Hazrati Imom Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu, 2-qism

O‘n birinchi hijriy yilning birinchi oyi muharram o‘tib, safar oyining ham oxiri keldi, ushbu oyning dushanba kuni Payg‘ambarimiz alayhissalomning xastaliklari boshlandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bemorliklariga qarashda Hazrati Ali karramallohu vajhahu bosh-qosh bo‘ldilar. U Zotning vafotlari, dafnlari va bunga tegishli barcha ishlarni Hazrati Ali karramallohu vajhahu boshqardilar. Ibn Moja, Ibn Sa’d va at-Tabaroniylar qilgan rivoyatning at-Tabaroniy Ibn Abbos roziyallohu anhudan keltirgan matnida quyidagilar aytiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam og‘irlashib qolganlarida huzurlarida Oisha va Hafsa bor edi. Birdan Ali (r.a.) kirib keldi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam uni ko‘rishlari bilan boshlarini ko‘tardilar va: «Menga yaqinroq kel! Menga yaqinroq kel!» dedilar. U kelib, u Zot (alayhissalom)ni o‘z ko‘ksiga suyadi. So‘ngra vafot etgunlaricha u Zot (alayhissalom)ning oldilarida bo‘ldi. Vafot etganlarida esa u Zot (alayhissalom)ni yuvish, janozalarini o‘tkazishga bosh bo‘ldi”.
Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi Abdulloh ibn Muhammaddan keltirgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam so‘riga qo‘yilganda, Ali: «U Zotga (janozasiga) birov imom bo‘lmaydi. U Zot tirikliklarida ham, mayyitliklarida ham imomingizdir», dedi. Odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kirib, saf-saf bo‘lib turib, janoza o‘qir edilar. Ularning imomi yo‘q edi. Ali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning to‘g‘rilarida turib olib: «Assalomu alayka, ayyuhan nabiyyu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohim! Biz guvohlik beramiz. U Zot o‘zlariga nozil bo‘lgan narsani yetkazdilar. Ummatga nasihat qildilar. Allohning yo‘lida to Alloh dinini aziz qilguncha va kalimasini oliy qilguncha urush qildilar. Ey Allohim! Bizni u Zotga nozil bo‘lgan narsaga ergashadiganlardan qilgin. U Zotdan keyin bizni sabotli qilgin. U Zot bilan bizni jam qilgin», der edi. Odamlar «Amin!» deyishar edi. Shunday qilib, u Zotga er kishilar, so‘ngra ayollar, keyin bolalar janoza o‘qidilar». Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni Ali ibn Abu Tolib, Fazl ibn Abbos va Usoma ibn Zayd (r.a.)lar qabrga qo‘yganlar”.

suratda: Masjidul Nabaviy, Madina shahri 1930 y.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan keyin musulmonlar jamoasi turli fitnalarni oldini olish maqsadida zudlik bilan Abu Bakr Siddiq (r.a.)ni xalifa etib saylaydilar. Bu paytda Hazrati Ali karamallohu vajhahu ahllari bilan Nabiy alayhissalomning janozalariga hozirlik ko‘rayotgan edilar, yangi xalifa saylanganligi xabarini u zotga yetkazishganda, u zot Abu Bakr Siddiq (r.a.)ni oldilariga borib, ba’zi oradagi tushunmovchiliklar o‘laroq yangi saylangan xalifaga bay’at qilganliklari, shuningdek, ayrim xiloflarga sabab bo‘ladigan holatlarga ham qarshilik bildirilganliklari, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan qolgan meros haqidagi xalifa Abu Bakr Siddiq (r.a.) bilan Fotimai Zahro (r.a.) onamiz oralarida bo‘lib o‘tgan tushunmovchilikda taraflarni imkon qadar yarashtirishga harakat qilganliklari va bunga erishganliklari hadisi shariflarda rivoyat qilingan. Hazrati Ali (r.a.) birinchi xalifa davrida ikkinchi vazir bo‘lgan bo‘lsalar, ikkinchi xalifa Umar (r.a.)ning davrida xalifaga maslahatchi hamda Islom jamiyatining bosh qozisi ham bo‘lganlar. Ibn Sa’d Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Umar ibn Xattob (r.a.): «Ali ichimizda eng yaxshi qozidir», dedi». Ibn Sa’d Ibn Abbos roziyallohu anhudan: «Umar ibn Xattob Hazrati Ali yo‘q bo‘lgan paytdagi qiyin masalada Allohning panohini so‘rar edi», deb rivoyat qilgan (Buxoriy va Termiziy rivoyati).
Usmon ibn Affon (r.a.)ning davrida Hazrati Ali karramallohu vajhahuning Islom jamiyatidagi tutgan o‘rinlari yanada ko‘tarilgan. Hazrati Usmon Zunnurayn (r.a.)ning xavorijlar tomonidan fojiali o‘ldirilishidan so‘ng, musulmonlar jamoasi tomonidan to‘rtinchi xalifa etib Hazrati Ali karramallohu vajhahu saylanadi. Bu kun tarixda o‘ttiz beshinchi hijriy sana, Zulhijja oyining yigirma beshinchisi, juma kunida sodir bo‘ldi, deb rivoyat qilingan.
Islom olamining rahbari bo‘lishiga qaramay Hazrati Ali karamallohu vajhahu kamtarlik, hokisorlik, qanoatlik, oddiy kiyinish va zuhdu taqvoni unutmaganlar. Abu Nu’aym (r.a.) Amr ibn Qaysdan rivoyat qiladi: «Aliga: «Ey mo‘minlarning amiri, nima uchun ko‘ylagingizni yamab yurasiz?» deyildi. «Qalbning xushu’si uchun va mo‘minning iqtido qilishi uchun», dedi". Abu Nu’aym (r.a.) Zayd ibn Vahddan rivoyat qiladi: «Alining huzuriga Basra ahlining hay’ati keldi. Ularning ichida xavorij ahlidan Ja’d ibn Na’ja degan ham bor edi. U Alini kiyimida aybladi. Shunda Ali: «Kiyimimga nima bo‘libdi? Kibrdan uzoqroq, musulmonning iqtido qilishiga loyiqroq», dedi". (Termiziy rivoyati). A’mash roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ali roziyallohu anhu tushlikka ham, kechqurunga ham Madinadan keltirgan narsasini yer edi» (Buxoriy rivoyati).
Amir al-mo‘minin Ali karramallohu vajhahu adolatli, saxiy, taqvodor va donishmand inson bo‘lsalarda, u zotning xalifalik davrlarida islom dushmanlari tomonidan ko‘p fitnalar uyushtiriladi, jumladan, Usmon ibn Affon (r.a.)ning fitnachilar tomonidan o‘ldirilishida qasos olmoqchi bo‘lgan qarindoshi Shom amiri Muoviya ibn Abu Sufyon Ummaviy bilan kechgan Siffin jangini, so‘ng Usmon (r.a.) qotillarining jazolanmay qolganidan norozi bo‘lganlar bilan kechgan Jamal (Tuya) jangini va fitnachilar bilan bo‘lgan janglarni aytish mumkin.
"Amir al-mo‘minin Ali karramallohu vajhahu o‘z voliylariga Shomga borish uchun tayyorgarlik ko‘rish haqida amr yuboradilar. U zot o‘z huzurlaridagi kishilarni ham tartibga soladilar, jumladan, bayroqni o‘g‘illari Muhammad Hanafiya (r.a.)ga berdilar. O‘ng qanotga Abdulloh ibn Abbos (r.a.)ni, chap qanotga Amr ibn Abu Salama (r.a.)larni qo‘mondon qildilar. Hazrati Usmon (r.a.)ga qarshi chiqqanlarni olmadilar. Qusam ibn Abbos (Shohizinda) roziyallohu anhuni Madinada o‘z o‘rinlariga qoldirdilar. Shom amiri Muoviya ibn Abu Sufyon Ummaviy qo‘shini bilan bo‘lgan jangda dushman qo‘shini zaiflasha boshlaydi. Bunday vaziyatni ko‘rgan Shom amiri Siffin jangi asnosida askarlariga nayza va qilichlari uchiga Qur’on sahifalarini ko‘tarib olishni buyuradi. Hazrati Ali karramallohu vajhahu bu hukm chiqarishda bir siyosiy yo‘l qo‘llanganini sezib, jangni to‘xtatadilar. Bu ish oxir-oqibatda Hazrati Ali tarafidan Abu Muso Ash’ariy (r.a.) va Shom amiri Muoviya ibn Abu Sufyon Ummaviy tarafidan esa sahoba Amr ibn Os hazratlarini hakam bo‘lib muzokara o‘tkazishga kelishib olish bilan yakun topgandek bo‘ladi. Ikki tarafning hakamlari siyosiy muzokara o‘tkazish uchun uchrashishadi, natijada har ikkalalari ham o‘z sohiblarini xalifalikdan bo‘shatishni va bu ishni musulmonlar jamoasiga qo‘yib berishni, musulmonlar jamoasi umumyig‘ilishda kimni xohlasalar, shu insonni xalifa qilib yana qayta saylashlariga ixtiyor berishni taklif qiladilar. Bu taklif sahoba Abu Muso Ash’ariy (r.a.)ga ma’qul kelib, minbarga chiqib jamoatga buni yetkazadilar va musulmon jamoati bunga shohid bo‘ladilar. Ammo Shom amiri vakili jamoat oldiga chiqib Abu Muso Ash’ariy (r.a.) bilan kelishgan holda faqat mo‘minlar amiri Ali karramallohu vajhahuni xalifalikdan bo‘shatishni quvvatlaganini aytadi. Mazkur siyosiy vaziyatni o‘nglash uchun xarakat qilishga endi kech bo‘lgan edi. Mag‘lubiyatli muzokaradan keyin Hazrati Ali karramallohu vajhahuning qo‘shini o‘rtasida ixtilof chiqa boshlaydi. Qo‘shindan bir guruhi ajrab chiqib o‘zlarini “xavorijlar” deb e’lon qiladilar. Ushbu toifaning fitnalari tufayli xalifalikdagi siyosiy ahvol umuman boshqa tomonga o‘zgarib ketgandi", deb yozadi tarixchi ash-Sha’naviy o‘zining “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning izdoshlari” nomli asarida.
"Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning tasarrufotini ko‘pchilik tushunolmay xunob bo‘lar edilar. Hatto ba’zilar bu kishi soddalik qilib, ba’zi narsalarni to‘g‘ri tushuna olmayapti, degan fikrga ham borar edilar. Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning o‘zlari esa, bosgan biror qadamlariga ham nadomat qilmas edilar. U zot qilayotgan ishlari haq ekaniga iymonlari komil edi va aslida shunday ham edi. Bu fikrning dalili sifatida Hazrati Ali karramallohu vajhahu bilan katta o‘g‘illari Imom Hasan Mujtabo roziyallohu anhu oralarida bo‘lib o‘tgan bir suhbatni keltirish mumkin: Imom Hasan roziyallohu anhu otalari uchun juda ko‘p kuyinardilar, ul zotga biror yaxshilik qilish yo‘lida butun vujudlari bilan yonar edilar. Aziz otalarini har tarafdan o‘rab olgan xavf-xatarlarni va qiyinchiliklarni mulohaza qilgan holda o‘zlarining ba’zi mulohazalarini aytdilar:
«Otajon! Men sizga Usmon qamal qilingan kuni, Madinadan chiqib keting, agar u qatl qilinsa ham siz yo‘g‘ingizda qatl qilinsin, demabmidim!?
Otajon! Men sizga Usmon qatl qilingan kuni odamlar huzuringizga kelib-ketib bu (xalifalik) ishni qabul qilishni so‘rashganda, hamma taraflardan bay’at kelmaguncha qabul qilmang, demabmidim!?
Otajon! Sizga Zubayr bilan Tolhaning mo‘minlarning onasi Oishani olib, Basraga yurganlari xabari yetganda, Madinaga qaytib, uyingizda o‘tiring, demabmidim!?
Bularning birortasida ham mening gapimni qabul qilmadingiz», dedi.
Imom Hasan roziyallohu anhuning ushbu mulohazalarini mazkur hodisalardan xabardor bo‘lgan har bir kishi ham berishi mumkin. Haqiqatda, agar Imom Hasan aytganlaridek bo‘lganda, hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning o‘zlariga yaxshi bo‘lmas edimi?
Oddiy o‘lchov bilan o‘lchanganda, agar Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu o‘g‘illari Imom Hasan roziyallohu anhuning maslahatlarini olganlarida o‘zlari uchun yaxshi bo‘lar edi. Ammo Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning o‘lchovlari boshqa edi. U kishining o‘g‘illariga bergan javoblarini eshitib ko‘ring:
«Usmon qamal qilingan kuni chiqib ketishim mumkin emas edi. Odamlar Usmonni o‘rab olganlaridek meni ham o‘rab olgan edilar.
Hamma tarafdagilarning bay’atini kutmaganim bo‘lsa, bay’at ikki haramaynda hozir bo‘lgan muhojir va ansorlar bilan sobit bo‘ladi. Ular rozi bo‘lib, bay’at qilsalar, barcha musulmonlarga rozi bo‘lish va bay’at qilish vojib bo‘ladi.
Ortga qaytib, uyimda o‘tirishim esa, ummatni aldash va unga xiyonat qilish bo‘lar edi»" (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (r), "Hadis va hayot", 22-juz, 304-305 b).
Bundan Hazrati Ali karramallohu vajhahuning butun umrbo‘yi o‘zlari uchun, obro‘ uchun, shuhrat uchun yashamaganlari, balki haq uchun, adolat uchun va Islom ummati uchun yashaganlari kelib chiqadi. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu doimo haq yo‘lni axtarar va Alloh taoloning roziligini topadigan ishni qilishga o‘tar edilar. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda, Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu qayoqqa burilsalar, haq ham o‘sha yoqqa burilishini Muhammad sollallohu alayhi va sallam duo qilib so‘raganliklari keltirilgan. Ammo ba’zi toifalar Hazrati Ali karamallohu vajhahuni aynan haq uchun kurashganliklarini ko‘p ko‘rdilar, hatto u zotni kofirlikda ham aybladilar.
Hazrati Ali karramallohu vajhahu fitnachi xavorijlar bilan turli yo‘llarni ishga solib, gaplashib ko‘rdilar, nasihat qildilar, ammo foydasi bo‘lmadi. Nihoyat, ularni yo‘lga solishdan umidlarini uzganlaridan so‘ng: «Agar bizga qarshi xuruj qilmasangiz, sizlarni masjidlarimizdan man qilmaymiz. Modomiki, qo‘llaringiz biz bilan ekan, sizlarni o‘ljadan mahrum qilmaymiz. Bizga qarshi urush qilmaguningizcha, biz sizga qarshi urush qilmaymiz», dedilar. Bu Hazrati Ali karramallohu vajhahuning nihoyatda bag‘rikeng inson ekanlariga yana bir dalildir. U zot o‘zlarini kofir deb ayblab turgan qavmga ana shunday iltifotlarni ko‘rsatayotgan edilar.
Hazrati Ali karramallohu vajhahu o‘z odamlariga urushni zinhor birinchi bo‘lib boshlamaslikni qattiq tayinlab qo‘ygan edilar. Xavorijlar birinchi bo‘lib urush boshladilar. Urushda ularning deyarli ko‘p qismi qirilib bitdi. Xavorij toifalar bilan bo‘lgan jangda Hazrati Ali karramallohu vajhahuning safdoshlaridan yetti jangchi shahid bo‘ladi.
Hazrati Ali karramallohu vajhahu umrlarini oxirlarida Kufa shahrida amir saroyida emas, balki oddiy odamlar kabi oddiy uyda yashadilar.

suratda: "Katta Kufa masjidi", 1915 yil.
Hijratning qirqinchi yili, 19-ramazon kechasida xavorijlar guruhidan bo‘lgan uch nafar fitnachi Makkada zamonaning uch taniqli shaxslari amir al-mo‘minin Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuni, Shom amiri Muoviya ibn Abu Sufyon Ummaviyni hamda sahoba Amr ibn Os hazratlarini qatl qilish uchun kelishib oladilar. Mana shu uch nafar xavorijlardan biri bo‘lgan Abdurrahmon ibn Muljam Hazrati Ali karramallohu vajhahuni shahid qilish maqsadida Iroqning Kufa shahriga qarab yo‘l oladi. U hijratning qirqinchi yili, sha’bon oyining yigirmanchi sanasida Kufa shahriga kirib keladi. Abdurahmon ibn Muljam o‘zining hamrohi Shabib ibn Bajra Ashjaiy bilan birgalikda Qitom binti Alqama ismli ayoldan qatl dasturini oladi. Abdurahmon ibn Muljam Qitom binti Alqama ismli bir ayolga ko‘ngli bo'lib, unga sovchi qo‘ygan bo‘ladi, u nobakor ayol fitnachilar toifasidan bo‘lib, amir al-mo‘mininni qatl qilsa unga xotin bo‘lib tegishga hamda uni boyliklar bilan siylashga va’da bergan edi. Abdurahmon ibn Muljam o‘n to‘qqizinchi ramazon sahar paytida “Katta Kufa masjidi”ga qarab yo‘l oladi. Abdurahmon ibn Muljam Hazrati Ali karramalohu vajhahuni to mazkur masjid tomon orqalaridan kuzatib kelib, masjid ichiga kirib oladi va Hazrati Ali karramallohu vajhahuning masjid ichiga kirishlarini kutib turadi. Qitom binti Alqama va Abdurahmon ibn Muljam o‘z qabilasidan bo‘lgan Vardon ibn Mujallad va yana bir xavorijni ham shu qabih ishni amalga oshishini nazoratga olish uchun yollagan edilar. Bu Ash’as ibn Kindi Qays ismli shaxs bo'lib, u avval Hazrati Ali karramallohu vajhahu qo‘shini tarkibiga kirib olgan norozilik kayfiyatidagi fitnachi toifalardan biri edi, u Abdurahmon ibn Muljamga bu qabih ishni amalga oshirishda yaqindan yordam beradi.
Hazrati Ali karramallohu vajhahu ramazon oyining o‘n to‘qqizinchi kun kechasida qizlari Ummu Kulsum (r.a.)ning uylariga mehmonga borganliklari, ular bilan vidolashayotgandek pandu nasihatlar qilganliklari, qizlari otalarini bu holatidan qattiq xavotirga tushganliklari, ular tongga qadar Allohga toatu-ibodatlar va rozu-niyoz bilan o‘tkazganliklari haqida hadisi shariflarda rivoyatlar keltirilgan. Abu Dovud va Ibn Asokirlar Qatoda (r.a.)dan rivoyat qiladilar: “O‘sha kechasi Hazrati Ali karramallohu vajhahu tinmay bezovta bo‘laverdilar. U zotning ahli ayollari bundan tashvishga tushdilar va to‘planishib, u zotdan ehtiyot bo‘lishni iltimos qildilar. Shunda Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu ularni tinchlantirib “Albatta, har bir odamga ikki farishta vakil qilingan. Ular uni qadari kelguncha himoya qilib turadilar. Qachon qadari kelsa, qadari bilan uning orasini ochib qo‘yadilar”, dedilar” (Muslim va Termiziy rivoyati).
Hazrati Ali karramallohu vajhahu o‘n to‘qqizinchi ramazon sahar chog‘ida Kufadagi katta masjid hovlisiga kirib kelishlari bilan masjidda tunab qolganlarni namoz uchun uyg‘otdilar. Imom Ali karramallohu vajhahu jamoat namozini ado etish maqsadida masjid mehrobiga borib namozni boshladilar. Namozning birinchi sajdasidan "Allohu akbar" deb muborak boshlarini ko‘tarishlari bilan dastlabki hujumni Shabib ibn Bajra Ashjaiy uyushtirib, muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, ya’ni, uning qilichi mehrobga tegib, ortga qaytadi. Shundan so‘ng, Vardon ibn Mujalladning buyrug‘i bilan Imom Ali karramallohu vajhahu "Allohu akbar" deb ikkinchi sajdaga borishlari bilan Abdurahmon ibn Muljam Hazrati Ali karramallohu vajhahuning muborak boshlariga zaharlangan qilichi bilan uradi, zarbdan boshlaridan jarohat olgan Imom Ali karramallohu vajhahu “Ka’baning Parvardigoriga qasamki, Robbim yo‘lida najot topganlardan bo‘ldim!” – deb yerga qulaydilar. Shu o‘rinda Hazrati Ali karramallohu vajhahuning o‘z qotillari Abdurahmon ibn Muljam bilan bo‘lgan muomalalari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
Imom Ali karramallohu vajhahu zarba olib yiqilgach, butun olomon to‘planib amir al-mo‘minin Imom Ali hazratlari uchun Abdurahmon ibn Muljamdan intiqom olishga ahd qilganlarida, xususan, Hazrati Ali karramallohu vajhahuning to‘ng‘ich o‘g‘illari Imom Hasan Mujtabo roziyallohu anhu “Otajonim, ruxsat bering bu qabihdan intiqom olaylik!” – deb izn so‘raganlarida, Hazrati Ali karramallohu vajhahu “Yo‘q o‘g‘lim, biz dunyoga intiqom olishga kelmadik. Men necha kun, necha soat hayot bo‘lsam, men nimani yeb-ichsam, unga shu narsani yedirib-ichiringlar. Agar dunyodan o‘tadigan bo‘lsam, so‘ngra o‘zlaringiz Allohning izni bilan hukm chiqaringlar!” – deya, marhamat qiladilar.
Hazrati Ali roziyallohu anhu vafotlaridan avval o‘g‘illariga Allohga itoatda bo‘lish, musulmon holida o‘lish, guruhlarga bo‘linmaslik, yetimlar boshini silash, qo‘shnilar bilan yaxshi muomalada bo‘lish, namozga diqqatli bo‘lish, zakotni vaqtida berish kabi bir qancha vazifalarni vasiyat qilib qoldiradilar.
Amir al-mo‘minin Hazrati Ali karramallohu vajhahuga juma kuni bomdodda suiqasd qilingan bo‘lsa, u zot shanba kuni mag‘rib (shom) vaqtida jon taslim qildilar. Hazrati Ali karramallohu vajhahu bu dunyoni tark etganlarida oltmish uch yoshda edilar. U zoti sharif ramazon oyining yigirma birinchi sanasida (milodiy 661 yili) shahid bo‘ldilar. Alloh u zoti sharifning qabrlarini munavvar qilsin.
"Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Muoviya menga Abu Turob (Ali r.a.)ni so‘kishni amr qildi. Men unga: “Modomiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga aytgan uch narsa esimda turar ekan, men uni zinhor so‘kmayman! Ana shulardan bittasi menga bo‘lishini qizil tuyalardan (dunyoning eng yaxshi ne’matlaridan) ustun ko‘raman. “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni ba’zi urushlarda o‘z o‘rinlariga qoldirdilar. Bas, Ali: “Ey Allohning Rasuli, meni ayollar va bolalar bilan birga qoldirasizmi!?” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Sen mening o‘rnimda Horun Musoning o‘rnida bo‘lganidek bo‘lishga rozi bo‘lmaysanmi!? Faqatgina mendan keyin nabiy yo‘q, xolos”, deganlarini eshitdim. Yana men u zot (alayhissalom)ning Haybar kuni: “Albatta, ertaga bayroqni Allohni va Uning Rasulini yaxshi ko‘radigan va Alloh va Uning Rasuli uni yaxshi ko‘radigan kishiga berurman”, deganlarini eshitdim. Hammamiz unga intiq bo‘ldik. Bas, u zot: “Menga Alini chaqiringlar”, dedilar. Bas, uni ko‘zi og‘rib turgan holida keltirishdi. U zot uning ikki ko‘ziga tufladilar va unga bayroqni berdilar. Alloh unga fathni berdi. “Kelinglar, bolalarimizni va bolalaringizni...chaqiramiz”, - deb aytgin” oyati nozil bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alini, Fotimani, Hasanni va Husaynni chaqirdilar va “Allohim, mana shular mening ahlim”, dedilar”, dedim”. (Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar). Ushbu rivoyatda Hazrati Ali karramallohu vajhahuning yuksak fazilatlari haqida zikr qilingan. Hatto ba’zi noo‘rin urinishlar ham kishilarning Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuga bo‘lgan muhabbatlarini qaytara olmadi. Amir al-mo‘minin Ali karramallohu vajhahuning tirikliklarida u kishiga qarshi bir og‘iz yomon so‘z aytishdan ko‘ra, o‘limni afzal ko‘rgan kishilar u zotning vafotlaridan keyin ham u zotga qarshi biror og‘iz so‘z aytishdan ko‘ra, o‘zlari uchun o‘limni afzal ko‘rdilar. Ushbu yuqoridagi rivoyatda, Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuga bo‘lgan muhabbatlari va cheksiz ehtiromlari yaqqol namoyon bo‘lib turibdi. Zotan, har bir mo‘min shunday bo‘lishi kerak, zero mo‘minlar Payg‘ambarimiz alayhissalomning ahli baytini yaxshi ko‘rishlikka, ularga muhabbatli bo‘lishga buyurilganlar. Ammo afsuslar bo‘lsinkim, o‘sha davrning to‘s-to‘polonli zamonlarida ba’zi kishilar turli sabablarga ko‘ra, bu baxtga muyassar bo‘la olmadilar. Ammo vaqt kelib, adolat yuzaga chiqib hamma narsa o‘z o‘rnini topdi, hamma mo‘minu musulmonlar Hazrati Ali karramallohu vajhahudek zotning hurmat ehtiromlarini o‘z joyiga qo‘ydilar va qo‘ymoqdalar, u zoti sharifni sevdilar va sevmoqdalar. Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu o‘zlarining butun umrlari va imkoniyatlarini Islom xizmati uchun sarflagan bo‘lsalar, butun xalifalik faoliyatlarini musulmonlar orasidagi siyosiy fitnalarni hamda yahudiy Abdulloh ibn Sa’ba boshliq xavorijlar paydo qilgan fitnalarni zararsizlantirishga sarf qildilar. Shu yerda “Fitnachi xavorijlar kimlar edilar?” Ular qayerdan va nima uchun chiqdilar?” degan haqli savollar tug‘ilishi tayin. Fitnachi va xavorijlar asosan sahroviy va chetdan kelgan arablar va arab bo‘lmagan g‘arazgo‘y kimsalar bo‘lganlar. Agar Yamandan kelib, fitnaboshiga aylangan Abdulloh ibn Sa’baning yahudiyligini va uning atrofidagilardan ba’zilarining boshqa din va millatlarga mansub ekanliklarini hisobga oladigan bo‘lsak, fitnachilarning asosiy qismi Islomga qarshi dushmanlik o‘ti bilan yongan tashqi kuchlar tomonidan hamda xalifalikdagi siyosiy vaziyatdan foydalanib qolaman degan ayrim amaldorlar tomonidan uyushtirilgan edi. Ularning orasida ulug‘ sahobai kiromlarning olamshumul g‘alabalarini ko‘rib, ularning shuhratiga hasad ko‘zi bilan qaraganlar va yuqori mansablarga intilganlar ham oz emas edi. Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda Hazrati Ali karramallohu vajhahuga ham qo‘shilmagan, balki ul zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina ul zotga bay’at qilishlarini aytgan toifalar ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari Jamal (Tuya) va Siffin hodisalaridan hammamizga ma’lumdir. Musulmonlar jumhuri bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘yganlar. Ya’ni orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda Hazrati Ali karramallohu vajhahu va ul zotning tarafdorlari haqda bo‘lganlari o‘z isbotini topgan. Ular haqlarida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarlidir. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan vorid bo‘lgan ko‘plab hadislardir" ("Hadis va Hayot" 22-juz).
Xulosa o‘rnida ahli sunna va jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish “Sharhi aqiydai Tahoviyya”da keltirilgan “Hashr” surasining 10-oyatini keltiramiz: “Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: “Robbimiz! Bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga qalbimizda g‘ashlik solmagin. Robbimiz! Albatta, Sen Rouf va Rohiymsan” deymiz. Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnada asragin. Bas, biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz”.
Amir al-mo‘minin Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning xalifaliklari besh yil davom etgan. Ibn Sa’dning rivoyat qilishlaricha, Hazrati Ali karramallohu vajhahuning mayyitlarini u zotning o‘g‘illari Imom Hasan Mujtabo roziyallohu anhu va Imom Husayn roziyallohu anhu hamda jiyanlari Abdulloh ibn Ja’far Tayyor roziyallohu anhular yuvganlar. Janozalarini Imom Hasan Mujtabo roziyallohu anhu o‘qiganlar.
Hazrati Imom Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning dafnlaridan so‘ng shariat hukmiga binoan, qotil Abdurahmon ibn Muljamdan qasos olingan. Qasos olishni Hazrati Ali karramallohu vajhahuning to‘ng‘ich o‘g‘illari Imom Hasan Mujtabo roziyallohu anhu ado etganlar.
Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning oilalari janoza marosimlarini va dafnlarini fitnachi xavorijlardan maxfiy tutish uchun yashirin holatda o‘tkazganlar. Manbalarda Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning janozalari va dafnlari haqida aniq ma’lumotlar kam uyraydi. Aksar tarixnavislar keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, u zotning haqiqiy qabrlari Iroq davlatining Najaf shahrida joylashgan, dunyodagi boshqa maqbaralar esa ramziy deyilgan. Alloh bilguvchiroqdir.

suratda: Hazrati Imom Ali ibn Abu Tolib (k.v.)ning maqbaralari, Najaf shahri (Iroq)

suratda: Hazrati Imom Ali (k.v.)ning qabri, Najaf shahri (Iroq)
Alloh, o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz ruhlarini shod va oxiratlarini obod aylasin!
Alloh, bizlarga ulug' ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishligimizni nasib aylasin!
Allohumma solli ’ala Sayyidina Muhammadin va ’ala alihi va as'habihi ajmaiyn!
Foydalanilgan manbalar:
-
“Tafsiri Hilol”, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (r).
-
Buxoriy, “Sahih al-Buxoriy”
-
Termiziy, "Sunani Termiziy"
-
Ahmad Lutfiy Qozonchi, “Hazrat Usmon va Hazrat Ali” kitobi.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (r), “Hadis va hayot” kitobi, 22-juz
-
Ibn Muhammad Amin, “Majma al-Ansob” asari.
-
Muftiy Avliyoxoja Musaviy Razzaviy as-Samarqandiy, “Mulahhas al-Ansob” asari.
-
Shayx Abu Nasr Sahl Buxoriy “Sir Silsilat al-Alaviya” asari.
-
Shayx Husayn ibn Abdulloh Husayniy as-Samarqandiy, “Ansob al-Tolibin”.
-
Qo‘lyozma shajaralarning go‘zal so‘zboshilarida keltirilgan tarixiy ma’lumotlar.
dr. Sayyid Ilhomxon Bahodir Razzaviy Husayniy, “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro tashkilotining tadqiqotchisi, manbashunos, naqib al-ashraf.










