banner

Hazrati Imom Ali Zaynulobidin ibn Imom Husayn (r.a.)

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin! Payg‘ambarimizga va ul zotning ahli baytiga mukammal va batamom salavotu salomlar bo‘lsin!

Ismlari: Ali (r.a)

Mansablari: Imom.

Mashhur unvonlari: Zaynulobidin (obidlar ziynati, a’losi), as-Sajjod (ko‘p sajda qiluvchi), az-Zakiy (zukko, aqlli), al-Amin (ishonchli).

Kunyalari: Abu Muhammad, Abu Abdulloh, Abul Hasan, Abul Husayn.

Otalari: Imom Husayn ibn Hazrati Ali ibn Abu Tolib ibn Abdumuttalib ibn Hoshim al-Qurayshiy.

Onalari: Shahribonu (Shahizinon, G‘azola) binti Yazdegerd III (Sosoniylar podshohi).

Umrlari: 58 yosh

Imomlik muddati: 34 yil

Tashqi ko‘rinishlari: Payg‘ambar alayhissalomga o‘xshagan.

Umr yo‘ldoshlari: Ummu Abdulloh Fotima binti Imom Hasan (r.a.), Ummu Zayd, Ummu Husayn, Jaydo.

Farzandlari: Imom Muhammad Boqir va Abdulloh Bohir (bularning onasi Fotima binti Hasan r.a.), boshqa ayollaridan: Zayd Shahid, Umar Ashraf, Hasan, Husayn Akbar, Husayn Asg‘ar, Ali Asg‘ar, Ubaydulloh (Abdurahmon), Sulaymon, Muhammad Asg‘ar, Qosim, Zaynab, Hadicha, Fotima, Ummu Kulsum, Oisha, Oliya.

Avlodi davom etgan o‘g‘illari: Imom Muhammad Boqir, Abdulloh Bohir, Zayd Shahid, Umar Ashraf, Husayn Asg‘ar, Ali Asg‘ar.

Ilmiy merosi: “Sahifai Sajjodiya” duolar to‘plami.

Tug‘ilish tarixi va joyi: 659 milodiy, 36-hijriy yil sha’bon oyining 5-kunida Madinai Munavvarada.

O‘lim tarixi va joyi: 713 milodiy, 95-hijriy yil 12-muharramda Madina shahrida. Qabrlari Baqi’ qabristonida.

Kisrolar (qadimgi Fors podshohlarining unvoni) saltanatining so‘nggi podshohi, Sosoniylar hukmdori Yazdegerd III ning musulmonlar tarafidan asirga tushgan uchinchi qizi Shahizinon (boshqa manbalarda Shahribonu) Hazrati Husayn ibn Ali (r.a.)ning ihtiyorlarida edi. Shahizinon Islomni qabul qildi, musulmon bo‘ldi va uning islomi go‘zal bo‘ldi. Allohning mustaqim dinini qabul qilishga musharraf bo‘ldi, qullikdan ozod etildi. Cho‘ri edi, hur-ozod bo‘ldi va Hazrati Husayn (r.a.)ning jufti haloliga aylandi. U o‘zining Sosoniylar saltanatidagi butparastlik diniga bog‘liq barcha narsadan aloqani uzishni istadi. Shuning uchun Shahizinon - ayollar malikasi ismini G‘azolaga o‘zgartirdi. G‘azola shohlarning qizlariga munosib, eng yaxshi jufti halol bo‘ldi. Endi uning farzand ne’matiga yetishish orzusi qolgandi, xolos. Alloh unga iltifot ko‘rsatib, onalik ne’matini ham ato etdi. Imom Husayn (r.a.)ga ko‘zni quvontiradigan nurli o‘g‘il tug‘ib berdi. Chaqaloq bobosi Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuga o‘xshasin deb, uni Ali deb atadilar. Biroq G‘azolaning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Uni nifos bezgagi kasalligi tutdi va farzandidan ko‘zi quvonishiga ulgurmay turib Robbining nidosiga labbay deb, olamdan o‘tdi. Chaqaloqni parvarishlash vazifasi Hazrati Husayn (r.a.)ning cho‘risiga topshirildi. Cho‘ri uni, mushfiq ona o‘z bolasini yaxshi ko‘rishidan ko‘ra ortiq yaxshi ko‘rdi. Mehribon ona o‘zining yolg‘iz farzandiga ko‘rsatadigan g‘amxo‘rlikdan ko‘ra, ko‘proq g‘amxo‘rlik qildi. Bola ham cho‘rini o‘z onasi deb o‘sib ulg‘aydi.

Ali ibn Husayn (r.a.) dastlabki saboqni o‘z uylarida padari buzrukvorlari Hazrati Husayn (r.a.)dan oldilar. Bolalik chog‘idanoq bobokalonlari Sarvari Koinot Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning muborak hadislarini yod olib rivoyat qilar edilar, Payg‘ambar alayhissalomning siyratlari va g‘azotlarini o‘rganib, majlislarda mo‘min musulmonlarga so‘zlab berar edilar. U zotning ikkinchi madrasasi esa buyuk Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning masjidlari bo‘ldi. O‘sha vaqtda Masjidun Nabiy hayot bo‘lgan sahobalar va tobe’inlarning peshqadamlari bilan to‘la edi. Sahobalar ham, peshqadam tobe’inlar ham yosh tobe’inlarga bag‘rilarini keng ochgan edilar. Ularga Alloh azza va jallaning Kitobi bo‘lgan Qur’oni Karimni o‘rgatar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini, uning maqsad-mohiyati bilan tushuntirardilar. Bolalarning jajji qalblarini Alloh taolaga muhabbat bilan to‘ldirar edilar. Natijada ular yetuk ulamolar va to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi yetakchilar bo‘lib yetishdilar. Ali ibn Husayn (r.a.)ning qalbi Allohning Kitobiga bog‘langanchalik biron narsaga bog‘lanmadi. Uning xis-tuyg‘ulari Qur’ondagi va’dalarga tebrangani kabi boshqa narsaga tebranmadi. Jannatning vasfi kelgan oyatlarni tilovat qilganida, unga bo‘lgan zavq-shavqining ko‘pligidan yuraklari jo‘sh urib ketar edi. Do‘zaxning zikri kelgan oyatlarni eshitsa, xuddi do‘zaxning olovi uning ichida ekandek chuqur xo‘rsinar edi. Ali ibn Husayn (r.a.) yigitlikda ham ilmda ham kamolotga yetganida, Madina ahli Banu Hoshim avlodlari ichida seribodat va chin taqvoli, buyuk fazilat va axloq sohibi, yaxshilik va ezgulikka boy, keng bilim va ma’rifatli yigitga erishdilar. U zot ibodat va taqvoda shu darajaga yetdilarki tahorat va namoz orasida uni qattiq titroq ushlar, xuddi bezgak tutgandek badani qaltirar edi. Bu haqda so‘ralganida: “Holingizga voy bo‘lsin! Hozir Kimning oldida turishim va Kimga ibodat qilishimni bilmaydigandek so‘raysizlar-a!”, deb javob bergan ekanlar. Taqvo, oliyjanoblik va ma’rifat Ali ibn Husayn (r.a.)ning maqomini yuksaltirdi. U zot yuksak ma’naviyatlari va go‘zal ahloqlari bilan musulmonlar qalbidan shunday joy oldilarki, o‘z davrlarida bunday martaba u kishidan o‘zga biror kishiga nasib etmagandi.

Hazrati Imom Husayn (r.a.)ning ushbu o‘g‘illarining mashhur nomlari manbalarda “Zayn ul-Obidin” – o‘zbek tilida “Obidlar ziynati” hamda “as-Sajjod” – “Ko‘p sajda qiluvchi” deb zikr etilgan. Musulmon ummati Ali Zaynulobidin (r.a.)ga chin muhabbat ila mehr qo‘ydilar. Ali Zaynulobidin (r.a.) kechalari uxlamasdan tonggacha ibodat qilar va ko‘p sajda qilishlari tufayli musulmonlar u kishini “as-Sajjod” deb, ya’ni “ko‘p sajda qiluvchi”, “ko‘p ibodat qiluvchi” unvoni bilan atar edilar.

Dashti Karbalo

Muharram oyining hijriy qamariy 61-yili Ashuro hodisasi, Karbalo fojiasi deb nom olgan kunda sodir bo‘lgan xunrezliklar, dahshatli voqealar va qon to‘kishlarda hazrati Imom Husayn (r.a.)ning o‘g‘illaridan faqatgina Ali Zaynulobidin (r.a.) omon qolganlar. Kasalliklari sababli u kishi otalari hazrati Husayn (r.a.) va birodarlari Dashti Karbalodagi jangda shahid bo‘lganlarini ko‘ra olmagan va urush maydoniga chiqa olmagan edilar. Hazrati Husayn (r.a.) va safdoshlarining Ashuro hodisasidagi shahodatlaridan so‘ng, u zotning barcha ahli oilalari asirga olinganlar, xattoki, g‘orat (talonchilik) natijasida askarlar asirga olingan xotin-xalaj va yosh qizlarning zebu ziynatlari, qimmatbaho taqinchoqlarini qo‘loqlaru bo‘ynilaridan tortib uzib olganlar, ularga turli tan jarohatlarini yetkazgan edilar.

Barcha asirlar Kufa hokimi Ubaydulloh ibn Ziyod qasriga yuborilganlar. Kufa hokimi Ibn Ziyod asirlarni o‘zining qarorgohiga kiritishdan avval, istagan kishi qasrimga kirishi mumkin, degan buyruqni beradi. To‘plangan olomon nazdiga asirga olinganlarni kiritishadi. Karbalo shahidi Hazrati Husayn (r.a.)ning muborak boshlarini Ibn Ziyod oldiga qo‘yadilar, u nokas esa qo‘lidagi cho‘pi bilan u zotning tanasidan judo qilingan muborak boshlariga uradi. So‘ng kasallikdan holsizlangan Zaynulobidin (r.a.)ga yuzlanib, “Seni isming nima?”, deydi. Hazrati Zaynulobidin (r.a.): “Ali ibn Husayn”, deb javob beradilar. Ibn Ziyod: “Ali ibn Husaynni Alloh Karboloda o‘ldirmadimi?”, deydi. Hazrati Zaynulobidin (r.a.): “Meni Ali degan ukam ham bor edi. Odamlar uni o‘ldirishdi”, deb javob beradilar. Ibn Ziyod: “Uni odamlar emas, balki Alloh o‘ldirdi”, deydi. Hazrati Zaynulobidin (r.a.) hazratlari: “Hech kim Allohning iznisiz o‘lmaydi!”, deb javob qaytaradilar. Ibn Ziyod hazrati Ali Zaynulobidin (r.a.)ning hozir javobliklariga chiday olmay, uni qilich bilan chopib tashlashlarini buyuradi. Shu lahzada Imom Husayn (r.a.)ning singillari Zaynab binti Ali (r.a.) o‘zlarini jiyani Ali Zaynulobidinga qalqon qiladilar.

Ali Zaynulobidin (r.a.) Ibn Ziyodga salobat bilan xitob aylab: «Shahodat biz uchun iftixor ekanligini hali ham tushunmadingmi?!», deydilar. Ibn Ziyod Karbaloda barcha asirga olinganlarni Shomga Yazid ibn Muoviyaning qarorgohiga yuborishni buyuradi. Karbaloda asirga olingan ahli bayt xonadoni vakillari, xotin-xalaj, ayollar va yosh bolalar Yazidning Shomdagi saroyiga yuboriladilar. Hazrati Imom Husayn (r.a.) va safdoshlarining tanalaridan judo qilingan boshlari esa uzun nayzalarni uchlariga osiladi. Barchalari Shomga qo‘riqchi jangchilar hamrohligida boradilar.

Karbalo asirlarini Shomga kirib kelishi

Hazrati Imom Ali Zaynulobidin (r.a.) padari buzrukvorlari va ulug‘ ajdodlari singari ma’naviy ahloqiy kamolot va insoniy fazilatlarga ega bo‘lgan yetuk shaxs edilar. U kishi Shom diyoriga asir qilib olib borilganlarida, Shom ahlining aksari asirlarning kimlar ekanligini bilishmasdilar va ularni mas'hara qilib kuzatib turardilar. Shunda Shom ahlining yoshi ulug‘laridan biri Zaynulobidin (r.a.)ga qarab, “Kimlar sizlar?”, deb so‘raydi. Imom hazratlari: “Siz Qur’oni Karimning Ahzob surasi 33-oyatini o‘qiganmisiz?”, deb so‘raydilar. U kishi: “Ha, albatta”, deydi. Imom hazratlari: “O‘sha oyat biz haqimizda!”, deb javob beradilar va Islomni faqat Ummaviylarning yurish-turishida ko‘rgan Shom ahliga o‘zlarini bunday tanishtiradilar: «Men Makka va Minoning farzandiman». «Men Zamzam va Safoning farzandiman». «Men Hajarul-Asvadni muborak etaklariga olib, o‘rniga joylashtirgan kishining farzandiman». «Men mushriklar bilan kurashib, ularni «La ilaha illalloh» deyishga undagan Imom Ali Murtazo karramallohu vajhahuning farzandiman». «Men dunyo ayollarining sarvari Fotimai Zahro Sayyidatunnisoning farzandiman». «Men Hadichai Kubroning farzandiman». «Men zulm–sitam bilan tanasini qonga botirishgan va muborak boshini tanasidan judo aylashgan Shahidning farzandiman». «Men chanqoq holda jon bergan, vujudi Karbalo tuprog‘iga qorishgan, samo farishtalari uning uchun yig‘layotgan bir paytda salla va abosini g‘orat qilishgan Shaxsning farzandiman». «Men boshini nayza uchiga sanchishgan, ahli ayolini asir olib, Iroqdan Shomga keltirishgan Shaxsning farzandiman».

Tarixiy manbalarda, jumladan Ibn Kasirning "Al-Bidoya van-Nixoya" asarida, Yazid ibn Muoviya saroyida bo‘lib o‘tgan voqeani o‘sha davrda yosh qiz bo‘lgan Fotima binti Hazrati Ali (r.a.)dan quyidagicha rivoyat qilingan: “Yazid taxtida o‘tirar, atrofida ayollari, nayza ko‘targan askarlari turishar, Hazrati Husayn (r.a.)ning boshlari mis tovoqqa solingan holda o‘rtada turar, boshqa shahidlarning boshlari ham olib kelinib yerga to‘kilgan, biz ya'ni Karbaloda asirga tushgan xotin-xalaj, ayollar, yosh qizlar, bolalar va ukamiz Ali Zaynulobidin esa yerda tiz cho‘kkan holda yig‘lab o‘tirardik. Shunda Shomlik qizil yuzli bir jangchi odam turdida, Yazid ibn Muoviyaga qarab, meni ko‘rsatib, “Ey mo‘minlar amiri, mana bu qizni menga berasiz!”, deb turib oldi. Men esa qo‘rqib ketdim va opam Zaynab binti Alining etagidan ushlab oldim. Opam mendan yoshi katta, aqlli edi va mana bu ishni nojoiz ekanligini mendan ko‘ra yaxshi bilardi. Ya’ni Rasululloh alayhissalomning ahli baytini bunday haqorat qilish nojoiz ekanligini yaxshi bilardi. Shunda opam Zaynab o‘rnidan turdida, o‘sha qizil yuzli odamga qarab, “Yolg‘on aytyapsan. Ey mal’un. Bu ish nojoiz!”, dedi. Ammo xalifa Yazidning jahli chiqib ketdi va opam Zaynabga qarab “Ey Allohni dushmani. O‘tir joyingga, sen yolg‘on aytyapsan!”, dedi. Opam Zaynab tikkama-tikka xalifaga javob berardi, “Bu narsa nojoiz! Agar shunday qilsalaring, otam Ali ibn Abu Tolibning, akam Husayn ibn Alining, bobom Nabiy alayhissalomning dinidan chiqqan bo‘lasizlar!”, dedi. Shunda xalifa Yazid opam Zaynabga o‘shqirib berdi, “Ey Allohning dushmani, ey mal’una, Sen yolg‘on gapiryapsan! Sening akang, sening otang dindan chiqqan. Men emas”, dedi. Shunda opam Zaynab, bo‘sh ketmadi, gap qaytaraverdi, xatto aytdiki, “Allohni dini bilan, akamning, otamning, bobomning dini bilan Sen Yazid, otang Muoviya, bobong Abu Sufyon islomga kirgansizlar!”, deb jasorat bilan gap qaytaraverdi. Xalifa Yazid esa o‘shqiraverardi. Shunda opam xalifaga, “Ey mo‘minlar amiri, sen xalifasan, qo‘lingda qamchi bor, qo‘lingda hukm bor, saltanatingga suyanib mendek bir ojizaga bas kelyapsanmi?!”, dedi. Shunda Yazid uyaldi va jim bo‘lib qoldi. Ammo haligi qizil yuzlik Shomlik odam, o‘rnidan turdida, “Ey mo‘minlar amiri, bu qiz meniki, mening o‘ljam!”, deb turib oldi. Shunda Xalifa Yazid unga qarab, “Qo‘y buni, man sanga boshqalardan ko‘prog‘ini beraman”, dedi. Sahobalardan No‘mon ibn Bashir (r.a.) bor edilar. Xalifa Yazid unga qarab “Ey No‘mon, bir solih ishonchli odam topda, mana bularni hammasini (ya’ni asirdagi Payg‘ambar alayhissalomning avlodlarini) Madina shahriga eltib bersin”, deb aytdi”. Shundan so‘ng Karbaloda asirga tushgan Nabiy alayhissalomning avlodlari Madina shahriga yuboriladilar. Imom Ali Zaynulobidin hayotlarining ikkinchi yarmini Madinai Munavvarada, keksayib qolgan va oyoqlari og‘rib xassaga tayanib qolgan amakilari Hazrati Muhammad Hanafiya ibn Imom Ali (r.a.)ning rahnamoligida kechiradilar.

Ummaviy xalifa Yazid davrida va undan keyin islom mamlakatining siyosiy vaziyati ancha noziklashgan edi, johil kimsalar Payg‘ambar alayhissalomning Ahli baytini siyosiy sahnadan umuman chetlashtirib tashlab, saltanatning merosiy tuzumini avvalgi johiliyat davridan qaytarishga harakat qilishardi. Adolatsizlik, dunyo boyligiga berilish, maishatparastlik ushbu davrning salbiy xususiyatlaridan hisoblanardi. Buni yaxshi anglagan Ali Zaynulobidin (r.a.) jamiyatni haqiqat sari hidoyat etish maqsadida duolarlar, ibodatu taqvo bilan da’vatlar qildilar, taqvodorliklari bilan musulmon ummatiga namuna bo‘ldilar. Taqvodor inson isyon, gunoh va zulm-sitamdan parhez qiladi, zamona to‘fonlari qarshisida o‘z joni va ruhini himoya qila oladi va uni zamonaning shaytonlariga topshirib qo‘ymaydi. Hasad, g‘arazguylik, mansabparastlik, kibr va g‘urur kabi nojo‘ya xislatlar inson ruhiyatiga doimiy ravishda bosim o‘tkazadi. Zaynulobidin (r.a.) bu noloyiq xislatlarga qarshi kurashish usullaridan biri avvalo Allohga ko‘p ibodat qilishda, zikr qilishlikda, taqvodorlikda ekanligini ko‘rsatdilar. «Parvardigori olam, dunyoni men uchun ibodat va bandalik qilish makoniga aylantir», deya ibodatlarida duolar qilar edilar. Yana ul zot: “Ey Robbim, menga O‘z rahmatingdan behisob tottirganing va ne’matlaringni menga yog‘dirganingdan, men qo‘rqmay, xotirjam Senga duo qiladigan, Sendan so‘raydigan bo‘lib qoldim. Ey Robbim, Sening rahmatingga o‘ta muhtoj, haqlaringni ado etishga esa quvvati zaif insonning iltijosi kabi yolvoraman, cho‘kayotgan g‘arib, Sendan o‘zga qutqaruvchini bilmaydigan mendek bandangdan qabul et, ey Karamli Zot”, deb bir necha bor Baytul Atiq Ka’bapo‘shga osilgan holda duolar qilar edilar. Bir kuni muhaddis tobe’inlardan Ibn Kayson Hazrati Zaynulobidin (r.a.)ni Ka’baning soyasida turib, xuddi boshiga o‘lim kelib qolgan kishi kabi bezovta bo‘layotgan, qattiq og‘rigan kasaldek yig‘layotgan kishi misol duo qilayotganlarini ko‘rib, yig‘i va duodan forig‘ bo‘lishlarini kutib turdi, so‘ng u zotga yaqinlashib dedi: “Ey Rasulullohning o‘g‘li, mening nazarimda sizni xavfdan saqlaydigan uch fazilatingiz bo‘la turib, sizni bunday holda ko‘rib turibman”, dedi. Imom hazratlari: “Ey ibn Kayson bu qanday fazilatlar ekan?”, deb so‘radilar. Ibn Kayson dedi: “Birinchisi: Siz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning avlodlaridansiz. Ikkinchisi: Bobongizning sizni shafoat qilishlari. Uchinchisi: Allohning rahmati...”. Imom hazratlari dedilar: “Ey ibn Kayson, nasabda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bog‘langan bo‘lganim Alloh azza va jallaning ushbu so‘zini eshitganimdan keyin meni himoya qilolmaydi: “Qachonki surga puflanganda, u kunda oralarida na nasab qolur va na bir-birlarini surishtirurlar (Mo‘minun surasi, 101-oyat). Bobomning menga shafoat qilishlariga kelsak, Kalomi ulug‘ bo‘lgan Alloh taolo dedi: “Ular faqat U zot rozi bo‘lganlarnigina shafoat qiladilar”. (Anbiyo surasi, 28-oyat). Allohning rahmati haqida esa O‘zi shunday dedi: “Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir” (A’rof surasi, 56-oyat), deb javob berganlar.

Taqvo tufayli Imom Zaynulobidin (r.a.) muruvvat, oliyjanoblik, kamtarlik, halimlik kabi fazilatli xislatlardan Alloh xohlaganicha miqdorga ega bo‘ldi, bu haqdagi ajoyib xabarlar va ibratli voqealar siyrat kitoblariga ko‘rk va ziynat bo‘lib turibdi. Shulardan birini Hazrati Hasan Musanno ibn Imom Hasan (r.a.) hikoya qilganlar: “Amakimning o‘g‘li Zaynulobidin bilan mening oramizda gap o‘tib qolgandi. Shu bois g‘azabdan yonganim holda uning oldiga bordim. U masjidda do‘stlari bilan o‘tirgan ekan. Biron narsa qoldirmay, nima bo‘lsa gapirdim, u esa jim o‘tirar va bir og‘iz ham gapirmasdi. So‘ngra men ortimga qaytib ketdim. Kech kirganda eshik taqillab qoldi. Kech kirganda eshik qoqayotgan kim ekan, qaraychi deb chiqsam, eshik oldida Zaynulobidin turibdi. Haligi bergan ozorlarimga javob qaytarish uchun kelganiga shubha qilmadim. Biroq, u dedi: “Birodarim, menga aytgan so‘zlaringizda rostgo‘y bo‘lsangiz, Alloh meni kechirsin. Aytgan so‘zlaringizda rostgo‘y bo‘lmasangiz Alloh sizni kechirsin!”, so‘ngra salom berdida, ortiga jo‘nab ketdi. Men uning orqasidan ergashib unga yetib oldim-da: “Qasam-ki, siz yoqtirmaydigan ishga hargiz qo‘l urmayman”, dedim. Shunda u menga nisbatan yumshadi va: “Menga aytgan so‘zlaringizni kechirdim!”, dedi".

Hazrati Zaynulobiddin (r.a.)ning qalamiga mansub “Sahifai Sajjodiya” nomli asar qolgan bo‘lib, unda u zotning Allohga qilgan duolari jamlangan. Ushbu duolar to‘plamidan iborat asar hozirda shia mazhabidagi musulmonlar orasida juda ham mashhur bo'lib ketgan. Ushbu asarda keltirilgan u zotning bir duolarini keltirib o‘tsak: «Yo Parvardigoro, Sening nazdingda mavjud bo‘lgan saodatdan meni qaytarguvchi, Senga yaqinlashishdan meni g‘aflatga boshlovchi tuban dunyoning muhabbatini qalbimdan ko‘tar». Ha, inson tabiatan shunday mavjudotkim, bir narsaga ko‘proq e’tibor qaratsa, boshqa solih amaldan g‘aflatda qoladi. Bu xususiyat ko‘p holatlarda uning to‘g‘ri yo‘ldan adashishlari, hatto halokatiga sabab bo‘ladi. Hazrati Zaynulobidin (r.a.) o‘zlarining ko‘pgina duolarida, o‘zidan g‘ofil qilish, o‘z burchlarini bajarishdan g‘aflatda qolish, oxiratni unutish, Alloh va Uning ne’matlaridan g‘ofil qolish kabi g‘aflatning turlarini bayon etganlar. Va yana: «Yo Allohim, bizni g‘aflat va nodonlikka giriftor etma. Zero, biz Sening visolingga mushtoq va gunohlardan tavba qiluvchilarmiz». Hazratning ta’limotlarida ilm talabida bo‘lish eng yaxshi insoniy xislat sanaladi: «Agar insonlar ilm talabida qanchalik porloq natijalarga erishishlarini bilganlarida edi, unga erishish uchun qat’iy qadamlar tashlardilar, agarchi bu ko‘ngilni qon qilib, daryolar qa’riga cho‘kib ketmoq bilan nihoyasiga yetsa-da…». Hazrati Zaynulobidin (r.a.): “Mo‘minning quyidagi xislatlari bor: amal va muloyimligi uyg‘un, bir joyda o‘tirmog‘idan maqsad ilm olmoq, omonatga hiyonat qilmaslik, hech bir yaxshi amalni riyo uchun qilmaslik va uyatdan uni tark etmaslik, o‘zgalar bilmaydigan gunohlaridan tavba qilishlik”, deb ta’lim berganlar.

Marhum muftiy Usmonxon Alimovning “Oilada farzand tarbiyasi” nomli kitoblarida Hazrati Imom Zaynulobidin (r.a.) haqlarida quyidagi rivoyat keltirilgan: “Abdulloh ibn Tohir bunday hikoya qiladi: Hazrati Zaynulobidin ibn Husayn (r.a.) xizmatchisini ikki marta chaqirdi, u javob bermadi. Shunda Zaynulobidin hazratlari: “Chaqirganimni eshitdingmi?”, deb so‘radi. Xizmatchi: “Eshitdim”, dedi. Shunda u kishi: “Javob berishdan seni nima qaytardi?”, dedi. Xizmatchi: “Sizdan tinchman va xulqingiz halimligini bilaman, shu bois javobda erindim”, dedi. U kishi: “Xizmatchimni mendan tinch-omon qilgan Allohga shukrlar bo‘lsin!”, dedi”. Yana shu kishidan rivoyat qilinadi: "Bir kuni u kishi masjidga chiqdi. Masjidda bir odam uni haqoratladi. Shunda u kishining xizmatchisi uni urmoqchi bo‘lgan edi, Zaynulobidin hazratlari uni qaytardi. Va ularga: “Qo‘llaringni tiyinglar”, deb, so‘ngra o‘sha odamga qarab: “Hoy, men sen aytganingdan ham ziyodman. Men sen bilganingdan ko‘pini bilaman. Agar xohlasang, aytib beraman”, dedi. Shunda u odam uyalib, qilgan ishidan xijolat chekdi. So‘ngra hazrati Zaynulobidin ko‘ylaklarini yechdi va unga ming dirham berishga buyurdi. U odam ketar ekan: “Guvohlik bera­man­, albatta bu yigit Rasululloh sollallohu alay­hi va sallam avlodlaridan!”, dedi”. Yana u kishidan rivoyat qilinadi: "Bir kun xizmatchisi sopol oftobada suv quyib turganida, oftoba tushib ketib sindi, hazrati Zaynulobi­dinning oyoqlari jarohatlandi. Xizmatchi shoshib: Ey xo‘jayin, Alloh: «…g‘azablarini yutadigan…» (Oli Imron, 134), dedi. Shunda hazrati Zaynulobidin “G‘azabimni yutdim”, dedi. Va xizmatchi yana dedi: «..odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir» (Oli Imron, 134). Shunda u kishi: “Seni kechirdim”, dedi. Xizmatchi yana: «… Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (Oli Imron, 134), dedi. Shunda hazrati Zaynulobidin: “Alloh yo‘lida ozodsan!”, dedi”. Xizmatchi qul edi, ozod bo‘ldi".

Hazrati Zaynulobidin (r.a.)ning faoliyat davrlari eng jiddiy va og‘ir davrlar hisoblanadi, chunki, Ummaviy xalifa Yazid va uning o‘rinboslari bo‘lgan hukmdorlar islomiy jamiyatni Nabiy alayhissalomning Ahli baytiga qarshi qo‘yib boshqarar edilar. Bunday muhitda agar kimda-kim Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning Ahli bayti nomini tilga olsa, unga qarshi jiddiy va og‘ir muomala qilardilar va ummatni Rasululloh alayhissalomning avlodlaridan uzoqlashtirishga sa’y-harakat qilar edilar. Imom Zaynulobidin (r.a.) o‘ta og‘ir bir siyosiy sharoitda o‘zlarining hidoyatga chorlaydigan fikrlari bilan islom dini hayotini yangilash uchun sa’y-harakat qildilar. Musulmonlarga islomning asl mohiyatini tushuntirishga harakat qildilar. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Hazrati Imom Zaynulobidin (r.a.) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning masjidlarini madrasaga aylantirib, u yerda fiqh, tafsir, kalom, hadis, irfon va axloqning turli mavzulari atrofida ilmiy bahslar va ta’limotlarni tashkil etgan ekanlar. Bir rivoyatda: Hazrati Zaynulobidin (r.a.): “Bizga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning siyratlari Qur’on surasi o‘rgatilgani kabi o‘rgatilar edi”, deganlari keltirilgan. Ul hazrat yana: "Alloh taoloning senga bo‘lgan haqqi shundan iboratkim, sen unga itoat qilishing, unga shirk keltirmasliging lozim va ixlos bilan ushbu amalni ijro etsang Parvardigor dunyo va oxiratdagi ishingni yetarli etib tayinlaydi”, deb marhamat qilgan ekanlar. Hazrati Zaynulobidin (r.a.) tun kirganda yelkalariga qop ortib, ko‘chama-ko‘cha yurib, kambag‘allar eshigi oldiga bildirmasdan non, taom tarqatib chiqardilar. Bu haqda Amr ibn Sobit (r.a.) shunday rivoyat qiladi: “Hazrati Ali ibn Husayn (r.a.) vafot etganlarida ul zotni yuvuvchi kishilar yelkalarida qora chuqur izni ko‘rdilar. "Bu nima?", deb hayron bo‘lishganida ul kishini tanigan ba’zilar "Kechalari qopda un, boshqa taomlar tarqatib, kambag‘al oilalar hovlilari oralab izg‘ib yurar edilar" deb, javob berishgan edilar”.

Karbalodagi Ashuro hodisasi vujudga kelgan kunlardan boshlab to hayotlarining so‘ngigacha o'z ta’limotlari bilan, ta’sirchan xutba o‘qishlari orqali fikriy va madaniy faoliyat olib borganlar. Mana shu tarzda ummat qalbida Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning avlodlariga bo‘lgan muhabbat va ehtirom yanada ziyodalashib borgan, do‘stu birodarlarning saflari kengayib borgan va keyingi yillarda esa bu u kishining o‘g‘illari Hazrati Muhammad Boqir va nabiralari Hazrati Ja’fari Sodiq (r.a.)lar faoliyatlariga yangi zamin yaratgan.

Hazrati Zaynulobidin (r.a.) o‘g‘illariga ko‘p nasihatlar qilar ekanlar. Bu haqda Imom Muhammad Boqir (r.a.) bunday hikoya qilgan: “Otam Imom Zaynulobidin (r.a.) menga ko‘p nasihat qilar edilar. Bir kuni hayotim uchun muhim ko‘rsatma berib bunday dedilar: “Besh turdagi odam bilan do‘st bo‘lma: Birinchisi – fosiq. Chunki u seni bir luqma taom yoki undan ham kamiga sotadi. Men, Ikkinchisi kim? – deb so‘radim. Ikkinchisi – ziqna. Biror narsaga qattiq muhtoj bo‘lganingda, mol-dunyosini qo‘lida olib qolish uchun sen bilan aloqasini uzadi. Uchinchisi – yolg‘on gapiradigan odam bilan do‘stlashma. Chunki u sarobga o‘xshaydi, yaqindagi narsani uzoqlashtiradi. To‘rtinchisi – nodon odamdir. U senga foyda keltiraman, deb zarar beradi. Beshinchisi – silai rahmni tark etgan kishi. Yaqin qarindoshlari bilan aloqasini uzgan odam senga do‘st bo‘lolmaydi”.

Karbalodagi Ashuro hodisasi vujudga kelgan kundan to hayotining so‘nggi kunigacha kechalarini ibodatu zikrlarda, Allohga ko‘p sajda qilish bilan o‘tkazgan, Karbaloda shahid ketgan va boshlari tanasidan judo qilingan padari buzrukvori, aka-ukalari, amaki tog‘alari va boshqa birodarlarini eslab, ko‘z yoshlar to‘kib, ularni yod etib, haqlariga duoi fotihalar qilib yashagan, o‘zining taqvodorligi bilan musulmonlarga namuna bo‘lgan, obidlar ziynati Hazrati Imom Ali Zaynulobidin (r.a.) 713 milodiy, hijriy 95-yil 12-muharramda Madina shahrida shahodatga yetib, ruhlari qudsiy olamga rihlat qilgan. Hazratning pok qabrlari Madinadagi Jannatul Baqi’ qabristonida joylashgan.

suratda: "Jannatul Baqi’" qabristoni, Madinai Munavvara, 1925 y.

1926 yilgacha Baqi’ qabristonida u zotning maqbaralari mavjud bo‘lgan. Lekin o‘sha yilning 21 aprel kuni Madinadagi "Jannatul Baqi’" hamda Makkadagi "Jannatul Mualla" qabristonlaridagi boshqa maqbaralar singari u zotning maqbarasi ham buzib tashlangan. Xalqaro islom hamjamiyati, musulmonlar noroziligiga qaramasdan bu kabi buzish ishlari amalga oshirilgan. Maqbaralar tekislanar ekan, ularning orasida Imom Ali Zaynulobidin hazratlarining ulug‘ ajdodlari hamda avlodlarining maqbaralari, jumladan, Bibi Fotimai Zahro onamiz, Imom Hasan ibn Ali, Imom Muhammad Boqir, Imom Ja’fari Sodiq, Ismoil ibn Ja’fari Sodiq (r.a.)larning maqbaralari ham bor edi.

suratda: "Jannatul Mualla" qabristoni, Makkai Mukarrama, 1926 y

Makkadagi "Jannatul Mualla" qabristonida esa u zotning katta bobokalonlari Abu Tolib ibn Abdulmuttalib, Abdulmuttalib ibn Hoshim, Hoshim ibn Abdumannof Qurayshiylarning maqbaralari hamda Hadichai Kubro roziyallohu anho onamizni va Payg‘ambarimiz alayhissalomning birinchi o‘g‘illari ​​Qosimning maqbaralari ham mavjud bo‘lgan, afsuski, barcha maqbaralar buzib tashlangan, qabrlari yer bilan bir tekis qilingan.

Allohim, o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz ruhi poklarini shod, oxiratlarini obod aylasin!

Allohumma solli ’ala Sayyidina va Nabiyina va Habibina Muhammadin va ’ala olihi va as'habihi ajma’iyn! Birohmatika ya arhamar rohimiyn!

Foydalanilgan manbalar:

  1. Ibn Kasir, "al-Bidoya van-Nixoya".

  2. “Tafsiri Hilol”, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.

  3. Imom Buxoriy, “Sahih al-Buxoriy”.

  4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Hadis va hayot” 22-juz.

  5. Muftiy Avliyoxoja Musaviy Razzaviy as-Samarqandiy, “Mulahhas al-Ansob”.

  6. Muftiy Usmonxon Alimov, “Oilada farzand tarbiyasi”, Movarounnahr.

  7. Shayx Abu Nasr Sahl Buxoriy, “Sir Silsilat al-Alaviya”.

  8. Shayx Husayn ibn Abdulloh Husayniy as-Samarqandiy, “Ansob al-Tolibin”.

dr. Sayyid Ilhomxon Bahodir Razzaviy Husayniy, “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro tashkilotining tadqiqotchisi, manbashunos, naqib al-ashraf.

Maqolalar

Hazrati Imom Ali Zaynulobidin ibn Imom Husayn (r.a.) | Shajara