banner

Sayyid Ota laqabi bilan mashhur bo‘lgan ulug' zotlar

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” shajaralarni tadqiq etish va tasdiqlash xalqaro tashkilotining faxriy shajarashunosi, tarixchi va manbashunos olim, naqib Sayyid Komilxon Kattayev “Sayyid Ota va Yassaviya tariqati murshidlari” nomli bir necha ilmiy maqolalari va kitoblarida ushbu nom bilan mashhur bo‘lgan zotlarning tarixiga keng to‘xtalib, manbashunoslikda Sayyid Ota tarixi va shajarasidagi ayrim chalkashliklar haqida ham o‘z fikr mulohazalarini bildirgan edilar. Ushbu maqolamizda Sayyid Ota laqabi bilan mashhur bo‘lgan ulug‘ zotlar to‘g‘risida xalqaro tashkilotimiz va uning hamkorlari bo‘lgan Arab mamlakatlaridagi yigirmadan ziyod "Naqobat Sodot al-Ashraf" Ahli bayt shajaralarini tadqiq etish va tasdiqlash tashkilotlari tomonidan olib borilgan uzoq yillik tadqiqotlar natijasida qo‘lyozma manbalarda aniqlangan qimmatli ma’lumotlarni qisqacha havola etamiz.

Dunyodagi aksariyat turkshunos olimlar “o‘zbek” millati va davlati nomining kelib chiqishini Oltin O‘rda xoni O‘zbekxon va uning piri Sayyid Otaga bog‘lab kelishadi. Chunki, “o‘zbek” toponimi Sayyid Ota va O‘zbekxon davrlarigacha umuman tarixda tilga olinmagan va uchramagan edi. 1290-1312 yillarda Oltin O‘rdada hukm surgan To‘qtag‘uxon o‘lgandan so‘ng o‘n uch yoshli o‘g‘li O‘zbekxon (1312-1342) xon bo‘ladi. O‘sha davrlarda g‘azovot sa’yi bilan yurtlarda yurgan Zangi Otaning shogirdi bo‘lgan Sayyid Ota bu xonga islomning ustuvor va haqiqiy dinligini isbotlab bergach, O‘zbekxon islom dinini qabul qilib, musulmonlik bilan sharaflanadi hamda Sayyid Otaga irodat qo‘lini berib murid tushadi. Hazrati Sayyid Ota unga Muhammad O‘zbekxon nomini berib, barcha xalqini Movarounnahrga olib o‘tish taklifini beradi. Bu, Muhammad O‘zbekxonga ma’qul tushadi va aksariyat xalqini hozirgi O‘zbekiston zaminiga ko‘chirtiradi. Xalqining qolgan qismi “Qalmoq” (ya’ni, ko‘chmay qolib ketgan ma’nosida) nomini oladi va bu xalq hozirgi Rossiya davlatining Kalmikiya hududida joylashgandir. Ushbu naql hozirga qadar ustuvor tarzda yozilib kelinmoqda. Ushbu voqea haqidagi ma’lumotlar Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarayi Turk”, Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba’i ulus” (To‘rt ulus tarixi), Faxruddin Ali Safiyning “Rashahoti aynul-hayot”, Shahobiddin Marjoniyning “Mustafodur-axbor fi ahvoli Qazon va Bulg‘or” kabi va boshqa asarlarda ham keng yoritilgan. Mazkur asarlarda Sayyid Ota haqidagi zikrlar alohida boblarda berilgan. Shuni aytish joizkim, Yassaviya jahriya silsilasi suluki arboblari Zangi Otaning uchinchi xalifasi Sadr Ota orqali tarqalgan bo‘lsada, Yassaviya tariqatining o‘nlab, balkim yuzlab mashhur arboblari orasida Sayyid Ota qo‘l bilan sanoqli buyuk arboblardan biri sifatida tanilganlar va Yassaviya-Sultoniya silsilasi sulukining davomchisi bo‘lganlar.

Tarixiy manbalar va qo‘lyozma shajaralarda Sayyid Ota laqabli bir necha zotlar haqida ma’lumotlar keltirilgan bo‘lib, ba’zi tarixchilar Sayyid Ota bir shaxs bo‘lgan va bu ma’lumotlar aynan bir shaxs haqida deb aytib kelishadi, lekin asarlardagi voqe’liklarni va davrlarini hisobga oladigan bo‘lsak, so‘z Sayyid Ota laqabli turli shaxslar to‘g‘risida ekanligini guvohi bo‘lamiz va buni O‘rta Osiyodagi sayyidatoyilarning qo‘lyozma shajaralari ham tasdiqlaydi. Sayyid Ota nomli maqbaralar Sayramda, Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qoraqamish mavze’sidagi “Sayyid Ota” ziyoratgohida, Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanidagi “Sayyid Ota” ziyoratgohida, Buxoro viloyati Shofirkon tumani Jo‘yrabod qishlog‘ida, Qashqadaryo viloyatidagi “Sayyid Ota” ziyoratgohida, Xorazmda, Qo‘ng‘irot (hozirgi Mo’ynoq tumani)dagi “Hakim ota Sulaymon Boqirg‘oniy” ziyoratgohida va boshqa viloyatlarda ham mavjud. Shuni ta’kidlash joizkim, mazkur Sayyid Ota nomli zotlarning nasab shajaralari Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning nabiralariga borib tutashadi.O‘z davrida mashhur bo‘lgan bu ulug’ zotlarning ismlari ko‘plab qo‘lyozma manbalarda uchraydi va ularning avlodlari asrlar davomida o‘zlarini Sayyid Ota avlodlari, “sayyidatoyi sayyidlar” deb atab kelishgan. Ular:

  1. Hazrati Sayyid Ota (Ato) (q.s.) – bu sohibi karomat avliyo zotning muborak nomlari qo‘lyozma manbalarda Sayyid Ahmad, Sayyid Abu Nosir Ahmad va Sayyid Ahmad Solih alayhirrahma tarzida zikr etilgan bo‘lib, laqablari Sayyid Ota (Ato), Xilvatiy, Boqirg‘oniy ila mashhurdir. Yassaviy tariqatining mashhur shayxi Hazrati Zangi Ota (q.s.)ning ikkinchi xalifasi bo‘lgan. Bu ulug‘ zotning tug‘ilgan va vafot etgan sanasi manbalarda turlichadir, ammo ba’zi tarixchilar ul zotning yuz yoshdan oshib vafot etganliklarini keltirishgan. Oltin O‘rda xoni O‘zbekxon (vaf.1349 y.)ning hukmronlik davri 1312 yildan 1342 yilgacha davom etganini inobatga olsak, Sayyid Ota hazratlari shu yillar oralig‘ida yashab, Oltin O‘rdani, Dashti Qipchoq, Volga bo‘yi va Sharqiy Turkiston aholisini islom diniga da’vat etib, islom tasavvufi tarixida eng ulug‘ g‘azovot qilgan piru murshidlarning biri sifatida tarixda chuqur iz qoldirgan. Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi Arba’i ulus” asarida: “O‘zbekxon o‘zbek ulusiga (Oltin O‘rdaga) podshoh bo‘ldi”, deb yozilgan. So‘ngra, 720/1320 yilda Hazrati Sayyid Otaning sa’y-harakati bilan Dashti Qipchoq aholisidan musulmon dinini qabul qilganlarni o‘zbeklar, qabul qilmaganlarni esa qalmoqlar (qalmiq) deb atay boshlaganlari bayon etilgan. Hazrati Sayyid Otaning nasabnomasi to‘g‘risida qadimiy asarlarda va qo‘lyozma shajaralarda ma’lumotlar keltirilgan, jumladan, Sayyid Otaning nasabnomasi bayon etilgan qadimiy asarlardan biri bo‘lgan Kubraviya tariqati mashhur murshidi Shayx Maxdumi Xorazmiyning maqomoti bo‘lmish XVI-asrda yozilgan “Jodatul oshiqin” (muallifi Sharofiddin Husayn Xorazmiy) asarida hamda Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlaridan topilgan bir necha qadimiy qo‘lyozma shajaralarda, Hazrati Sayyid Otaning nasabi Imom Ali Naqiy (Hodiy) ibn Imom Muhammad Taqiy ibn Imom Ali Muso Rizoga borib tutashishi zikr etilgan. Shuningdek, mazkur qadimiy avlodnomalarda Hazrati Sayyid Otaning nomlari “Sayyid Ota laqabli Sayyid Ahmad Xilvatiy” hamda “Sayyid Ahmad Solih mulaqqabi Sayyid Ota alayhirrahma ibn Sayyid Amir Hasan (kuniyasi - Abu Bakr Mahmud Yahyo, laqabi - ar-Rizo) ibn Sayyid Burhoniddin Sulaymon al-Qodiriy al-Boqirg‘oniy” deb, ya’ni “Xilvatiy” – xilvat go‘shanishinda turuvchi avliyo zot ma’nosida keltirilgan. Mazkur qadimiy qo‘lyozma manbalar, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi Payg‘ambar alayhissalomning Ahli bayti nasabnomalarini tadqiq etuvchi va xalqaro darajada tasdiqlovchi “Naqobat Sadat al-Ashraf” tashkilotlarining taniqli nasabshunos olimlari tomonidan ham o‘rganilgan va tasdiqlangan hamda Hazrati Sayyid Ota nasabnomasiga oid tegishli qarornoma va guvohnomalar avlodlariga taqdim etilgan. XIX asrda bitilgan Nosiriddin Buxoriyning “Tuhfat uz-zoyirin” asarida hamda ba’zi qo‘lyozma shajaralarda Hazrati Sayyid Otaning nasabi Sayyid Ja’far Nuriddin ibn Amir Hasan Abdulhaq ibn Amir Hisomiddin Muhammad Javhariy ibn Ibrohim Rizo ibn Imom Ali Muso Rizo ibn Imom Muso Kozimga borib ulashgan. Ushbu nasabnomada jiddiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan, birinchidan, ansob (nasab) ilmiga oid asarlardan bo‘lgan, alloma Ibn Hazm al-Andalusiy (hijriy 384-456 y.)ning “Jumhur al-Ansob”, alloma Faxriddin ar-Roziy (hijriy 543-604 y.)ning “Shajaratul muboraka” asarida va boshqa nasab ilmiga oid manbalarda Imom Ali Muso Rizoning Sayyid Ibrohim Rizo degan o‘g‘li bo‘lganligi keltirilmagan, balki Imom Ali Rizoning Sayyid Imom Muhammad Taqiy, Sayyid Hasan Abu Tolib, Sayyid Husayn, Sayyid Ali va Sayyid Muso ismli to‘rt o‘g‘li va Fotima ismli bir qizi bo‘lganligi bayon etilgan. Bu o‘g‘illaridan Sayyid Husayn ikki yoshida vafot etganligi, Sayyid Ali va Sayyid Muso otasi hayotligida vafot etgani va ulardan avlodlar qolmaganligi, Sayyid Hasan Abu Tolib va Imom Muhammad Taqiydan avlodlar boqiy qolganligi bayon etilgan. Ikkinchidan, mazkur ansob kitoblarida Sayyid Ibrohim Rizo (Murtazo) Imom Muso Kozimning o‘g‘li ekanligi keltirilgan bo‘lib, uning Sayyid Ja’far yoki Amir Hasan Abdulhaq nomli nabirasi bo‘lganligi zikr etilmagan, balki Sayyid Ibrohim Murtazo (Rizo)ning Sayyid Ali, Sayyid Ahmad, Sayyid Abu Ibrohim, Sayyid Muso Abu Sabha, Sayyid Ja’far va Sayyid Ismoil ismli o‘g‘illari bo‘lganligi va bulardan faqatgina Sayyid Ahmad va Sayyid Muso Abu Sabhadan avlodlar boqiy qolganligi bayon etilgan. Boshqa sayyidlar sulolasi avlodlariga boqiy qolgan hujjatlar kabi, Sayyid Ota avlodlariga qolgan qo‘lyozmalar ham ba’zi kamchiliklardan xoli emasligini ko‘rish mumkin va bu diyorimiz shajarashunosligi va manbashunosligida ko‘p uchraydigan holdir. Shu sababdan ham “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro tashkiloti Arab dunyosidagi bir necha xalqaro Naqobat markazlari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, nasabnomalardagi shunga o‘xshash ismlardagi xato-kamchiliklarni aniqlab, qadimiy ansob manbalaridagi ma’lumotlar bilan solishtirgan holda sahih shajaralarni tuzib, ularni xalqaro miq’yosda tasdiqlab kelmoqda. Ansob (nasab) kitoblarida Imom Ali Naqiyning Sayyid Imom Hasan Askariydan tashqari yana Sayyid Abu Ali Muhammad Kabir Askariy ismli to‘ng‘ich farzandi bo‘lganligi va uning Sayyid Ali ismli (laqablari - Sulton Sodot, al-Amir Nuriddin, al-Akbar) ismli o‘gli bo‘lib, uning avlodlari Eron va Movarounahrga ham tarqalganligi va ular «Sohib al-Askari» va «Sodoti al-Buxoriy», «Sodoti al-Baaj», «Sohib al-Naqiy al-Askariy» deb atalishi haqida, Buxoro va Samarqand hududida hamda Turkiya, Eron, Iroq va Arab davlatlarida ayniqsa Xuziston, Basra, Najaf, Bog‘dod, Maysan, Kadisiya, Vasit o‘lkalarida Sayyid Ali ibn Sayyid Muhammad Askariyning avlodlari borligi to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud. Chunonchi, Imom Ali Naqiyning to‘ng‘ich o‘gli Sayyid Abu Ali Muhammad Kabir al-Askariy otasidan so‘ng Imom bo‘lib saynalishligi sababidan “Sayyid Imom” deb ham atalganlar hamda tarixiy manbalar va qo‘lyozma shajaralarda uning ismi “Sayyid Imom Askariy” deb yozilgan holda ham uchraydi. Shuningdek, Qashqadaryo va Samarqand viloyatida hamda Ishtixon tumanida topilgan qo‘lyozma shajaralarning mantlarida ham Sayyid imom Muhammad Askariy ismi ham zikr etilgan. Iroqdagi Sodoti al-Baaj sayyidlar sulolasining bosh naqibi, Karbalodagi Imom Husayn Shahid (r.a.) xalqaro markazi raisi dr. Sayyid Valid al-Baaj janoblari ham Hazrati Sayyid Ota shajarasini tadqiq va tahlil etib, sahihligini tasdiqlagan. Shuningdek, Hazrati Sayyid Otaning nasabnomasida zikr etilgan ajdodi Sayyid Amir Ahmad Buloqiy Nasriddin Xilvatiyning ukasi Sayyid Ali al-Amirning avlodi bo‘lgan o‘z davrining mashxur avliyosi - Sayyid Shamsiddin Muhammad Amir Sulton Buxoriy (1368-1429), Usmoniylar sultoni Boyazid Yildirimning ustozi hisoblangan. Uning avlodlari «Sodoti al-Buxoriy» deb atalishadi. Mazkur sulolaning nasab shajaralarida Sayyid Ali al-Amirning Sayyid Muhammad ismli o‘glidan mashxur avliyo Amir Kulol Shamsiddin (q.s.)ning avlodlari tarqalganligi qayd etilgan. Xozirda ushbu sulolalar arab diyorlarida Imom Ali Muso Rizo (r.a.)ga nisbat bergan holda «Sodoti Razzaviy», «Sodoti al-Buxoriy Razzaviy» va «Sodoti Razzaviy Naqviy al-Husayniy» deb ataladilar. Dunyodagi yigirmadan ortiq Ahli bayt Naqobat tashkilotlarining nasabshunos olimlari va naqiblarining xulosalariga ko‘ra, Hazrati Sayyid Otaning nasablari o‘ninchi Imom Ali Naqiy (Hodiy)ning to‘ng‘ich o‘g‘li Sayyid Muhammad al-Askariy (laqablari – al-Kabir, al-Akbar, ar-Rizo, al-Amir, al-Javhariy, al-Baaj, al-Burhon)ga borib ulanishi to‘g‘ri va sahih deb topilgan. Qadimiy qo‘lyozma shajaralarda Hazrati Sayyid Otaning bir necha o‘g‘illari bo‘lganligi va ularning nomlari, kuniya va laqablari zikr etilgan, ular; Sayyid Nosir xoja Abu Ja’far Umar (ayrim qo‘lyozma shajaralarda Sayyid Otaning kuniyasi Abu Nosir, ya’ni “Nosirning otasi” deb ham kelgan), Sayyid Amin xoja Muhammad laqabi Mohruy, Sayyid Abdulloh Zarbaxsh va Sayyid Mahdiy xoja al-Qosim bo‘lib, ulardan avlodlar boqiy qolganligi zikr etilgan. Sayyid Amin xoja Muhammad laqabi Mohruy (ya’ni “mohruy” - chiroyli yuzli ma’nosida)dan avlodlar boqiy qolgan bo‘lib, ular diyorimiz tarixida katta mavqega ega bo‘lishgan, misol o‘rnida Shayboniylar davrida yashagan sayyidlar naqibi Sayyid Nosirxoja Sayyidatoyi, Xiva xonligi bosh vaziri Sayyid Islomxoja ibn Sayyid Ibrohimxoja, Buxoro viloyati, Samarqand va Ishtixon tumanidagi sayyidatoyilarning aksari mazkur sulola vakillaridir. Sayyid Amin xoja Muhammad laqabi Mohruyning maqbarasi Xiva shahri “Sayyid Mohruyi Jahon” nomli ziyoratgohda joylashgan. Mazkur maqbarada Xiva xonlari ham dafn etilgan. Manbalarda Hazrati Sayyid Otaning o‘g‘li Sayyid Abdulloh Zarbaxshning Sayyid Akbar Allouddin Porso va Sayyid Muhammadxoja ismli farzandlaridan ko‘plab avlodlar tarqalgan, ayrim qo‘lyozma manbalarda Sayyid Abdulloh Zarbaxshning Sayyid Ibrohim ismli o‘g‘li ham bo‘lganligi zikr etilgan. Mazkur sayyidzodalar Movarounnahr zaminida yuqori mavqega ega bo‘lishgan. O‘z davrining hukmdor sulolalari Hazrati Sayyid Ota avlodlaridan bo‘lgan sulola tabaqasi vakillarini vaqti-vaqti bilan elchilik va naqiblik (“naqib” – viloyat rahbari, xokimi bilan teng lavozim hisoblangan) mansablari bilan sarafroz etishgan. Bu haqida Hofiz Tanishning “Abdullanoma”, Mirzo Shams Buxoriyning “Tarixi Buxoro”, “Tuhfatul xoniy (Tarixiy Rahimxoniy)” va Muhammad Yusuf Bayoniyning “Shajarai Xorazmshohiy” kabi asarlarda ma’lumotlar mavjud. Hazrati Sayyid Ota umrining so‘nggi yillarida mashhur avliyo Hakim Ota Sulaymon Boqirg‘oniyning maqbarasida (hozirgi Muynoq tumanida joylashgan) chiroqchilik (shayxlik) qilgan va o‘sha yerda dafn etilgan.

suratda: Hazrati Sayyid Otaning qabri joylashgan "Hakim Ota Sulaymon Boqirg‘oniy" maqbarasi (Mo'ynoq tumani)

  1. Sayyid Ota (Ato) – asli ismi Sayyid Ahmad Mir Usmon ibn Sayyid Abdulaziz Feruzshoh Umar Qattolqul bo‘lib, Sayyid Ota Soniy (ikkinchi) nomi bilan mashhur bo‘lgan sufiydir. Maqbarasi Buxoro viloyati, Shofirkon tumanining Kattaqishlog‘ida joylashgan.

  2. Sayyid Ota (XV-asr) – to‘liq ismi Shayx Sayyid Ahmad bo‘lib, mashhur so‘fiy shoir, Kubraviya tariqati shayxi Shayx Shamsiddin O‘zgandiy (15-16 asr)ning ustozi bo‘lgan.

  3. Sayyid Ota (XVI-XVII-asr) – qo‘lyozma manbalarda bu zotning to‘liq ismi Sayyid Fathulloh Ahmad ibn Sayyid Abdulloh Zuhriddin Muhammad ibn Sayyid Abulfayz Darvesh bo‘lib, nasab shajarasi 26 ajdod bilan Sulton Burhoniddin Qilich ibn Kamoliddin Madiniy orqali Sayyid Abu Tolib Muhammad Ali Arshad al-Hasan ibn Imom Ali Muso Rizoga borib tutashgan. Maqbarasi Qarshi tumanining Padaron qishlog‘ida joylashgan.

Sayyid ota laqabli Sayyid Fathulloh qabri, "Yetti Tug'ota" , Padaron MFY, (Qarshi t.)

  1. Sayyid Ota Valiy (XV-XVI asr) – Sayyid Shoh Murtazo Valiy ibn Sayyid Mirzo Husayn bo‘lib, nasab shajarasi 29 ajdod bilan Sayyid Muhammad Qosim ibn Sayyid Abul Qosim Hamza ibn Imom Muso Kozim (r.a.)ga borib tutashgan. Avlodlari Toshkent viloyati Parkent va Yangiyo'l tumanlarida mavjud.

«Sayyid Ota» maqbarasi, Yangiyo'l tumani, Toshkent viloyati

  1. Sayyid Ota – bu zotning to‘liq ismi Sayyid Ahmad ibn Sayyid Qutbiddin ibn Sayyid Jaloliddin bo‘lib, nasab shajarasi 16 ajdod bilan Sayyid Mujob ibn Sayyid Abdulloh ibn Imom Muso Kozim (r.a.)ga borib tutashgan. Bu zotning avlodlari Toshkentda yashab kelishmoqda.

“Sayyid Ahmad laqabi Sayyid Ota” maqbarasi. Qoraqamish, Toshkent shahri

Yuqorida to‘liq ismlari keltirilgan Sayyid Otalardan avlodlar tarqalgan bo‘lib, ular o‘zlarini "sayyidatoyilar" (ya’ni sayyid ota avlodlari) deb atab kelishmoqda. Xalqaro tashkilotimiz mutaxassislari va Yaqin Sharq davlatlaridagi nufuzli Ahli bayt Naqobat tashkilotlari nasabshunos olimlari ushbu sayyidatoyilarning nasab shajaralarini tadqiq va tahlil etishgan, ularning ajdodi sanalgan Sayyid Ota laqabli ulug‘ zotlar turli davrlarda yashaganliklari hamda ularning shajaralarida nomlari zikr etilgan ajdodlarining nomlari ham turlicha bo‘lganligini guvohi bo‘linmoqda. Shuningdek, o‘z faoliyatimiz davomida diyorimizda topilayotgan ba’zi qo‘lyozma shajaralarda keltirilgan ulug‘ zotlarning nasabnomalari ularning yurtimizda va Arab diyorlarida yashab kelayotgan avlodlari qo‘lida saqlanayotgan qo‘lyozma manbalar bilan ko‘p hollarda mos kelmasligiga ya’ni bir-biriga muvofiq kelmasligiga ham guvoh bo‘linmoqda. Jumladan, Sayyid Ota laqabli zotlarning shajaralari borasida ham ba’zi tarixchilarimiz kitoblarida chalkashliklarga ham yo‘l qo‘yilib kelinmoqda. XIX asrning 20-yillarida professor Abdurauf Fitrat hazratlari Shayx Sayyid Ahmad bilan Sayyid Ota laqabli avliyo zotlarni adashtirmaslikka chaqirgan edilar. "Turkiston Sayyidlari va Eshonlari" xalqaro tashkiloti hamda uning ilmiy hamkorlari bo‘lgan Yaqin Sharq mamlakatlaridagi xalqaro naqobat tashkilotlarining nasabshunos va manbashunos olimlari, diyorimiz tarixchilardan yuqorida keltirilgan Sayyid Ota laqabli zotlarni bir-biri bilan adashtirmaslikka chaqirib qoladi. Shu sababdan ushbu kamchiliklarni tuzatish uchun o‘z davrining nasab ilmini olimlari bo‘lgan allomalarning qadim ansob (nasab) ilmiga oid asarlariga murojaat qilish hamda arxivlardagi avlodnomalarni hamda ushbu zotlarning hozirgi avlodlari qo‘lidagi qadimiy qo‘lyozma shajaralarni ham asos sifatida foydalanishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xalqaro tashkilotimizga murojaat qilayotgan ko‘plab sayyidzodalarning nasabnomalari dunyodagi yigirmadan ortiq “Naqobat Sodot al-Ashraf” nasabshunoslik markazlari olimlari tomonidan ham ansob (nasab) ilmiga oid qadimiy manbalar bilan solishtirilmoqda, tadqiq va tahlil etilmoqda hamda qayta tasdiqlanmoqda. Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, xalqimiz qo‘lida hali o‘rganilmagan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan turli sulolalarga oid ko‘plab qo‘lyozmalar saqlanmoqda, ularni tadqiq va tahlil etish hamda xalqaro miq’yosda qayta tasdiqlash zarurdir.

"Turkiston Sayyidlari va Eshonlari" xalqaro tashkiloti, faxriy shajarashunos dr. Mir Asqar Obidov

Maqolalar

Sayyid Ota laqabi bilan mashhur bo‘lgan ulug' zotlar | Shajara