banner

JANNAT AYOLLARI SAYYIDASI HAZRATI FOTIMA ZAHRO roziyallohu anho 2-qism

Zilhijja oyining o‘n sakkizinchi kuni (milodiy 632 yili) vido hajini bajarib mingdan ziyod bo‘lgan sahobalar bilan birga Makkadan Madina tomon yo‘l olgan Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahrodagi Hum ko‘li yaqinida joylashgan “G‘adir Hum” deb nom olgan yerda to‘xtadilar va sahobalariga qarata quyidagi hadisi sharifda keltirilgan mashhur nutqlarini so‘zladilar: Zayd ibn Arqam (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar alayhissalom bunday marhamat qildilar: “Shak yo‘qki, men sizlarga ikkita (qimmatli) narsani tashlab ketayapman. Madomiki ul ikkisini mahkam ushlarkansiz, mendan so‘ng hargiz zalolatga ketmaysiz. Ikkovidan birinchisi keyingisidan ulug‘roqdir: (birinchisi) Allohning kitobi – osmondan yergacha cho‘zilgan arqondir va (ikkinchisi) Ahli baytim – mening avlodimdir. Ikkovi havzi Kavsarga kelguncha ayrilmagay. Demak, ikkovi borasida menga qanday xilof qilayotganingizga qaranglar!”. Islom tarixida Nabiy alayhissalomning ushbu mashhur nutqlari “G‘adir Xum” voqeasi deb atalgan va ushbu voqea haqida Termiziy, Buxoriy, Muslim, Ahmad, Ibn Moja, Hokimlar ham rivoyat qilganlar. Yana bir hadisda, Zayd ibn Arqam (r.a.) rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom marhamat qildilar: «Men kimning mavlosi bo‘lsam, Ali ham uning mavlosidir», dedilar. (Termiziy, Nasoiy rivoyati).

O‘n birinchi hijriy yilning birinchi oyi muharram o‘tib, safar oyining oxiri keldi, ushbu oyning dushanba kuni Payg‘ambarimiz alayhissalomning xastaliklari boshlandi. Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz bu xabarni eshitishlari bilan darhol padari buzrukvorlarining huzurlariga bordilar. Payg‘ambarimiz alayhissalom suyukli qizlarini tabassum ila kutib oldilar. So‘ngra kuloqlariga nimanidir shivirladilar. Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz birdaniga qattiq xafa bo‘lib, yig‘ladilar. Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallam qizlarini quloqlariga takror bir narsa deb yana shivirlagan edilar, bu gal tabassum qildilar. Oisha binti Abu Bakr (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari qabz qilingan xastaliklarida qizlari Fotimani chaqirdilar. Bas, ul zot unga bir sir gap aytdilar. U yig‘ladi. So‘ngra ul zot unga bir sir gap aytdilar. U kuldi. Men undan bu haqda so‘radim. Bas, u: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga o‘zlarining ushbu bemorliklarida qabz qilinishlarini sir gap ila xabar qildilar. Men yig‘ladim. So‘ngra ul zot o‘zlariga ahli baytlaridan birinchi bo‘lib ergashadigan men ekanimni sir gap ila xabar qildilar. Men kuldim», dedi». Yana Oisha (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning barcha ayollari ul zotning xastaliklarida huzurlarida jam bo‘ldilar. Bas, Fotima o‘zining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yurishlariga o‘xshash yurishi bilan yurib keldi. Ul zot: «Marhabo qizim!», dedilar va uni o‘ng yoki chap taraflariga o‘tkazdilar. So‘ngra unga bir sir gap aytdilar. Fotima yig‘ladi. So‘ngra ul zot unga bir sir gap aytdilar. U kuldi. Men unga: «Seni nima yig‘latmoqda?», dedim. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirlarini fosh qilmayman», dedi. «Bugungidek mahzunlikka yaqin masrurlikni ko‘rmaganman», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabz qilinganlaridan keyin undan bu haqda so‘radim. Bas, u: «O‘shanda ul zot menga odatda Jabroil o‘zlariga Qur’onni har yili bir marta arz qilganligini, bu yil esa ikki marta arz qilganini aytdilar va, buni ajalim yaqinlashib qolgani deb bilaman. Albatta, sen ahlimdan birinchi bo‘lib menga yetishuvchisan, dedilar, deb aytdi” (Buxoriy, Muslim va Termiziy).

Fotima Zahro va Hazrati Ali (r.a.)larning uyi, devorda mashhur "Zulfiqor" qilichi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bemorliklariga qarashda Fotima Zahro roziyallohu anho hamda Hazrati Ali karramallohu vajhahular bosh-qosh bo‘ldilar. Nabiy alayhissalomning vafotlari, dafnlari va bunga tegishli barcha ishlarda Hazrati Ali karramallohu vajhahu barcha ishlarni boshqardilar. Ibn Moja, Ibn Sa’d va Tabaroniylar qilgan rivoyatning Tabaroniy Ibn Abbos roziyallohu anhudan keltirgan matnida quyidagilar aytiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam og‘irlashib qolganlarida huzurlarida Oisha va Hafsa bor edi. Birdan Ali (roziyallohu anhu) kirib keldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni ko‘rishlari bilan boshlarini ko‘tardilar va: «Menga yaqinroq kel! Menga yaqinroq kel!» dedilar. U kelib, ul zot (alayhissalom)ni o‘z ko‘ksiga suyadi. So‘ngra vafot etgunlaricha u zot (alayhissalom)ning oldilarida bo‘ldi. Vafot etganlarida esa ul zot (alayhissalom)ni yuvish, janozalarini o‘tkazishga bosh bo‘ldi” (Tabaroniy, Ibn Moja, Ibn Sa’d).

Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi Abdulloh ibn Muhammad (r.a.)dan keltirgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘riga qo‘yilganda Ali: «Ul zotga (janozasiga) birov imom bo‘lmaydi. Ul zot tirikliklarida ham, mayyitliklarida ham imomingizdir», dedi. Odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kirib, saf-saf bo‘lib turib, janoza o‘qir edilar. Ularning imomi yo‘q edi. Ali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilarida turib olib: «Assalomu alayka, ayyuhannabiyyu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohim! Biz guvohlik beramiz. Ul zot o‘zlariga nozil bo‘lgan narsani yetkazdilar. Ummatga nasihat qildilar. Allohning yo‘lida to Alloh dinini aziz qilguncha va kalimasini oliy qilguncha urush qildilar. Ey Allohim! Bizni ul zotga nozil bo‘lgan narsaga ergashadiganlardan qilgin. Ul zotdan keyin bizni sabotli qilgin. Ul zot bilan bizni jam qilgin», der edi. Odamlar «Amin!», deyishar edi. Shunday qilib, ul zotga er kishilar, so‘ngra ayollar, keyin bolalar janoza o‘qidilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni Ali ibn Abu Tolib, Fazl ibn Abbos va Usoma ibn Zayd roziyallohu anhum qabrga qo‘yganlar” (Ibn Sa’d rivoyati).

Tarix kitoblarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan so‘ng Fotima Zahro roziyallohu anho bilan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu o‘rtalarida biroz kelishmovchilik bo‘lib o‘tganligi voqeasi bayon etilgan. Bunga Fotima Zahro roziyallohu anho otalaridan qolgan Madinadagi yerdan, Xaybar xumsidan va Fadakdagi yerdan tegadigan ulushlarini meros sifatida so‘raganliklari sabab bo‘lgan. Ba’zi tarix kitoblarida Rasuli Akram alayhissalom Fadakdagi yerni Fotima roziyallohu anhoga hadya qilganliklari ham keltirilgan. Ushbu meros borasidagi tushunmovchiliklar to‘g‘risida muhaddis ulamolar rivoyatlar ham keltirishgan. Urva ibn Zubayr (r.a.) Oisha binti Abu Bakr (r.a.)dan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlari Fotima Abu Bakrga odam yuborib, Rasululloh alayhissalomdan qolgan Madinadagi, Fadakdagi va Xaybarning xumsidan tegadigan merosini so‘radi. Shunda Abu Bakr: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bizdan meros olinmaydi. Biz tark qilgan narsa sadaqadir”, deganlar. Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sadaqalari tasarrufini ul zotning davrlaridagidan o‘zgartirmayman. Ul zot qilgan narsadan boshqa narsani qilmayman», dedi, va Abu Bakr Fotimaga biror narsa berishdan bosh tortdi. Buning natijasida Fotima Abu Bakrdan achchiqlandi» (Buxoriy 3092 h., Muslim 1759 h., Ibn Xibbon 4823-6607 h., Ahmad 1/6 9 h.). Abu Bakr Siddiq (r.a.)ning bu tasarruflaridan orada ko‘pgina noqulayliklar kelib chiqqan edi. Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz ul zotga boshqa gapirmay qo‘ygandilar. Sahih Buxoriy va Sahih Muslimda quyidagi hadisi sharif rivoyat qilingan: “Fotima roziyallohu anho Abu Bakr (r.a.)dan achchiqlanib, u kishi bilan to vafotiga qadar gaplashmay qo‘ydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin Fotima roziyallohu anho olti oy yashadi. Vafot etgach, eri Ali (r.a.) janozasini o‘qib kechasi dafn qildi, janozani o‘qib berish uchun Abu Bakr (r.a.)ni uning oldiga qo‘ymadilar” (Sahih Buxoriy 5/82/4540 h., 4/42/3093 h., 8/3/6726 h., Muslim 5/154/4471 h.). Manbalarda Imom Ali karramallohu vajhahu Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bilan Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz oralarida bo‘lib o‘tgan tushunmovchiliklarda ikkala tomonni imkon qadar yarashtirishga harakat qilganliklari bayon etilgan. Boshqa bir hadisda ash-Sha’biy (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Fotima roziyallohu anho bemor bo‘lganida uning huzuriga Abu Bakr (r.a.) keldi va kirishga izn so‘radi. Ali roziyallohu anhu: «Ey Fotima, mana, Abu Bakr sening oldingga kirishga izn so‘ramoqda», dedi. «Unga izn berishimni istaysizmi?», dedi Fotima roziyallohu anho. «Ha», dedi Ali roziyallohu anhu. U izn berdi. Bas, u kirib undan rozilik so‘rab: «Allohga qasamki, men diyorni, molni, ahlni va qarindoshlarni tark qilgan bo‘lsam, faqat Allohning roziligini deb, Uning Rasulining roziligini deb va siz Ahli-baytning roziligini deb tark qildim, xolos», dedi. Keyin Fotima roziyallohu anhodan rozilik so‘radi, u rozi bo‘ldi» (Bayhaqiy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan chamasi olti oy (boshqa manbalarda 95 kun) o‘tib Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz xastalanib qoldilar. Hijratning o‘n birinchi yili, ramazon oyining ikkinchi kuni (boshqa manbalarda jumodus soniy oyining uchunchi kuni), dushanba edi. Shu paytgacha ora-sira kasal bo‘lardilar, ammo bu safargisi ularga o‘xshamasdi. Yaxshi-yomon kunlarida ul zoti sharifani yolg‘iz qoldirmagan umr yo‘ldoshlari Hazrati Ali karramallohu vajhahu yana yonlarida edilar. “– Bolalarni olib tashqariga chiqsangiz, yaxshi bo‘lardi...” past ovozda aytilgan bu jumla Hazrati Ali karramallohu vajhahuning yurak bag‘irlarini tilkaladi. Ul zoti sharifani xafa qilmaslik uchun o‘zlarini tushunmaganlikka oldilar. Farzandlarini volidai muhtaramasiga yaqinlashtirdilar. Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho ularni birma-bir quchib erkaladilar. So‘ng Hazrati Ali karramallohu vajhahuga imo qildilar. Yuraklari ezilgan holda, bolalarini tashqariga chiqardilar. Asmo binti Umays (r.a.) bilan Ummu Rafi’a (r.a.)lar kirib kelishdi. “– Mening yuvinishim uchun suv tayyormi, onajon?”. “– Ha”. Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho Ummu Rafi’a (r.a.)ni «onajon» deb chaqirar edilar, chunki bu ayol ul zoti sharifaga doim onalik qilib kelgandilar. “– Menga suv quyib turasizmi, onajon?”, “– Albatta, qizim”. Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho yaxshilab yuvindilar, ayollar yordamida eng yaxshi liboslarini kiydilar. “– To‘shagimni xona o‘rtasiga solinglar”. “– Xo‘p”. Ayollar ishlarni bajarisharkan, nima yuz berayotganini anglab, juda iztirob chekishardi. “– Meni yotqizinglar. Yuzimni qiblaga qarating”. “– Xo‘p”. “– Endi meni yolg‘iz qoldiring!”. “– Ammo…”. “– Iltimos”. “– Ammo…”. “– Robbimga duo va iltijo qilmoqchiman!...”. Duo va iltijoga shunchalar berilib ketdilarki, jonlari qanday chiqib ketganlarini ham bilmay qoldilar. Ovoz chiqmay qolganidan xavotirlanib uyga kirganlar Fotima Zahro roziyallohu anhoning vafot etganlarini ko‘rishdi. Ushbu shum xabar bir zumda butun Madinaga tarqaldi. Nabiy alayhissalomning nuri diydalari bo‘lgan sevimli qizlari ham bu yolg‘on dunyoni tark etgandilar. Endi yigirma sakkiz (boshqa manbada yigirma to‘qqiz) yoshga kirgan edilar…Bir o‘g‘illari (Muhassin) go‘dak chog‘ida vafot etgandi. Ortlarida ko‘zlari yosh umr yo‘ldoshi va besh farzandlari qolgandilar. Payg‘ambar alayhissalomning suyukli kenja qizlari, Hazrati Ali karramallohu vajhahuning sevimli zavjasi Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho vafot etganlarida Imom Hasan (r.a.) 8 yoshda, Imom Husayn (r.a.) 7 yoshda, Ummu Kulsum (r.a.) 5 yoshda, Zaynab (r.a.) 3 yoshda, Ruqiyya (r.a.) 2 yoshda edilar. Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anhoning qabriga ko‘z yosh bilan boqarkan, Hazrati Ali karramallohu vajhahuning yodlariga sevimli ayoli vafotidan biroz oldin aytgan gaplari tushdi: “– Ey Ali, vafotimdan so‘ng uylaning. Aks holda, siz ham, bolalarim ham qiynalib qolasizlar. Ammo ularni o‘gay ona qo‘lida ham qoldirgim kelmayapti. Shu bois opam Zaynabning qizi Umoma binti Abul Os ibn Robi’aga uylaning”. Gullarning guli birma-bir dunyoni tark etishgandi. Ilohiy taqdir shunday edi. Zotan, odamzotning qismati shu edi. Biri keladi, biri ketadi…Qiyomatgacha davom etadi bu hol…Avval Hazrati Ruqiyya…so‘ng Hazrati Zaynab…so‘ng Hazrati Ummu Kulsum…va oxirida jannat ayollarining sayyidasi Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anholar… Gullarning gullari endi boqiy dunyoda yashayajak edilar. Va sevganlarning ko‘ngillarida…Ular gullarning gullari edilar. Payg‘ambar alayhissalomning nuri diydalari edilar. Buni bilgan, ko‘rgan anglar. Qurbon bo‘lsin unga jonlar. (“Gulning gullari” asaridan).

Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho onamizdan so‘ng Imom Ali karramallohu vajhahu Zaynab roziyallohu anhoning qizlari Umoma binti Abul Os ibn Robi’aga uylandilar va keyinchalik bir necha marta uylandilar va keyingi ayollaridan bir necha farzandlar ko‘rdilar. Ammo boshdanoq sevimli yorlari Fotima Zahro roziyallohu anho onamizning bolalarini ayirib, Zaynab roziyallohu anhoning qizlari Umoma roziyallohu anho bilan birgalikda ularga alohida mehr bilan munosabatda bo‘ldilar. Shu boisdan keyinchalik Imom Ali karramallohu vajhahuning boshqa ayollaridan bo‘lgan avlodlari - “Banu Ali (Alaviylar)” deb atalishdi, Fotima Zahro roziyallohu anhodan bo‘lgan farzandlarining avlodlari - “Banu Fotima (Fotimiylar)” – deb atalishdi. Bu boshqa xalqlarning odatlariga to‘g‘ri kelmaydigan hodisa edi. Imom Ali karramallohu vajhahuning farzandlari Fotima Zahro roziyallohu anhodan nom olgan edilar. Bunda biz Payg‘ambar alayhissalom ularga alohida mehr bilan qaraganlarini ko‘ramiz. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning qizlari orasida faqat ul zoti sharifaning farzandlari shunday nomga ega bo‘lgan edilar. Bizning diyorlarda esa “Banu Fotima”lar - “sayyidlar” va “shariflar” deb, “Banu Ali”lar - “xoja (xo‘ja)”lar deb nomlanib kelingan.

Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz Payg‘ambar alayhissalomning o‘zlaridan eshitgan o‘n sakkizta hadisni rivoyat qilganlar. Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz vafot etgan sana xususida manbalarda har xil qarashlar mavjud. Ayrimlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan olti oy o‘tgach, hijriy o‘n birinchi yil sha’bon oyi (boshqa manbalarda ramazon oyi)ning uchinchi sanasi, seshanba kuni (milodiy 632 yil, 23 oktyabr) 29 yoshlarida vafot etganlar deyilgan. Yana boshqa manbalarda esa, otalari vafotidan 95 kun o‘tgach, jumodus-soniy oyining uchunchi kuni (milodiy 632 yil, 25 avgust), deb ko‘rsatilgan. Shuningdek, rivoyatlarga ko‘ra, ul zoti sharifaning janozalarini umr yo‘ldoshlari Hazrati Imom Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu o‘qiganlar va kechasi Madinai Munavvaradagi Baqi’ qabristoniga dafn etganlar.

Jannatul Baqi’ qabristoni, Madinai Munavvara,1880 yil fotosurati.

Hazrati Fotima Zahro (r.a.) onamizning qabri, Jannatul Baqi’ qabristoni.

Nabiy alayhissalomning suyukli qizlari, Hazrati Imom Ali karramallohu vajhahuning zavjalari, Imom Hasan Mujtabo va Karbalo qahramoni Imom Husayn Shahid roziyallohu anhumolarning hamda Zaynab va Ummu Kulsum roziyallohu anholarning mehribon volidasi Hazrati Fotima Zahro Sayyidatunniso onamizdan Alloh rozi bo‘lsin!

Allohumma solli ’ala Sayyidina Muhammadin va ’ala olihi va as'habihi ajmaiyn!

Foydalanilgan manbalar:

  1. Buxoriy, “Sahih al-Buxoriy”.

  2. Termiziy, “Sunani Termiziy”.

  3. Muslim, “Sahih Muslim”.

  4. “Qahramon mo‘mina ayollar”, “Mavorounnahr”.

  5. “Bir yuz bir ulug‘ sahobiylar”, Toshkent Islom universiteti.

  6. “Payg‘ambar alayhissalom qizlari Fotima (r.a)”, “Muharrir” nashriyoti.

  7. Shayx Husayn ibn Abdulloh Husayniy Samarqandiy “Ansob al-Tolibin”.

  8. Qo‘lyozma shajaralarning go‘zal so‘zboshilarida keltirilgan ma’lumotlar.

"Turkiston Sayyidlari va Eshonlari" xalqaro tashkiloti, Sayyid Ilhomxon Baxodir

Maqolalar

JANNAT AYOLLARI SAYYIDASI HAZRATI FOTIMA ZAHRO roziyallohu anho 2-qism | Shajara