha:
Hazrati Sayyid Xoja Is'hoq Valiy ibn Hazrati Sayyid Ahmad Maxdumi A’zam Kosoniy Dahbediy ibn Sayyid Jaloliddin ibn Sayyid Jamoliddin ibn Sayyid Burhoniddin Xojam ibn Sayyid Amir Devona Majnun ibn Sulton Sayyid Burhoniddin Qilich ibn Sayyid Kamoliddin Madaniy ibn Sayyid Shoh Husayn ibn Sayyid Shoh Hasan ibn Sayyid Muhammad ibn Sayyid Ahmad ibn Sayyid Abdulloh al-Afzal ibn Sayyid Abdulloh al-Akmal A’raj ibn Sayyid Abu Tolib Muhammad Ali Arshad al-Hasan ibn Imom Ali Muso Rizo ibn Imom Muso Kozim ibn Imom Ja’far Sodiq ibn Imom Muhammad Boqir ibn Imom Ali Zaynulobidin ibn Imom Husayn ibn Hazrati Imom Ali ibn Abu Tolib va Bibi Fotimai Zahro binti Sarvari Koinot Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam.
Hazrati Xoja Is'hoq Valiyning Sharqiy Turkistonda 64 ta xalifani tarbiyalab kamolga yetkazgan. Xoja Is'hoq Valiy va xalifalari Sharqiy Turkistonda islom dini va tasavvuf ta’limotini targ‘ib qilganligi bilan mashhurdir. Tarixchi Abu Tohirxoja o‘zining “Samariya” kitobida yozganidek: “Xoja Is'hoq ko‘p yillar (xalqga) yo‘l ko‘rsatish o‘rniga o‘ltirib, xalqni takomillashtirdi. Xoja ko‘p yillar umr ko‘rdi, kamolot va holati haddan tashqaridir. Keng tarjimayi holi o‘zining maqomotiga (ya’ni, o‘zi haqidagi kitobga) yozilgandir. Qashqar muzofotidan el (xalq) ota-bobolaridan beri, Xoja muridligi isirg‘asini quloqlariga taqib olganlar va uning avlodiga o‘zlarini fido etgandirlar”. Naqshbandiya tariqatining Hindistondagi namoyandasi Xoja Muhammad Baqo Sirhandiy (1563/64-1603/04) topshirig‘i bilan 1622 yilda Muhammad Hoshim ibn Muhammad Qosim an-Nu’moniy al-Badaxshiy tarafidan yozilgan “Nasimatul-quds min hadoyiqul-uns” asaridagi so‘zlar yuqoridagi Abu Tohirxojaning so‘zlarini tasdiqlaydi. Unda Xoja Is'hoq Valiy to‘g‘risida yozilgan: “Ul Hazrat Movarounnahrdan Qashqar va Xo‘tan tarafga otlandilar. Uning sa’y-harakatlari bilan xalq Haq yo‘lga tushib oldi. Qashqar hokimi Muhammadxon ham uning sadoqatli muridlaridan biriga aylandi. Xullas, Naqshbandiya tariqati u yerlarda Xoja tufayli tomir otdi. Keyin o‘rniga muridi Devon Ashtarni qoldirib, vataniga qaytib keldi va 1599 yilda vafot topdilar. Otasidan keyin o‘zi yashagan Dahbed yaqinidagi Safed qishlog‘ida dafn etilgan”. Yuqoridagi sanani tarixchi Shoh Mahmud Charos yana ham ta’kidlab, ul zotni 1008 hijriy yilining 10 rabiul-avval oyida, ya’ni 1599 milodiy yilning 30 sentyabrida 94 yoshda vafot etganini yozadi. Doro Shukuh esa ul zotni 1007/1598 yilda vafot etgan deb yozadi. Bizningcha, avvalgi sanalar to‘g‘ridir. Boshqa masala shundaki, Shoh Mahmud Charosning yozishicha Xoja Is'hoq Valiy 1505-07 yillarda tug‘ilib, akasidan ham oldinroq tug‘ilgan bo‘lib chiqayotir. Ammo, Xoja 1517 yilda tug‘ilgan akasi Xojai Kalondan oldin tug‘ilishi mumkin emasku?! Demak, Xojaning vafot sanasini manbalar aniq tasdiqlasalarda, yoshini o‘n besh yildan ziyodroq oshirib yozishmoqda. Vaholanki, otasi vafot etganda Xojaning juda yosh bo‘lganligini manbalarda ta’kidlanadi. Xoja Is'hoq Valiy piri Mavlono Lutfilloh Chustiy va birodari Muhammad Amin Xojai Kalonlarning panasida uzoq qolib ketmadi, balkim otasi kabi dunyoga mashhuru manzur bo‘ldi. Xoja Is'hoq Valiyni Sharqiy Turkiston xonliklarida “Xoja Azizoni Kalon”, Qashqar va Yorkent shaharlarida “Xojai Qashqariy”, yurtimiz Movarounnahrda esa Hazrati Xoja Ahrori Valiydek o‘z zamonasidagilar ul zotni “Xoja Is'hoq Valiy” deb atashgan va bu bejiz emas, albatta. Ul zot ham otasi va katta birodari kabi Naqshbandiya silsilasi suluki rahbarlaridan edi.
Xoja Is'hoq Valiy Sharqiy Turkistonda 3 yil Xotanda turgan (Jolis ul-mushtoqin), ba’zi ma’lumotlarga (Tazkirai xojagon) qaraganda esa 12 yil yashagan. Uning bu yerdagi yaqin xalifasi Shutur Xalifa bo‘lib, yoshlik vaqtidan Xoja oshxonasida 7 yil xizmat qilgan. Takmilga yetgach, Xoja uni Sharqiy Turkistonda xalaful-xulafo va hukmdor Muhammadxonga o‘rinbosar qilib Samarqandga qaytadi. Hazrati Xoja vafot etgach, Dahbed yaqinidagi Safeduk mavze’sida dafn etiladi. Ancha vaqtdan keyin Qoradaryo suvi Xoja Is'hoq Valiyning mozorlariga yaqinlashgach, ul zotning avlodlaridan Abdullohxoja bobosining jasadini u yerdan olib, o‘z qishlog‘i Bog‘i Balandga, Amir Temur chorbog‘i havzi yoniga ko‘mdiradi. Turkiston hududida ul zotning nomi bilan ataladigan bir necha qadamjolar ham mavjud. Kezi kelib ta’kidlash joizkim, “Samariya”ning Toshkent nashrlarida 1991 va 2009 yilda chop etilgan nusxalarida: “Xojaning o‘g‘li Abdullohxoja uning jasadini Bog‘i Balandga keltirib ko‘mdi” deb yozilgani noto‘g‘ri bo‘lib, qo‘limizdagi “Samariya”ning asl muallif dastxati qo‘yilgan to‘liq nusxasida “Xojaga besh vosita bilan yetuvchi sulolai uzomlaridan bo‘lmish Abdullohxoja bobosi jasadini Bog‘i Balandga ko‘chirdi”, deb yozilgani to‘g‘ridir. Chunki, birinchidan, Xoja Is'hoq Valiyning Abdulloh nomli farzandlari bo‘lmagan, ikkinchidan esa, Bog‘i Baland xonaqohidagi Xoja Is'hoq Valiy dahmasi yonida ushbu avloddan bo‘lgan Sulaymonxojaning qabr toshida yozilgan shajarada Abdullohxojaning besh vosita bilan Xoja Is'hoq Valiyga yetishi haqidagi yozuvlar “Samariya”ning bizdagi qo‘lyozma nusxasidagi so‘zlarni va fikrimizni tasdiqlaydi. Keyinchalik Xoja Is'hoq Valiyning Bog‘i Balanddagi qabri ustida daxmali maqbara va xonaqohli masjid barpo etildi.
Xoja Is'hoq Valiy to‘g‘risida ikkita manoqib va maqomot kitob bizgacha yetib kelgan: 1012 yil hijriy (1603-04 milodiy)da Movarounnahrda Muhammad Avaz tomonidan yozilgan “Ziyoul-qulub”, 1008/1599 yilda, ya’ni Xoja vafotidan ko‘p o‘tmay Yorkentda hukmdorlardan Muhammadxon yordamida Shoh Muhammad Payraviy tomonidan yozib tugatilgan “Jolis ul-mushtoqin” kitoblaridir. Xoja Is'hoq Valiyning farzandlari to‘g‘risida manbalar ikki xil fikr bildirib, ba’zilari ul zotdan uch o‘g‘il qolgan deyishsa, boshqa manbalar ul zotning to‘rt o‘g‘li bo‘lganligini ta’kidlaydi. Xoja Is'hoq Valiyning to‘ng‘ich o‘g‘illari Xoja Qutbiddin bo‘lib, u otasi mozori yonida yashagan, Xoja Qutbiddinning o‘g‘li Muhammad Sayyid Xoja bo‘lgan. Xoja Is'hoq Valiyning ikkinchi o‘g‘illari Xoja Shohboz otasi hayotligida 7 yoshida vafot etgan, uchinchi o‘g‘illari Xoja Shodi laqabli Muhammad Yahyoxoja Sharqiy Turkistondagi Yorkent shahrida otasi o‘rnida qolgan. Ba’zi qo‘lyozma shajaralarda Xoja Is'hoq Valiyning to‘rtinchi o‘g‘li deb Xoja Ubaydullohxoja ismi zikr etilgan. Shu bilan birga, Xoja Shodi laqabli Muhammad Yahyoxojaning ham Xoja Ubaydullohxoja nomli o‘g‘li bo‘lganligi va uning esa Xoja Doniyolxoja va Xoja Shuaybxoja nomli farzandlari bo‘lganligi qo‘lyozma manbalarda bayon etilgan.

suratda: Xoja Is'hoq Valiy va ul zotning xalifalari nomi bilan bog'liq qadamjo g'or, Pomir tog'i (Tojikiston)

suratda: Xoja Is'hoq Valiy maqbarasi va masjidi, Bog'i Baland mavzesi, Samarqand.
Uzb.Res."Maxdumi A’zam Dahbediy" ilmiy-tadqiqot fondi raisi, "Butunjahon Naqobatlari" xalqaro birlashmasi naqibi va faxriy doktori, “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro tashkilotining faxriy shajarashunosi, tarixchi va manbashunos olim Sayyid Komilxon Kattayev










