banner

JANNAT AYOLLARI SAYYIDASI HAZRATI FOTIMA ZAHRO roziyallohu anho 1-qism

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Olamlar Robbi Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.

Payg‘ambarimizga hamda ul zotning ahli-bayti va as'hoblariga salavotu salomlar bo‘lsin!

Ismlari: Fotima, Zakiyya, Roziya, Marziya, Muhaddisa, Ummul Hasan, Ummul Husayn, Ummul Muhassin, Ummul Abiha (otasining onasi)...

Eng mashhur ismlari: Zahro, Siddiqatal Kubro, Muboraka, Tohira, Sayyidatunniso (Jannat ayollari sayyidasi).

Otalari: Sarvari Koinot Hazrati Muhammad Mustafo ibn Abdulloh ibn Abdumuttalib ibn Hoshim al-Qurayshiy al-Adnoniy sollallohu alayhi vasallam.

Onalari: Xadiyja binti Xuvaylid ibn Asad ibn Abduluzzo ibn Qusay al-Qurayshiy roziyallohu anho (islomni qabul qilgan birinchi ayol).

Akalari: Qosim.

Opalari: Zaynab, Ruqayya va Ummul Kulsum (r.a.).

Ukalari: Abdulloh, Ibrohim (onasi Moriya Qibtiyya r.a.).

Umrlari: 29 yosh.

Turmushga chiqqan yillari va joyi: hijriy 2 yil (milodiy 623 yil) Madinai Munavvarada.

Umr yo‘ldoshlari: Hazrati Imom Ali ibn Abu Tolib ibn Abdumuttalib karramallohu vajhahu.

Farzandlari: Imom Hasan, Imom Husayn, Ummu Kulsum, Muhassin (yosh vafot etgan) va Zaynab (r.a.)lar.

Tug‘ilish tarixi va joyi: Rasululloh alayhissalom 35 yoshlarida payg‘ambarlik kelishidan taxminan 5 yil avval, milodiy 605 yilda (hijratdan avvalgi 18 yil), jumodul-oxir oyining 20 sanasi, juma kuni Makkai Mukarramada dunyoga kelganlar.

O‘lim tarixi va joyi: hijriy 11-yil (milodiy 632 yil) 29 yoshlarida Madinai Munavvarada vafot etganlar. Vasiyatlariga ko‘ra ul zoti sharifa kechasi maxfiy holda umr yo‘ldoshlari Hazrati Imom Ali karramallohu vajhahu tomonlaridan dafn etilganlar. Tarixiy manbalarda ul zoti sharifaning qabri Madina shahridagi Baqi’ qabristonida ekanligi keltirilgan.

Shajara jadvali

Suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam va Xadiyja binti Xuvaylid roziyallohu anhoning qizlari bo‘lgan Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho ko‘pchilik tarixnavislarning ta’kidlashlaricha, Nabiy alayhissalomga payg‘ambarlik kelishidan taxminan besh yil oldin, Quraysh Baytullohni qayta qurayotgan paytda tavallud topganlar.

Jannat ayollarining sayyidasi Fotima Zahro roziyallohu anho boshqa qizlaridan ko‘ra otalariga o‘xshashroq va yaqinroq bo‘lganlar. O‘rtalarida o‘ziga xos yaqinlik bo‘lgani bois “otasining qizi” deb ataganlar. Muhtarama onamizning asli ismlari Fotima (ya’ni “yomonliklardan uzoqlashtirilgan”) bo‘lgan esa-da, nihoyatda go‘zal, oq yuzli va nafis bo‘lganlari bois Zahro (nurli, yorqin, guldek) sifatini qo‘shib aytganlar.

Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho besh yosh atrofida bo‘lganlarida dunyo tarixidagi eng muhim hodisa yuz berdi. Alloh taolo o‘zining eng oxirgi va mukammal dini Islomni, O‘zining eng oxirgi va eng mo‘jizakor, qiyomatgacha boqiy qoluvchi kitobi Qur’oni Karim orqali O‘zining eng oxirgi va eng afzal payg‘ambariga nozil qila boshladi. O‘sha eng oxirgi va eng afzal payg‘ambar Fotima Zahro roziyallohu anhoning mehribon otalari Hazrati Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam edilar. Qur’oni Karimni birinchi oyatlari nozil bo‘lgan kundan boshlab Fotima Zahro roziyallohu anho Islom ta’limotlari bilan tanishishni boshlaganlar hamda nubuvvat xonadonining sevimli kenja qizi sifatida Islomda nima yangilik bo‘lsa birinchi xabardor bo‘lganlardan bo‘lib borganlar. Vaqti soati yetib Alloh taolo Muhammad alayhissalomga Islom da’vatini oshkor qilishga amr qilganda ham ul zot da’vat qilinganlar ichida oila a’zolaridan faqat Fotima Zahro roziyallohu anhoning nomlarini tilga olib ataganlar.

Hali kichkina bola bo‘lganlari bois Fotima Zahro roziyallohu anho ko‘chaga faqat padari buzrukvorlari Nabiy alayhissalom bilan birga chiqar edilar. Doimo Payg‘ambar alayhissalomning yonlarida yurishlari ul zoti sharifaning go‘zal axloq bilan xulqlanishiga sabab bo‘lgan, shuningdek, u muhtarama zot, onalari Hazrati Xadiyja roziyallohu anho onamizdan ham juda ko‘p yaxshi xislat va fazilatlarni olganlar.

Makkai Mukarrama

Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz Makkada yolg‘izlanib qolganlar. Ikki akalari kichik yoshida vafot etishadi, mehribon opalari Zaynab roziyallohu anho Abul Os ibn Robi’a roziyallohu anhu oilasiga kelin bo‘lib ketadilar. Oradan yana qanchadir vaqt o‘tib Ruqayya va Ummu Kulsum roziyallohu anholarni Abu Lahab o‘g‘illari Utba va Utaybaga kelin qilib olib ketadi, lekin keyinchalik Abu Lahabning qistovi bilan ajrashishadi va ular Usmon Zunnurayn (r.a.)ga turmushga chiqishadi. O‘sha paytlar Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz butkul yolg‘izlanib qoladilar. Bu vaqtda Payg‘ambar alayhissalom har tarafdan dushmanlarning qarshiligiga uchrayotgan, Xadiyja onamiz sevimli juftiga dalda bo‘lib turgan edilar. Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz juda kichik yoshdanoq azob-uqubatlarni va qo‘rqinchli voqealarni ko‘p ko‘rgan edilar. Makka mushriklarining musulmonlarga qilgan zulmlariga qarshi bo‘lgan Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz aziyatlarni yengish uchun jon fido qilishga ham tayyor bo‘lganlar. Holbuki, o‘sha paytlarda ul zoti sharifa hali ojiza bir kichkinagina qizcha edilar. Islomga da’vatning ilk yillarida mo‘minlarga qilingan shafqatsizliklar, ularga ko‘rsatilgan turli azobu uqubatlar, ochliklar Fotima Zahro roziyallohu anho onamizning sog‘lig‘iga qattiq ta’sir o‘tkazgan. Ana o‘sha dunyo tarixida o‘zining ashaddiyligi ila tillarga doston bo‘lgan adovatning barchasini Fotima Zahro roziyallohu anho nubuvvat xonadoni a’zosi o‘laroq o‘z otalari bilan birga tatidilar.

Fotima Zahro roziyallohu anhoning mushriklardan eshitgan ozor va mahzunlikka sabab bo‘luvchi so‘kishlari va gaplari, ulardan ko‘rgan boshqa dushmanliklar haqida muhaddis ulamolarimiz ko‘pgina rivoyatlarni keltirganlar. O‘sha ozorlarning eng kuchlisi, Fotima Zahro roziyallohu anhoning o‘z mehribon otalari Hazrati Muhammad alayhissalomga berilgan ozordan ozorlanishlari haqidagi bir rivoyatni keltiramiz: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qib sajdaga borganlarida Uqba ibn Abi Mu’ayt tuyaning qornini olib kelib Ul zotning boshlari aralash yelkalariga tashladi. Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam muborak boshlarini ko‘tara olmay qoldilar. Kofirlar esa bir-birlariga qarab kular edilar. Hech kim biror yordam qilishga botina olmas edi. Oxiri bir odam borib Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlari Fotimani chaqirib keldi. Fotima kelib o‘sha narsani Ul zotning ustilaridan olib tashladi va mushriklarni qarg‘adi» (Buxoriy, Termiziy va Muslim rivoyati). Ushbu rivoyatdagi uch narsaga e’tibor qilamiz: birinchisi: Nabiy alayhissalomning boshlariga tashlangan tuya qornini birov jur’at qilib olib tashlay olmagani hamda bundan mushriklardan hamma barobariga qo‘rqqanligi ularning ishiga birov oshkora qarshi chiqa olmasligi chiqadi; ikkinchisi: xabarchi odamning boshqa hech kimni emas, balki aynan Fotima Zahro roziyallohu anho onamizni chaqirib kelishi hamda bundan odamlar Payg‘ambar alayhissalomni mazkur noqulay holatdan Fotima Zahro roziyallohu anho onamizdan boshqa birov qutqara olmasligini bilishlari chiqadi; uchinchisi: Fotima Zahro roziyallohu anho onamizning kelib Muhammad sollallohu alayhi vasallamning boshlaridan tuyaning qornini olib tashlab, mushriklarni qarg‘ashlari. Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz yordam so‘rab kuchliroq zabardast biror erkakning oldiga bormadilar, chunki bu holatda birovdan yordam chiqishi amri mahol edi. Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz o‘zlari kelib otalari oxirzamon payg‘ambari Nabiy alayhissalomning boshlaridan tuyaning qornini olib tashlab, mushriklarni qarg‘adilar. Chunki ul zoti sharifada buni qilishiga yurak bor edi, jur’at bor va jasorat bor edi.

Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho ana shu tariqa Alloh taoloning dini yo‘lida tinimsiz kurash ko‘chasiga kirdilar. Ul zoti sharifa bu ko‘cha orqali otalari Sarvari Koinot Muhammad solallohu alayhi vasallam o‘tgan barcha mashaqqat bekatlaridan matonat bilan birga o‘tdilar. Fotima Zahro roziyallohu anho otalariga yetgan har bir ozorga ul zotning yonlarida turib sherik bo‘ldilar. Nabiy alayhissalom o‘z sahobalariga yetgan musibatlarga qayg‘urganlarida birga qo‘shilib qayg‘urdilar. Har doim beg‘ubor bola qalbi bilan padari buzrukvorlarini qo‘llab doim yonlarida yurishga harakat qildilar. Shu boisdan “Ummul Abiha – Otasining onasi” degan nomni oldilar.

Fotima Zahro roziyallohu anho dunyo ayollarining sayyidasi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning birinchi yordamchisi, mehribon volidalari Xadiyja binti Xuvaylid roziyallohu anho vafot etganlarida ham otalari Nabiy alayhissalom bilan birga amal chekdilar. Xadiyja binti Xuvaylid roziyallohu anho vafotlari yilida Nabiy alayhissalomning yana bir sodiq tarafdorlari haqiqiy, chin yordamchilari, amakilari Abu Tolib ibn Abdumuttalibdan judo bo‘ldilar. Abu Tolib Qurayshning eng hurmatli kishilaridan va obro‘-e’tiborli oqsoqollaridan edilar. Ul zotning katta hurmati bo‘lib, bu Nabiy alayhissalom va ul zotning sahobalariga zarar yetkazuvchi budparastlarni jilovlab turardi. Nabiy alayhissalomning amakilari Abu Tolib tirik ekan, Quraysh mushriklari Nabiy alayhissalomni to‘g‘ridan–to‘g‘ri siqib chiqarishga yo‘l topa olmasdilar. Abu Tolib butun umrlari davomida Nabiy alayhissalomga xizmat qilish va himoya qilishda bir qadam ham chekinmagan shijoatli kishi edilar. Fotima Zahro roziyallohu anho o‘sha paytdagi vujudga kelgan sharoitga binoan otalari bilan birga hijrat qilmagan bo‘lsalar ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hijrat mashaqqatlariga sherik bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z hijratlarini amalga oshirib joylashib bo‘lganlaridan keyin o‘sha vaqtda nubuvvat xonadoni xonimlari bo‘lib turgan Fotima Zahro roziyallohu anho, u kishining opalari Ummu Kulsum roziyallohu anho va mo‘minlarning onasi Savda binti Zam’a roziyallohu anholarni Makkadan Madinaga olib kelishni topshirdilar. Nabiy alayhissalom o‘z oila a’zolarini Makkadan Madinaga olib kelish uchun eng ishonchli va ko‘pgina kamolot talablariga javob bera oladigan sahobalarni tanlashlari kerak edi. Ana o‘sha odam ul zotning eng ishongan sahobalari sifatida Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu bo‘ldilar. U kishi Makkaga borib mo‘minlarning onasi Savda binti Zam’a roziyallohu anho onamizni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlari Fotima Zahro va Ummu Kulsum roziyallohu anholarni va o‘z umr yo‘ldoshi Ummu Aymanni olib keldilar. Albatta, mushriklar ko‘z-quloq bo‘lib turgan bir paytda bu hajmdagi muhim ishni amalga oshirish mushkul ish bo‘lgan. Ibn Is'hoq (r.a.) o‘zlarining “As-Siyra” kitoblarida zikr qilishlaricha: “Hijrat yo‘lida ularning ortida bir guruh mushriklar quvib qoldilar. Huvayris ibn Nuqayz tuyani hurkitib yuborgani uchun tuya qochib Fotima Zahro roziyallohu anho va opalari Ummu Kulsum roziyallohu anhoni yerga yiqitdi. Ammo ular Alloh taoloning yordami ila qattiq shikast topmadilar. Mushriklar ta’qibidan qutilib Madinaga yetib olishga muvaffaq bo‘ldilar”. Shunday qilib, Fotima Zahro roziyallohu anho o‘n sakkiz yosh atroflarida Makkai Mukarrama bilan vidolashadilar.

Qubo masjidi, Madinai Munavvara

Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho hijrat qilib kelib Madinai Munavvarada tashkil qilingan nubuvvat xonadonida yashay boshladilar. O‘sha vaqtda ul zoti sharifa o‘n sakkiz yoshga to‘lgan edilar. Madinai Munavvarada nisbatan osoyishta hayot onlari boshlanganda Fotima Zahro roziyallohu anhoni ko‘z ostiga olib yurgan taniqli sahobalar ul zoti sharifaning qo‘llarini so‘rab sovchi qo‘ya boshladilar. Jumladan, Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumolar ham so‘radilar. Nabiy alayhissalom ularning hammalariga o‘ta muloyim ravishda rad javobini berar edilar. Bu masala tez orada ko‘p sahobalarni qiziqtirib qoldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bu ish bo‘yicha o‘zlarini tutishlaridan ba’zi kishilar o‘zlaricha xulosa chiqara boshladilar. Ularning fikrlaricha, Nabiy alayhissalom sevimli qizlari Fotima roziyallohu anhoni jiyanlari Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuga ilinayotgan bo‘lishlari kerak edi. Ular sekin Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning yonlariga kirib ul zotga maslahat bera boshlaydilar. Ularning fikricha, Payg‘ambar alayhissalom Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumolarga uzr aytganlaridan keyin Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahudan boshqa kishini kuyovlikka ko‘zlamagan bo‘lar edilar. Shuning uchun ular Ali karramallohu vajhahuni Nabiy alayhissalomga Fotima Zahro roziyallohu anhoning qo‘llarini so‘rashga qistaydilar.

Ibn Is'hoq (r.a.) o‘zlarining “As-Siyra” kitoblarida quyidagilarni zikr qilganlar: “Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu Nabiy alayhissalom huzurlariga bordilar. Ammo biroz uyalganlaridan va hijolat chekkanlaridan tashrif sababini aytolmadilar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: «Amakim Abu Tolib o‘g‘lining qanday ehtiyoji bor ekan?» dedilar. Ali karramallohu vajhahu tortina-tortina gap boshladilar: «Rasululloh (alayhissalom)ning qizlari Fotima (roziyallohu anho)ning qo‘llarini so‘rab keldim». Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning muborak chehralarida mamnuniyat hislari namoyon bo‘ldi”. Ertasiga Hazrati Ali roziyallohu anhu takror Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordilar. Nabiy alayhissalomga yaqinroq joyda turdilar va ul Zot eshitadigan qilib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlariga sovchilik qilmoqchi bo‘lgan edim», dedilar. Payg‘ambar alayhissalom bu gapni darhol mulohaza qilib, ul zotga og‘ir botmaydigan qilib: «Biror narsang bormi (mahrga)?» dedilar. «Yo‘q, ey Allohning Rasuli», deb javob berdilar Ali (r.a.). «Hutamiyya sovuting qani?», dedilar. «O‘zimda, ey Allohning Rasuli», dedilar. «Bo‘lmasa, o‘shani ber», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. Ali karramallohu vajhahu tezda borib, sovutni olib keldilar. Nabiy alayhissalom uni sotib, kelinga sep qilishni buyurdilar. Sovutni Hazrati Usmon Zunnurayn to‘rt yuz yetmish dirhamga sotib oladilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu bu pulni keltirib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga qo‘yadilar. Nabiy alayhissalom muborak qo‘llari bilan ularni oladilar va bir qismini Bilol roziyallohu anhuga berib, atir va xushbo‘y narsa sotib olib kelish uchun topshiradilar. Qolganini Ummu Salama roziyallohu anho onamizga berib, kelinga kerakli narsalarni sotib olishni tayinlaydilar. So‘ngra Sarvari Koinot alayhissalom sahobai kirom Anas roziyallohu anhu orqali Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Talha, Zubayr va ansorlardan yana shuncha kishini huzurlariga chorlaydilar.

Nabiy alayhissalom dilbandlari Fotima Zahro roziyallohu anhoning qoshlariga borib: «Ey qizim Fotima! Ali senga uylanmoqchi, bunga nima deysan?», dedilar. Muhtarama qizlari qattiq hayo va ibolari bois sukut saqlab, hech qanday javob bermadilar. Bu esa rozilik alomati edi. Bu asnoda chaqirilgan sahobalar ham yetib kelishdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga shunday dedilar:

“– Tanho hamdu sanoga loyiq, qudrati ila butun mavjudotni yaratgan Allohga behad shukrlar bo‘lsin. Shubhasiz, Alloh taolo oila qurishni va qarindosh-urug‘larni hurmatlashni amr etdi: «U suvdan – nutfadan insonni yaratib, so‘ng uni nasl-nasab egasi va quda-anda qilib qo‘ygan Zotdir. Darhaqiqat, Parvardigoringiz (har ishga) qodirdir» (Furqon, 54 oyat). Endi maqsadga kelsak, Haq taolo amriga ko‘ra, Fotimani Aliga nikohlab beraman. Agar rozi bo‘lsa, to‘rt yuz misqol kumush evaziga vojib bir amal va qoim bir sunnat ila Fotimani Ali ibn Abu Tolib (r.a.)ga uzatayotganimga sizlarni shohid qilyapman. Alloh ularning mol-dunyolariga baraka berib, nasllarini aziz qilsin. Mana shuni sizlarga ma’lum qilib, o‘zimga va barchangizga Allohdan mag‘firat tilayman”, dedilar. So‘ngra Nabiy alayhissalom bir tovoq xurmo keltirib, tashrif buyurgan mehmonlarga tortiq qildilar. Bu orada Hazrati Ali karramallohu vajhahu ham yetib keldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum ila: «Ey Ali! Men to‘rt yuz misqol kumush evaziga Fotimani senga nikohladim», dedilar. Hazrati Ali karramallohu vajhahu shukr sajdasini ado qildilar. Sarvari Koinot alayhissalom Hazrati Ali va Fotima (r.a.)larning haqqiga: «Alloh oilangizga baraka va xursandchilik bersin. Sizlarga solih farzandlar ato etsin», deb duo qildilar.

Nabiy alayhissalom: «Alloh har bir Payg‘ambarning zurriyotini uning nasabidan yaratgandir. Mening zurriyotim esa Alining nasabi ila davom etadi», deganlar (Buxoriy, Muslim). Ushbu nikoh voqeasini ko‘plab muhaddis ulamolar rivoyat qilganlar. Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu bilan Fotima Zahro roziyallohu anho onamizning oila qurishlari ikkinchi hijriy sanada Badr urushidan keyin bo‘lganligini ulamolarimiz o‘z kitoblarida bayon qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘ydan to‘rt kun o‘tganidan keyin yosh kelin-kuyovning uylariga borib xabar oldilar. O‘sha paytda Hazrati Ali karramallohu vajhahu yigirma besh yoshda, Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz o‘n sakkiz yoshda edilar. Kelinni Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu ijaraga olgan xonaga tushirishgan edilar, shundoq qilib ikki yoshning oilaviy hayotlari boshlangan edi. Mazkur ijaraga olingan xona masjidi nabaviydan uzoqroqda bo‘lgan. Nabiy alayhissalom vaqtlari bo‘lganda borib dilbandlari Fotima Zahro roziyallohu anhodan xabar olib turdilar. Keyinroq Nabiy alayhissalom ularni yaqinga ko‘chirishni reja qildilar. Bu rejadan xabar topgan sahoba Horisa ibn No‘mon (r.a.) Nabiy alayhissalomning xonalariga biriga hamdevor bo‘lgan xonasini yosh kelin-kuyovga bo‘shatib berdilar.

Madinai Munavvarada Hazrati Ali va Fotima Zahro (r.a.)lar uylarining qadimiy manbalarga ko‘ra tayyorlangan ehtimoliy maketi. Binolarda ularga tegishli deb hisoblangan buyumlar va jihozlar ham joylashtirilgan.

Hazrati Ali karramallohu vajhahu va Fotima Zahro roziyallohu anho oila qurganlaridan keyin bir yil o‘tib uchinchi hijriy sananing Ramazon oyi o‘rtalarida to‘ng‘ich o‘g‘illari Imom Hasan roziyallohu anhu dunyoga keldilar.

Imom Hasan roziyallohu anhu tug‘ilganlari haqidagi xabarni eshitgan Nabiy alayhissalom nihoyatda xursand bo‘ldilar, shoshilib kelib go‘dakni quchoqlariga olib quloqlariga ozon va iqomat aytdilar.

Rofe’ (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima roziyallohu anhoning tuqqan bolasi Hasan ibn Alining qulog‘iga azon aytayotganlarini ko‘rdim» (Abu Dovud va Termiziy). Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uchun nabiralari Imom Hasan roziyallohu anhuning tug‘ilishlari katta quvonch boisi bo‘ldi. Chunki hozirgacha, ul zot ellik yetti yoshga kirib qolgan bo‘lsalar ham zurriyotlaridan o‘g‘il farzand turmagan edi. Alloh taolo ul zotning zurriyotining davomi aynan shu go‘dakdan boshlanishini iroda qilgan edi. Nabiy alayhissalom ko‘zlarining quvonchi bo‘lib tug‘ilgan bu muborak farzandga «Hasan» (Yaxshi) deb ism qo‘ydilar. O‘sha kungacha birov o‘z bolasiga bu nomni qo‘ymagan edi. Imom Hasan roziyallohu anhuning dunyoga kelganlari Madinai Munavvarada to‘yga aylanib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallam xalqqa aqiyqa qilib berdilar. Imom Termiziy Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Hasanga bir qo‘y so‘yib aqiyqa qildilar va: «Ey Fotima, uning sochini olib, sochi vaznida kumush sadaqa qilgin»,-dedilar. Bas, tortsak, uning vazni bir dirham yoki dirhamning ba’zisicha chiqdi». Ana o‘sha kumush ham kambag‘allarga sadaqa qilindi.

Imom Hasan roziyallohu anhuning tavalludlaridan taxminan bir yilu bir oy o‘tib, to‘rtinchi hijriy sananing sha’bon oyida Imom Husayn roziyallohu anhu dunyoga keldilar. Nabiy alayhissalomning quvonchlariga quvonch qo‘shildi. Ul zot alayhissalom qo‘sh nabirali bo‘lib ikki nabiralarini mehr-muhabbat bilan tarbiya qila boshladilar.

Fotima Zahro roziyallohu anho uylariga kirish eshigi

Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho va Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning turmushlaridan tug‘ilgan Imom Hasan va Imom Husayn roziyallohu anhumolardan tashqari yana Zaynab va Ummu Kulsum ismli qizlar dunyoga kelganlar. Yana bir o‘g‘illari Muhassin esa go‘dakligida vafot etadi.

Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu kambag‘al va dunyo ishlariga zohid bo‘lganlaridan Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz bilan oilaviy hayotlari yo‘qchilik, iqtisodiy tanglik bilan o‘tgan. Bu haqiqat mo‘tabar hadis, siyrat va tarix kitoblarimizda kelgan ko‘plab rivoyatlarda o‘z aksini topgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning rayhonlari bo‘lmish Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz tegirmon aylantiraverib qo‘llari qavarib ketganidan, meshda suv tashiyverib yelkalari shilinganidan, uy supurib kiyimlari chang bo‘lganidan turmush o‘rtoqlari Imom Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga biroz shikoyat qildilar. Hazrati Imom Ali roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga asirlar kelganini, ul zotdan xodima (yordamchi) so‘rashlarini aytdilar. Fotima Zahro roziyallohu anho Nabiy alayhissalomning huzurlariga bordilar. Ul zotning huzurlarida bir necha sahobalar bor edi. Ularning oldida ehtiyojlarini ayta olmadilar. Oisha roziyallohu anhoga sekin nima sababdan kelganlarini aytdilar va qaytib ketdilar. Nabiy alayhissalomning oldilaridan sahobalar ketganidan so‘ng Oisha roziyallohu anho Fotima Zahro roziyallohu anho onamizning kelganlarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nuri diydalari Fotima Zahro roziyallohu anhoning uylariga bordilar. Ular uxlamoqchi bo‘lib turishgan ekan. Kirishga izn so‘radilar. So‘ngra kirib ularga dedilar: “Sizlarga xodimdan ham yaxshiroq narsani aytaymi? Uxlash uchun to‘shakka kirsangiz o‘ttiz uch marta tasbeh (Subhanalloh) ayting, o‘ttiz uch marta tahmid (Alhamdulillah) ayting, o‘ttiz uch marta takbir (Allohu Akbar) ayting. Ana shular siz uchun xodimdan yaxshiroqdir!, dedilar” (Buxoriy, Termiziy).

Jannat ayollarining sayyidasi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jigarporalari bo‘lmish Fotima Zahro roziyallohu anho tegirmon aylantiraverib qo‘llari qavarib ketibdi. Suv tashiyverib yelkalari shilinibdi. Uy supuraverib kiyimlari chang bo‘libdi. Bu bilan Fotima Zahro roziyallohu anho onamizning qadrlari erlari nazdida kamaydimi, otalari nazdida kamaydimi, Robbilari nazdida kamaydimi?!

Er hatto uy ishlarida xotiniga yordamlashib turishi go‘zal muomalat va sunnatdandir. Fotima Zahro roziyallohu anho cho‘ri emas edilar. Ul zoti sharifani hech kim xorlamagan edi. Ammo uy yumushlari ul zoti sharifani charchatgan edi. Umr yo‘ldoshlari Imom Ali roziyallohu anhuning xodima olib bermaganlariga sabab iqtisodiy qiyinchilik edi, ortiqcha pullari yo‘qligi edi, bu ham Alloh taoloni bandalarining sabr-qanoatini sinash uchun yuvorgan sinovlari edi. Maqsad Fotima Zahro roziyallohu anhoni qiynash emas edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham dilbandlari Fotima Zahro roziyallohu anhoga xodima bermadilar. Zero, ul zot odil edilar. Agar qizlari Fotima Zahro roziyallohu anhoga xodima bersalar, Madinadagi boshqa ayollarga ham xodima berish lozim bo‘lib qolar edi, shu sababdan bu ishni qilmagan edilar.

Ibn Is'hoq (r.a.) o‘zlarining siyrat kitoblarida quyidagilarni zikr qilganlar: “Hazrati Ali karramallohu vajhahu saharlab oilasiga yegulik topish uchun ish istab chiqib, loy qorishga quduqdan suv tashigani ishchi izlab yurgan ayolga to‘g‘ri kelib qoladilar. O‘zaro kelishib, bir paqir suvga bir donadan xurmoga ishlashga rozi bo‘ladilar. Natijada yigirma dona xurmoga ishlaydilar. Ayoldan mehnat haqini olib uyiga qaytayotgan edilar, yo‘lda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchrab qoldilar. Yonidagi narsa nimaligini so‘radilar. “Bu – xurmo. Arqon bilan quduqdan suv tortib, qo‘llarim qavarib, mehnatim evaziga topgan xizmat haqim”, dedilar Ali karramallohu vajhahu”. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ul zotning qo‘llarini silab uqalab qo‘ydilar. So‘ng yuzlarini siypalab turib: “Bu qo‘llarga Alloh baraka bersin!, deb duo qildilar va yana: “Ey Ali, xurmodan menga ham dorilikka bir dona ber”, dedilar”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suyukli qizlari Fotima Zahro roziyallohu anhoning uylariga kelib: “O‘g‘ilchalarim qani?, deb Imom Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarni so‘radilar. Fotima roziyallohu anho javob berdilar: “Ertalab tursak uyimizda yegulik narsa qolmagan ekan. Ali menga “Men ularni olib ketaman. Uyda hech narsa qolmabdi, tag‘in senga g‘alva qilishib qolmasin” deb ikkalasini ham olib yahudiynikiga ketgan edi”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha tomonga borib qarasalar nabiralari hovuz bo‘yida o‘ynab o‘tirishgan ekan. Yonlarida bir qancha xurmo. “Ey Ali, kun qizdirmasdan turib bularni olib uyga qaytmaysanmi?”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli! Ertalab tursak uyda hech narsa qolmagan ekan. Bir oz o‘tirib tursalar Fotimaga ham xurmo to‘plab olar edim”, dedi Ali karramallohu vajhahu. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir oz o‘tirib turdilar. Ali roziyallohu anhu yahudiyning xurmosini terib berar va bir paqir xurmoga bir dona xurmo haq olar edi. Bir qancha xurmo terib olgach Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga xurmolarni ko‘tarib Hasan va Husaynlar bilan birga uyga qaytdilar”.

Abu Sa’laba (r.a.)dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror safardan qaytsalar, avvalo, masjidga kirib, ikki rakat namoz o‘qir, so‘ng qizlari Fotima Zahro roziyallohu anhoni ziyorat etib, keyin zavjalarining huzurlariga kirar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni suyukli dilbandlariga shunday iltifot etdilar: «Ey Fotima, Alloh sen rozi bo‘lgan kimsalardan rozi bo‘lur, aksincha, sen g‘azablangan kimsadan esa g‘azablanur!» (Buxoriy, Termiziy va Muslim).

Fotima Zahro roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning otalik mehrlaridan doimo bahramand bo‘lar edilar. Ul zoti sharifa turmush qurib alohida oilalik bo‘lganlarida ham bu holat davom etgan. Fotima Zahro roziyallohu anho o‘z umr yo‘ldoshlari Imom Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu bilan kamtarona va saodatmand hayot kechirar edilar. Ularning hayotlari ibodat, taqvo, zohidlik va islom dinining barcha boshqa qoidalariga muvofiq hayot bo‘lganidan ham shundoq edi. Ammo issiq jon, suyaksiz til deganlaridek ba’zi hollarda eri xotin o‘rtalarida “arazlashib” qolishlar ham yuzaga chiqib qolar edi, o‘shandoq paytlarda ularning oralarini sozlashga shoshiladigan birinchi shaxs Payg‘ambar sollallohu alayhi va olihi vasallamning o‘zlari edilar. Ibn Sa’d (r.a.)ning «Tabaqot»larida va boshqa tarix manbalarida quyidagi ma’nodagi rivoyat zikr qilingan: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘z qizlari Fotima Zahro roziyallohu anhonikiga o‘ta g‘amgin holda kirib ketayotganlari ko‘rildi. Ul zot u yerda ma’lum vaqt bo‘ldilar. Keyin esa yuzlaridan quvonch barq urgan holda chiqdilar. Buni ko‘rgan sahobalar u zotdan: «Ey Allohning Rasuli, bir holda kirigan edingiz, qaytib chiqqaningizda yuzingizda bunchalik quvonchni ko‘rmoqdamiz?» dedilar. «Men quvonmay kim quvonsin! Axir men o‘zimga eng mahbub ikki kishining orasini isloh qildim!», dedilar”.

Musavvir ibn Mahrima (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh alayhissalomning minbarda turib, shunday deganlarini eshitdim: «Fotima mendan bir parchadir. Unga aziyat bergan menga jafo qilibdi. Uni bezovta etgan mening halovatimni buzibdi» (Termiziy).

Hazrati Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi ul zot bilan Fotima (roziyallohu anho)ning eshiklarini taqillatib: «Ikkovingiz namoz o‘qimaysizmi?!», dedilar. «Ey, Allohning Rasuli, jonimiz Allohning qo‘lida, qachon xohlasa o‘shanda bizni uyg‘otadi», dedim. Bas, Ul zot men o‘sha gapni aytganimda, menga biror narsa qaytarmay ketdilar. Keyin, Ul zotning burilib ketayotib, sonlariga urib: «Va inson aksari holda jadal qiluvchidir», deyayotganlarini eshitdim (Buxoriy, Muslim va Nasaiy). Bu o‘z navbatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima Zahro roziyallohu anho va ul zot sharifaning oilalarini kechasi nafl ibodat qilishga chorlashlari edi. Ana shunday tarbiyalar ta’sirida Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz dunyodagi eng ibodatli shaxslardan bo‘lib yetishdilar. Nabiy alayhissalom Fotima Zahro roziyallohu anho onamizda zohidalik, taqvodorlik hissi doimo hoyi havas, dunyo muhabbatidan ustun turishi uchun harakat qilar edilar.

Imom Bayhaqiy «Daloilun Nubuvva» nomli kitoblarida Fotima Zahro roziyallohu anhoning Uhud jangidagi ishtiroklari haqida quyidagilarni keltirganlar: «Muhojir va ansoriy ayollar chiqdilar. Yelkalarida taom va suvni ko‘tardilar. Ular bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizi Fotima ham chiqdi. U otasini va u zotdan oqayotgan qonlarni ko‘rgandan quchoqladi va yuzlaridan qonni arta boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘lsalar: «Rasulullohning yuzini qonatgan qavmga Allohning g‘azabi shiddatli bo‘ldi», der edilar».

Sahl ibn Sa’d (r.a.) rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning boshlarida dubulg‘alari sindirilganda, yuzlari qonatilganda va tishlari sindirilganda, Ali qalqonda suv olib kelar, Fotima bo‘lsa, qonni yuvar edi. U qonni ziyoda bo‘layotganini ko‘rib bo‘yrani oldida kuydirib jarohatga bosdi. Shunda qon to‘xtadi».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkani fath qilgani borganlarida Fotima Zahro roziyallohu anho ham ul zot alayhissalom bilan birga edilar. Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar Ummu Honiy binti Abu Tolib roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar: «Fath kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borsam g‘usl qilayotgan ekanlar. Fotima esa, u kishini to‘sib turar edi. Bas, Ul zot: «Kim bu?», dedilar. «Men, Ummu Honiyman», dedim”. Ushbu hadisning roviylari Ummu Honiy roziyallohu anho Payg‘ambar alayhissalomning amakilari Abu Tolibning qizlaridir. U kishi Imom Ali karramallohu vajhahuning opalari bo‘lganlar. Ummu Honiy Makkalik edilar, shuning uchun ham Makka fath etilgan kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning kelganlarini eshitib, huzurlariga borganlar. Keyin esa, hadisda vasf qilingan holatni ko‘rganlar. Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni g‘usl qilayotganlarida to‘sib turganlari ul zoti sharifa padari buzrukvorlarining xizmatlarida doimo hoziru nozir ekanliklarini ko‘rsatadi.

Ummu Honiy roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Makka fathi kuni bo‘lganda Fotima kelib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning chap tomonlariga, Ummu Honiy o‘ng tomonlariga o‘tirdi. Cho‘ri qiz bir idishdan sharob keltirib, ul zotga tutdi. Bas, ul zot undan ichdilar. So‘ngra Ummu Honiyga tutdilar. U ham undan ichdi va: «Ey, Allohning Rasuli, og‘zimni ochib yubordim, ro‘zador edim», dedi. «Biror narsaning qazosini tutayotgan edingmi?», dedilar. «Yo‘q», dedi. «Agar nafl bo‘lsa, senga zarar qilmaydi», dedilar». Yana boshqa bir rivoyatda esa: «Nafl ro‘za tutuvchi o‘z nafsining amini yoki amiridir. Xohlasa tutadi, xohlasa ochib yuboradi», dedilar» (Sunan egalari va Imom Ahmad rivoyati). Fotima Zahro roziyallohu anho onamizning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida o‘tirishlari ham ul kishining e’tiborlari ulug‘ ekanligiga dalolat qiladi.

Hazrati Fotima Zahro roziyallohu anho onamiz siyratlari va barcha fazilatlari haqida so‘z yuritishga inson na so‘z, na jur’at topa oladi. Ha, hech shubha yo‘qki ul zoti sharifa islom dini insoniyatga musulmon ayol hayotda qanday yashashi kerakligini namoyon etuvchi ideal shaxs edilar. Ul zoti sharifaning ma’naviy qiyofalari shaxsan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarbiyalari ila shakllangan edi. Sarvari Koinot alayhissalom suyukli qizlarini bashariyatni hali-hali hayratga solib kelayotgan o‘tkir donishmandligi bilan pokiza holda ulg‘aytirgan edilar.

Oisha binti Abu Bakr (r.a.) quyidagilarni aytganlar: «Ko‘rinishda, hay’atda, o‘zini tutishda, o‘tirishda va turishda Fotimachalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘xshash odamni ko‘rmadim. Agar u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirsa, ul zot o‘rinlaridan turib, o‘pib kutib olar va o‘z o‘rinlariga o‘tkazar edilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uning oldiga kirib qolsalar, u turib ul zotni o‘pib kutib olar va o‘z o‘rniga o‘tkazar edi». Yana Oisha (r.a.) aytganlar: «Odamlarning ichidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga eng mahbubi kim edi?», deb so‘raldi. «Fotima edi», dedi. «Erkaklardanchi?», deyildi. «Fotimaning eri edi. Uning faqat soimu qoimligini bilaman», dedi» (Abu Dovud, Termiziy).

Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Ahl jannatning afzali Xadiyja va Fotimadir» (Buxoriy rivoyati). Anas (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Olamlarning ayollaridan to‘rttasi senga yetadi; Mariyam binti Imron, Xadiyja binti Xuvaylid, Fotima binti Muhammad (alayhissalom) va Osiyo Fir’avnning ayoli» (Ahmad rivoyati).

(davomi keyingi qismda)

"Turkiston Sayyidlari va Eshonlari" xalqaro tashkiloti, Sayyid Ilhomxon Baxodir

Maqolalar

JANNAT AYOLLARI SAYYIDASI HAZRATI FOTIMA ZAHRO roziyallohu anho 1-qism | Shajara