Hazrati Imom Muhammad Boqir ibn Imom Ali Zaynulobidin ibn Imom Husayn (r.a.)

suratda: Xuroson savdogarlari va Hazrati Imom Muhammad Boqir ibn Imom Ali Zaynulobidin (r.a.), tarixchi Qosim Alining 1525 yilda yozilgan “Imomlar tarixi” asarida keltirilgan tasvir.
“Bobom Imom Husayn (r.a.) Karbaloda shahodatga yetganlarida men to‘rt yoshda edim, o‘sha paytdagi barcha voqealar yodimda”. (Imom Muhammad Boqir r.a.), ("Tarix", Yoqubiy, IX-asr, 2-j., 289 b.)
Hazrati Imom Muhammad Boqir ibn Imom Ali Zaynulobidin ibn Imom Husayn (r.a.)
Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin! Payg‘ambarimizga va ul zotning ahli baytiga mukammal va batamom salavotu salomlar bo‘lsin!
Ismlari: Muhammad (r.a).
Mansablari: Imom.
Mashhur unvonlari: Boqirul ulum (ilm sirlarini ochguvchi, yorug‘likka eltuvchi, katta ilm sohibi, cheksiz aql zakovat egasi), al-Hodiy (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi, yo‘lboshchi, rahnamo), ash-Shokir (doim shukur etuvchi), as-Sobir (cheksiz sabr-toqat sohibi), "sayyidut tamom" al-Hasaniy al-Husayniy (ikki tomonlama ham ona ham ota tomondan batamom sayyid).
Kunyalari: Abu Ja’far.
Otalari: Imom Ali Zaynulobidin ibn Imom Husayn ibn Hazrati Ali ibn Abu Tolib ibn Abdumuttalib ibn Hoshim al-Qurayshiy.
Onalari: Fotima binti Imom Hasan ibn Hazrati Ali ibn Abu Tolib ibn Abdumuttalib ibn Hoshim al-Qurayshiy.
Umrlari: 57 yosh
Imomlik faoliyati muddati: 19 yil
Tashqi ko‘rinishlari: Payg‘ambar alayhissalomga o‘xshagan.
Umr yo‘ldoshlari: Ummu Farva binti Qosim ibn Muhammad ibn Hazrati Abu Bakr Siddiq (r.a.), Ummu Hakim binti Usayd ibn Mug‘iyra as-Saqofiy.
Farzandlari: Imom Ja’far Sodiq (r.a.) va Abdulloh (bularning onasi Ummu Farva binti Qosim ibn Muhammad ibn Hazrati Abu Bakr Siddiq r.a.), Ibrohim va Ubaydulloh (bularning onasi Ummu Hakim binti Usayd ibn Mug‘iyra as-Saqofiy), boshqa ayollaridan: Zayd, Ali, Ummu Salama, Zaynab Kubro, Zaynab Sug‘ro.
Avlodlari davom etgan o‘g‘illari: Imom Ja’far Sodiq (r.a.) va Abdulloh.
Saqlangan asari: “Kitob al-Boqir (Tafsiri Qur'an)” (Qur’on tafsiri).
Tug‘ilish tarixi va joyi: 659 milodiy, 57-hijriy yil Rajab oyining 1-kunida Madinai Munavvara shahrida dunyoga kelganlar.
O‘lim tarixi va joyi: 733 milodiy, 114-hijriy yil 7-zulhijjada Madina shahrida betoblikdan vafot etganlar, ba’zi manbalarda zaharlanib vafot etganliklari keltirilgan. Qabrlari Madina shahrining Jannatul Baqi’ qabristonida.

suratda: Dashti Karbalo
Milodiy 675 yili Imom Husayn roziyallohu anhu balog‘at yoshiga yetgan suyukli o‘g‘illari Ali Zaynulobidinni akalari Imom Hasan roziyallohu anhuning qizlari Fotimaga uylantirdilar. Oradan bir yil o‘tib Alloh ularga nurli o‘g‘il farzand berdi, uning ismini ulug‘ bobosiga o‘xshasin deb Muhammad qo‘ydilar. Milodiy 680 yilda xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon vafot etadi, Shom ahli Ummaviylar hukmronligi vorisi bo‘lgan uning o‘g‘li Yazid ibn Muoviyaga bay’at qiladilar. So‘ngra Yazid ibn Muoviya Madina ahlidan o‘ziga bay’at olish uchun elchi yubordi. Hazrati Imom Husayn va sahoba Abdulloh ibn Zubayr (r.a)lar unga bay’at qilishdan bosh tortdilar va Madinai Munavvaradan Makka shahri tomon yo‘l oldilar. Imom Hasan roziyallohu anhuning zaharlanib vafot etgan kundan boshlab, Kufa ahli Imom Husayn roziyallohu anhuga ko‘plab maktublar yozishar, adolat istab o‘zlari tomon chorlashar edilar. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu u zotni Kufa ahli tomon borishlarini tarafdori edilar, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu esa bu yo‘ldan ularni qaytarmoqchi bo‘lganlar. Imom Husayn roziyallohu anhu Makkai Mukarramada ekanliklarida Makka ahli ham, haj va umraga kelgan ziyoratchilar ham u zotning ziyoratlariga kelib turishar edilar. Tabiiyki, Ummaviylar xalifaligida bo‘layotgan ishlardan gap-so‘z ham bo‘lar edi. Ba’zilar u zotni Yazid ibn Muoviyaga qarshi chiqishga undar ham edilar. Kufa ahlidan esa chaqiriq maktublari kelishi to‘xtamas edi. Kufa ahli oqsoqollaridan bo‘lgan Sulaymon ibn Sord al-Huzo’iy boshchiligida yozilgan bir yuz ellik sahifalik maktub Imom Husayn roziyallohu anhuga yetib keladi. Imom Husayn roziyallohu anhu maktubni olgach amakivachchalari Muslim ibn Aqil roziyallohu anhuni Kufaga elchi qilib yuboradilar, Imom Husayn roziyallohu anhuga Kufa ahli bay’at beradilar. Lekin Banu Umayya (Ummaviylar) tarafdorlari Shomga Yazidga maktub jo‘natib, bo‘lgan ishlardan xabar qilib, Kufa amirini o‘rniga boshqa amirni yuborishini so‘raydilar. Yazid ibn Muoviya Kufa amiri No‘mon ibn Bashir Ansoriy roziyallohu anhuni lavozimidan bo‘shatib, o‘rniga Basra amiri Ubaydulloh ibn Ziyodni Kufa va Basraga amir etib tayinlaydi va Muslim ibn Aqil roziyallohu anhuni tutib o‘ldirishni buyuradi. Muslim ibn Aqil roziyallohu anhu o‘z tarafdorlari bilan Ibn Ziyod askarlariga qarshi jang qiladilar, lekin Ibn Ziyodning fitnasi sabab Muslim ibn Aqil roziyallohu anhu va u zotning tarafdorlari qo‘lga olinib qatl etiladilar. Bu paytda Imom Husayn roziyallohu anhu o‘z oilalari, birodarlari va safdoshlari bilan Kufa tomon yo‘lga chiqqan edilar. Ular Sa’labiya degan joyga yetib kelganlarida Muslim ibn Aqil roziyallohu anhuning qatl etilganlik xabari yetib keldi. Bundan xabar topgan va chuqur qayg‘uga botgan Imom Husayn roziyallohu anhu shimol tomon yurib Naynavoga bordilar. O‘sha yerda ularga qarshi Ibn Ziyodning askarlari yetib keldi. O‘sha askarlarning boshlig‘i Umar ibn Sa’d odam yuborib: “Nima uchun kelding?”, deb so‘radi. Imom Husayn roziyallohu anhu “Yurtingizning odamlari maktub yozib, kelishimni so‘rashdi. Agar meni yoqtirmasalar qaytib ketaman”, dedilar. Umar ibn Sa’d Kufa amiri Ibn Ziyodga xat yuboradi, unda “changalimizga tushganda najot topmoqchi, endi iloj bormikan”, degan ma’no bor edi. Ibn Ziyod xatga javoban: “Husaynga shart qo‘y, Yazid ibn Muoviyaga bay’at qilsin. Agar qabul qilsa o‘ylab ko‘ramiz. Undan va odamlaridan suvni to‘sib qo‘y”, degan amrni qildi. Umar ibn Sa’d askarlari suv yo‘lini to‘sib qo‘ydilar. Imom Husayn roziyallohu anhu oilalari va birodarlari bilan bir necha kun suvsizlikda qoldilar. Ayniqsa, ayollar va yosh bolalar chanqoqlikdan juda aziyat chekib, yig‘lay boshlaydilar, ularning orasida to‘rt yoshli Muhammad Boqir roziyallohu anhu ham bor edilar. (“Tarix”, Yoqubiy, 9-asr, 2-j. Bakir Yulduz, “Karbalo fojeasi”, Cho'lpon, Toshkent-93).

suratda: Furot qahramoni Abulfazl Abbos Alamdar ibn Hazrati Ali (r.a.)
Imom Husayn roziyallohu anhuning ukalari Abulfazl Abbos Alamdar ibn Hazrati Ali (r.a.) suv zahiralari tugab qolganligi tufayli Ibn Ziyodning askarlari qurshab olgan Furot daryosiga borib suv olib kelish uchun akalaridan izn so‘raydilar. Abulfazl Abbos Alamdar (r.a.) meshni otlariga joylab daryo tomon yo‘l oladilar, u yerdagi askarlar safini yorib o‘tib, yarador holatda meshga suv to‘ldirib ortga qaytadilar. Yo‘lda Ibn Ziyodning askarlari u zotni poylab turishgandilar, ular kamon o‘qlarini tinmay otardilar, kamon o‘qlaridan biri u zotning bir ko‘zlarini teshib o‘tadi, chavandoz askarlar orqadan hujumni davom ettiradilar va u zotning bir qo‘llarini kesib tashlaydilar, u zot askarlarga qarshi bir qo‘lda mardonavor jang qiladilar, askarlar u zotning ikkinchi qo‘llarini ham kesib oladilar. Kamon o‘qlari u zotga va suv to‘ldirilgan meshga tegib, mesh suvdan bo‘shab qoladi. Abulfazl Abbos Alamdar (r.a.) otdan yiqilib tushadilar. Bu holatni uzoqdan ko‘rgan Imom Husayn roziyallohu anhu yarador holatda qolgan ukalari tomon shoshadilar. Imom Husayn roziyallohu anhuni ko‘rgan Abulfazl Abbos Alamdar hazratlari akalariga so‘nggi salomlarini beradilar. Imom Husayn roziyallohu anhu o‘lim yoqasida turgan ukalarini o‘z bag‘rilariga bosib yig‘lab yuboradilar. Abulfazl Abbos Alamdar (r.a.) akalaridan “burdalangan yarador tanamni opa-singillarim, farzandlarim va birodarlarim ko‘rishmasin, meni shu yerda qoldiring”, deydilar, ularga suv olib borolmaganlaridan uyalib shunday degan edilar. Abulfazl Abbos Alamdar (r.a.) hijriy 61 yil muharram oyining 10-kuni Ashuro kunida Furot daryosi qirg‘og‘i yaqinida shahid bo‘lganlar va Karbaloda dafn etilganlar. U zotni xalq “Furot qahramoni” hamda "Alamdar (Bayroqdor)" deb ataganlar. Abulfazl Abbos Alamdar ibn Hazrati Ali (r.a.)ning Sayyid Fazl va Sayyid Ubaydulloh ismli o‘g‘illari bo‘lgan. U zotning nasli Sayyid Ubaydulloh ismli o‘g‘illaridan davom etgan.

suratda: Abulfazl Abbos Alamdar va Imom Husayn (r.a.)

suratda: Abulfazl Abbos Alamdar ibn Imom Ali (r.a.) maqbarasi, Karbalo, Iroq.
Umar ibn Sa’d askarlari Kufa amiri Ibn Ziyodning amriga binoan, Imom Husayn roziyallohu anhuga Yazid ibn Muoviyaga bay’at qilish shartini qo‘ydilar. Imom Husayn roziyallohu anhu: “Menga imkon beringlar, kelgan joyimga qaytib ketaman”, dedilar. Ular: “Ibn Ziyodning hukmiga tush”, dedilar. U zot bu adolatsizlikni qabul qilmadilar. Urushdan boshqa iloj qolmadi. Imom Husayn roziyallohu anhu va birodarlari Karbalo degan joyda Ibn Ziyod askarlariga qarshi jang olib bordilar. Jang maydonidagi voqealarni ahli bayt xonadonidan bo‘lgan xotin-qizlar va bolalar uzoqdan kuzatib turishardi, ular orasida to‘rt yoshli Muhammad Boqir roziyallohu anhu ham bor edilar (“Tarix”, Yoqubiy, IX-asr, 2-j). Ko‘p o‘tmay Imom Husayn roziyallohu anhu va u zotning bemor holatda yotgan Ali Zaynulobidin ismli o‘g‘illaridan boshqa o‘g‘illari va barcha erkak yaqinlari qatl qilindilar. Karbaloda sodir bo‘lgan fojealar haqida tarixchilar ko'plab asarlar yozganlar va o'sha davrdagi mudhish voqealar haqida batafsil ma’lumotlar keltirganlar.
Karbaloda asirga tushgan Nabiy alayhissalomning avlodlari Shomga Yazidning saroyiga yuborilganlar, u yerda bo‘lib o‘tgan voqealar haqida avvalgi maqolalarimizda ma’lumotlar keltirib o‘tgan edik. Karbaloda omon qolgan Nabiy alayhissalomning avlodlari keyinchalik Shomdan Madina shahriga yuborilganlar. Karbalodagi mudhish voqealarni boshidan o‘tkazgan to‘rt yoshli Muhammad Boqir hayotlarini otalari Imom Ali Zaynulobidin (r.a.) bilan birgalikda Madinai Munavvarada, otalarining keksayib qolgan amakilari Muhammad Hanafiya ibn Hazrati Ali (r.a.)ning rahnamoligi va ta’lim tarbiyasida o‘tkazganlar.
Hazrati Muhammad Boqir (r.a.) bolalik chog‘larini ko‘proq Payg‘ambarimiz alayhissalomning masjidlarida o‘tkazdilar. U yerdagi hayot bo‘lgan sahobalar va tobe’inlardan Qur’oni Karim oyatlarining mazmun mohiyatini o‘rgandilar, bobokalonlari Hazrati Muhammad alayhissalomning hadislarini o‘rganib yod oldilar. U zotning jajji qalblari Alloh taoloning muhabbati bilan, taqvo va Undan qo‘rqish bilan to‘lib o‘sdi. U zot qiblagohlari kabi Payg‘ambarimiz alayhissalomning ahli baytlari ichida keng bilim va ma’rifat sohibi, buyuk fazilatli va xulqi odobli, doim shukrona aytuvchi, qanoatli, sabr-toqatli va taqvodor yigit bo‘lib yetishdilar. Manbalarda keltirilishicha, Imom Ali Zaynulobidin (r.a.) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning masjidlarini madrasaga aylantirib, u yerda fiqh, tafsir, kalom, hadis, irfon va axloqning turli mavzulari atrofida ilmiy bahslar va ta’limotlarni tashkil etgan ekanlar. Hazrati Muhammad Boqir (r.a.) ana shunday ilmiy muhitda katta bo‘lganlar. Padari buzrukvorlari bilan birga ilmiy majlislarda qatnashib, o‘z chiroyli xulqi odoblari, ta’limotlari bilan hamda ta’sirchan xutba o‘qishlari orqali fikriy, ma’naviy va madaniy faoliyat olib borganlar. Mana shu tarzda musulmonlar qalbida Payg‘ambar alayhissalomning ahli baytiga bo‘lgan muhabbat yanada kuchayib borgan, Imom Muhammad Boqir (r.a.)ning shogirdlari va birodarlarining saflari kengayib borgan. Cheksiz aql-zakovat va bilimlari uchun zamondoshlari u zotga «Boqirul ulum» – «Ilm sirlarini ochguvchi» unvonini berishgan. Ba'zi rivoyatlarda, bu unvonni u zotga tug‘ilmaslaridan avval Payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari bashorat qilib bergan ekanlar, tarixnavislar sahoba Jobir ibn Abdulloh (r.a.)dan rivoyat qilingan bu haqidagi hadisni dalil qilishgan.
Imom Ali Zaynulobidin (r.a) o‘g‘illariga ko‘p nasihatlar qilar ekanlar. Bu haqda Imom Muhammad Boqir (r.a) bunday hikoya qilganlar: “Otam Imom Ali Zaynulobidin (r.a.) menga ko‘p nasihat qilar edilar. Bir kuni hayotim uchun muhim ko‘rsatma berib bunday dedilar: “Besh turdagi odam bilan do‘st bo‘lma: Birinchisi – fosiq. Chunki u seni bir luqma taom yoki undan ham kamiga sotadi. Men, Ikkinchisi kim? – deb so‘radim. Ikkinchisi – ziqna. Biror narsaga qattiq muhtoj bo‘lganingda, mol-dunyosini qo‘lida olib qolish uchun sen bilan aloqasini uzadi. Uchinchisi – yolg‘on gapiradigan odam bilan do‘stlashma. Chunki u sarobga o‘xshaydi, yaqindagi narsani uzoqlashtiradi. To‘rtinchisi – nodon odamdir. U senga foyda keltiraman, deb zarar beradi. Beshinchisi – silai rahmni tark etgan kishi. Yaqin qarindoshlari bilan aloqasini uzgan odam senga do‘st bo‘lolmaydi”.
Hazrati Imom Muhammad Boqir (r.a) juda ko‘p shogirdlarni tarbiyalab yetishtirganlar. Tarixchi Shayx Tusiy "Tarixi Tusiy" asarida Imom Muhammad Boqir (r.a.) shogirdlarining sonini to‘rt yuz oltmish besh nafar deb keltirgan. Imom Ali Zaynulobiddin (r.a.) vafotlaridan so‘ng u zot islom olamida turli fitna-fasodlar vujudga kelayotgan, dinda turli firqalar tashkil topayotgan og‘ir bir ijtimoiy va siyosiy sharoitda imomlik vazifasini ado etganlar. Hazrati Imom Muhammad Boqir (r.a.) Ummaviy xalifalardan besh nafari bilan zamondosh bo‘lib, ular davridagi taxt uchun olib borilgan kurashlarni hamda Abdulloh ibn Zubayr tarafdorlari va turli firqalar o‘rtasidagi kurashlarni guvohi bo‘lganlar.
Oksford universiteti olimi A.R.Lolo o‘zining “Ilk mazhablar tafakkuri” nomli kitobida, “Zayd ibn Ali Zaynulobidin akasi Imom Muhammad Boqirni zolimlarga qarshi kurashishi kerakligini aytib, uni qo‘zg‘olonga bosh bo‘lishga chaqiradi, Imom Muhammad Boqir bunga javoban “Men va otam Imom Ali Zaynulobidin xalifalikka da’vogarlik qilib hech qachon urush olib bormaganmiz”, deb javob bergan. Imom Muhammad Boqirning ukasi Zayd ibn Ali Zaynulobidin Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattob (r.a)larning xalifaligini, ta’limoti va fiqhini tan olgan, Ummaviylarga esa qarshi chiqqan. Buning natijasida uning tarafdorlari ko‘payib Zaydiylar mazhabi vujudga kelgan", deb yozgan.
Tarixchi E.Koxlberg o‘zining “Zaynulobidin” nomli asarida, “Imom Muhammad Boqir karomat sohibi bo‘lgan, u bemorlarni duolari bilan davolagan, ukasi Zaydning qo‘zg‘oloni va uning o‘limini, Ummaviylar mag‘lubiyati va Abbosiylar xalifasi al-Mansurni taxtga o‘tirishi kabi bo‘lajak voqealarni bashorat qilgan. Imom Muhammad Boqirning ogohlantirishlariga qaramay, uning ukasi Zayd Kufada Ummaviylar xalifaligiga qarshi bosh ko‘taradi va Hishom ibn Abdulmalik qo‘shini tomonidan mag‘lubiyatga uchrab, hijriy 122 yil, milodiy 740 yilda qatl etilgan", deb keltirgan.
Tarixchi Mo‘min Mujonning “Islom tarixi” nomli asarida, “Imom Muhammad Boqir ukasi Zayddan farqli o‘laroq, tinchlikparvarlik siyosatini tanlagan, u tinchlik tarafdori bo‘lgan, imomlik vazifasi orqali islomning asl mohiyatini o‘z ta’limoti orqali ummatga yetkazishga harakat qilgan, bu orqali turli firqalarga qarshi kurash olib borgan, o‘zining ta’limotini davom ettiradigan yetuk shogirdlarni ham yetishtirgan”, deb aytgan.

Jumladan, Hazrati Imom Muhammad Boqir (r.a.)ning yetuk shogirdlaridan biri Hanafiy mazhabining asoschisi Imomi A’zam Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit ibn Zutiy rohmatullohi alayh edilar. Tarixnavislar Abu Hanifa rohmatullohi alayh va Imom Muhammad Boqir hazratlari o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan quyidagi suhbatni bayon qilganlar: “Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh haj ziyoratiga chiqdilar. Madina shahriga yetganlarida Imom Muhammad Boqir hazratlari bilan ko‘rishib qoldilar va o‘rtalarida shunday suhbat bo‘lib o‘tdi:
– Siz aql bilan qiyos qilib, bobom Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning dinlari va hadislarini o‘zgartiryapsiz, – dedilar Imom Muhammad Boqir (r.a.).
– Bunday ish qilishdan Allohga sig‘inaman. Mening Rasululloh alayhissalomga bo‘lganidek Sizga ham hurmatim cheksiz. Keling, o‘tirib bafurja suhbatlashaylik, - dedilar Abu Hanifa rohmatullohi alayh. O‘tirganlaridan keyin Abu Hanifa rohmatullohi alayh aytdilar:
– Men sizdan uch masala so‘rayman. Birinchisi shu: Erkak kuchsizmi yoki ayol?
– Ayol kuchsiz, - deb javob berdilar Imom Muhammad Boqir (r.a.).
– Merosda erkak kishining ulushi qancha-yu, ayolniki qancha?
– Erkak kishining merosdan ulushi ikki, ayolniki bir, - deb javob berdilar Imom Muhammad Boqir (r.a.).
– Bu bobongiz Rasululloh alayhissalomning so‘zlari. Agar u zotning dinlarini o‘zgartirgan bo‘lganimda, aql va qiyos yo‘li bilan zaifroq bo‘lgani uchun ayolga merosning ikki, erkakka bir ulushi beriladi degan bo‘lardim.
Shundan keyin Abu Hanifa rohmatullohi alayh ikkinchi masalani ochdilar:
– Namoz ustunmi, ro‘zami?
– Namoz ustun, - deb javob berdilar Imom Muhammad Boqir (r.a.).
– Bu ham Rasululloh alayhissalom janobimizning so‘zlari. Agar bobongizni dinini aql va qiyos yo‘li bilan o‘zgartirmoqchi bo‘lganimda hayz ko‘rgan ayolga namozlari qazosini o‘qishni, ro‘zaning esa qazosini tutmaslikni buyurardim.
Abu Hanifa rohmatullohi alayh uchinchi masalani ko‘tardilar:
– Peshob nopokroqmi, maniymi?
– Peshob maniydan nopokroq, - deb javob berdilar Imom Muhammad Boqir (r.a.).
– Agar bobongiz Rasululloh alayhissalomning dinlarini aql va qiyos bilan o‘zgartirganimda, bavldan so‘ng g‘usl qilishni, maniy sababli esa faqat tahorat olish kerakligini aytgan bo‘lardim. Aql va qiyos bilan dinimizni o‘zgartirishdan Allohdan panoh so‘rayman, - dedilar Abu Hanifa rohmatullohi alayh.
Imom Muhammad Boqir roziyallohu anhu o‘rinlaridan turib Abu Hanifa rohmatullohi alayhini bag‘rilariga bosdilar va u zotga hurmat bajo keltirdilar”.
Manbalarda Ummaviy xalifalar tashqi siyosiy vaziyatlarda Hazrati Imom Muhammad Boqir (r.a.)ga maslahat olish niyatida murojaat qilganliklari bayon etilgan. Jumladan, Tarixchi Sharif Qarshiy Qummiy o‘zining “Imom Muhammad Boqir hayoti” nomli asarida: “Ummaviy xalifa Abdumalik ibn Marvon ibn Hakam o‘z xalifaligida nasroniylik diniy qarashlarini bekor qilganidan so‘ng, o‘sha davrning Vizantiya hukmdori tomonidan unga tahdid xati yuboriladi, unda Vizantiya hukmdori imperatorlik oltin tangalariga Payg‘ambar alayhissalomni nomlarini haqoratlab yozishni tahdid qilgandi. Shunda xalifa barcha ulamolarni yig‘ib maslahat soladi, bu masalada turli fikrlar vujudga keladi, so‘ng xalifa Hazrati Imom Muhammad Boqir (r.a.)dan qanday yo‘l tutilsa to‘g‘ri bo‘lishini so‘rab maslahat so‘raydi. Imom hazratlari xalifalikda Vizantiya oltin tangalarini iqtisodiy muomaladan chiqarib tashlashlikni hamda xalifalik o‘zining oltin tangalarini xalqaro iqtisodiy muomalaga chiqarishi kerakligi maslahatini beradi, natijada xalifa shunday yo‘l tutadi”, deb keltirgan.
Ummaviy xalifalardan Umar ibn Abdulaziz ibn Marvon o‘z davrining taqvodor hukmdorlaridan bo‘lganligi manbalarda bayon etilgan. Tarixchi E.Koxlberg o‘zining “Zaynulobidin” nomli asarida: “Ummaviy xalifa Umar ibn Abdulaziz Imom Ali Zaynulobidin va Muhammad Boqir (r.a.)ga juda yaxshi muomalada bo‘lgan, Payg‘ambar alayhissalomga mulk sifatida tegishli bo‘lgan va qizlari Bibi Fotima (r.a.)ga hadya etilgan Madinadagi Fadak bog‘ini qisman Imom Muhammad Boqir roziyallohu anhuga qaytarib bergan edi”, deb keltirgan. Ammo shia mazhabi tarixchilari o‘z asarlarida Fadak bog‘i Imom hazratlariga qaytarib berilmaganligini ta’kidlashgan. Tarixchi E.Koxlberg yana quyidagilarni keltiradi: "Ummaviy xalifa Hishom ibn Abdumalik ibn Marvon davrida Imom Muhammad Boqir, u zotning farzandlari va shogirdlarining ahvoli ancha og‘ir vaziyatda kechgan. Ummaviy xalifa Hishom ibn Abdumalik Imom Muhammad Boqirni Damashqqa chaqirtirib olgan, bir necha bor qamoqda saqlagan. So‘ng Imomni soqchilar nazoratida Madinaga yuborgan, unga ichimlik va ovqat bermaslikni buyurgan. Xalifa Hishom ibn Abdumalik Imomni ilmiy bahslarga ham chorlab turgan, Umar ibn Xattob (r.a.)ning ustozi bo‘lgan an-Nofiy bilan bo‘lgan ilmiy bahsda Imom Muhammad Boqir g‘alaba qozongan”, deb yozgan. Tarixchi Mo‘min Mujonning “Islom tarixi” nomli asarida: “Xalifa Hishom ibn Abdumalik Imom Ali Zaynulobidin va uning o‘g‘li Muhammad Boqirni Damashqqa ilmiy bahsda qatnashish uchun chaqirgan, bahs Hazrati Ali ibn Abu Tolib (k.v)ning ilm egasi ekanliklari haqida bo‘lgan va bo‘lib o‘tgan bahsda Xalifa mag‘lub bo‘lgan”, deb keltirilgan. Darhaqiqat, Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu haqlarida Nabiy alayhissalom shunday deganlar: «Men ilmning shahri bo‘lsam, Ali uning eshigidir (ya’ni Bob Madinatul Ilm)». Yana bir boshqa hadisda, «Men hikmat hovlisiman, Ali uning eshigidir», deb aytganlar. Xuddi shu rivoyatning Ibn Abdul Barr (r.a.) keltirgan lafzida Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Men ilmning hovlisiman, Ali uning eshigidir. Kim ilmni istasa, uning eshigidan kelsin», deganlar. (Termiziy, Tabaroniy va Hokim rivoyati).
Imom Muhammad Boqir (r.a.) padari buzrukvorlari Imom Ali Zaynulobidin (r.a.) kabi hayotlari davomida o‘ta og‘ir bir siyosiy sharoitda o‘zlarining hidoyatga chorlaydigan fikrlari bilan islom dini hayotini yangilash va uning fikriy tizimini o‘zgartirish uchun xalqni ilmga chorlash orqali harakatlar qilganlar. Xalifalikda paydo bo‘lgan turli firqalarga qarshi ma’rifat bilan kurash olib borganlar. Musulmonlarga islom dinining haqiqiy mohiyatini tushuntirish, uning asl g‘oyasi va aqidalarini ummatning qalbida joylashga harakat qilganlar.

suratda: Jannatul Baqi’ qabristoni, Madina, 1925 y.

suratda: Imom Muhammad Boqir (r.a.) qabrlari, Jannatul Baqi’ qabristoni.
Ilm sirlarini ochguvchi unvoniga ega bo‘lgan Imom Muhammad Boqir (r.a.) 733 milodiy, hijriy 114-yil 7-zulhijja kunida Madina shahrida betoblikdan vafot etganlar, ba’zi manbalarda zaharlanib vafot etganliklari keltirilgan. U zotning qabrlari Madinai Munavvaradagi Jannatul Baqi’ qabristonida joylashgan. Milodiy 1926 yilgacha Baqi’ qabristonida u zotning maqbaralari mavjud bo‘lgan, lekin o‘sha yilning 21 aprel kuni barcha maqbaralar buzib tashlangan. Imom Muhammad Boqir hazratlarining ta’limotini u zotning o‘g‘illari Hazrati Imom Ja’fari Sodiq (r.a.) davom ettirganlar.
Allohim, o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz ruhi poklarini shod, oxiratlarini obod aylasin!
Allohumma solli ’ala Sayyidina va Nabiyina va Habibina Muhammadin va ’ala olihi va as'habihi ajma’iyn! Birohmatika ya arhamar rohimiyn!
Foydalanilgan manbalar:
-
Termiziy, “Sunani Termiziy”.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Hadis va hayot”.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Imomi A’zam”, Hilol.
-
Muftiy Avliyoxoja Musaviy Razzaviy Samarqandiy, “Mulahhas al-Ansob”.
-
A.R.Lolo, “Ilk mazhab tafakkuri”, Martin Press, London, 2004.
-
Shayx Abu Nasr Sahl Buxoriy, “Sir Silsilatul al-Alaviya”.
-
Shayx Husayn ibn Abdulloh Husayniy Samarqandiy, “Ansob al-Tolibin”.
-
Yoqubiy, “Tarix” (IX-asr) , 2-j, Beyrut.
-
Sharif Qarshiy Qummiy, “Imom Muhammad Boqir hayoti”, Qum.
-
Ibn Kasir, "al-Bidoya van-Nihoya".
-
Mo‘min Mujon, “Islom tarixi”, Ostin fond, AQSH, 1985.
-
E.Koxlberg, “Zaynulobidin”, Encyclopaedia of Islam, Koninklij Brill.
Sayyid Ilhomxon Bahodir Sayyidatoyi Razzaviy Husayniy, “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro tashkilotining tadqiqotchisi, ansobshunos, manbashunos, naqib al-ashraf.










