banner

Hazrati Imom Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu, 1-qism

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin! Payg‘ambarimizga va ul zotning ahli baytiga mukammal va batamom salavotu salomlar bo‘lsin!

Ismlari: Ali (karramallohu vajhahu)

Mansablari: Amir al-mo‘minin (mo‘minlarning amiri, xulafoi roshidin)

Laqablari: Asadulloh (Allohning sheri), Murtazo (tanlangan), Haydar (sher, arslon), Sayfulloh (Allohning qilichi), Bob Madinatul Ilm (Ilm darvozasi)...

Kunyalari: Abul Hasan, Abul Sibtayn (Payg‘ambar alayhissalomning ikki nabirasining otasi), Abul Rayhonatayn (ikki rayhonning otasi), Abu Turob (Tuproq (yer)ni otasi)...

Otalari: Abu Tolib ibn Abdumuttalib ibn Hoshim al-Qurayshiy

Onalari: Fotima binti Asad ibn Hoshim al-Qurayshiy

Akalari: Aqil, Ja’far Tayyor va Tolib (undan avlod qolmagan)

Opalari: Ummu Honiy (Fahita) va Jumona

Umrlari: 63 yosh

Xalifalik muddati: 5 yil.

Imomlik muddati: 30 yil

Umr yo‘ldoshlari: Fotimai Zahro binti Muhammad alayhissalom (r.a.), Ummul Banin binti Xazama ibn Dorami Kilabiy, Umoma binti Abul Os ibn Robi’a (onasi Zaynab binti Muhammad alayhissalom), Laylo binti Ma’sud ibn Xolid Naxshaliy, Asmo binti Umays Has’amiy, Havla binti Ja’far ibn Qays Hanafiya, Ummul Habib (Sohba) binti Robi’a Tag‘labiy, Ummul Sa’d binti Urva ibn Ma’sud Takafiy, Muhayyo (Muhabbat) binti Imriul Qays ibn A’di Kalbiy.

Farzandlari: Ansob (nasab) ilmiga oid qadimiy manbalarda Hazrati Ali ibn Abu Tolib (r.a.)ning 29 ta farzandlari bo‘lganligi zikr etilgan, ular quyidagilar:

Fotima Zahro (r.a.)dan: Imom Hasan Mujtabo (r.a.), Imom Husayn Shahid (r.a.), Zaynab Kubro, Ummu Kulsum (Zaynab Sug‘ro) va Muhassin (yosh vafot etgan).

Havla binti Ja’far ibn Qays Hanafiyadan: Muhammad Hanafiya

Ummul Habib (Sohba) binti Robi’a Tag‘labiydan: Amr va Ruqiyya.

Ummul Banin binti Xazama ibn Dorami Kilabiydan: Abulfazl Abbos, Ja’far, Usmon va Abdulloh.

Laylo binti Ma’sud ibn Xolid Naxshaliydan: Abu Bakr (Muhammad Asg‘ar) va Ubaydulloh.

Asmo binti Umays Has’amiydan: Yahyo.

Ummul Sa’d binti Urva ibn Ma’sud Takafiydan: Ummul Hasan va Romila.

Boshqa ayollaridan: Muhammad Avsat, Hadicha, Ummu Honiy, Ummul Ja’far Jumona, Zaynab Sug‘ro, Umoma, Ruqiya Sug‘ro, Nafisa, Ummu Salama, Ummul Kirom, Maymuna, Fotima.

Ba'zi manbalarda yana 2 o‘g‘illari bo‘lganligi aytilgan, ular: Umar va Aun.

Qadimiy ansob (nasab) manbalariga asosan, yuqorida keltirilgan o‘g‘illaridan faqat 5 tasidan zirriyotlar davom etgan, ular: Imom Hasan, Imom Husayn, Muhammad Hanafiya, Abulfazl Abbos va Amr (r.a.)lar.

Tug‘ilish tarixi va joyi: 30-fil yili (milodiy 599 yil) Makkai Mukarramada Masjidul Haromdagi Ka’batullohning ichida dunyoga kelganlar.

O‘lim tarixi va joyi: 40-hijriy yil Kufa masjidida ramazon oyining 19-kunida mal’un Ibn Muljam tomonidan boshlaridan zarba olib, ramazon oyining 21-kunida (milodiy 661 yil) shahid bo‘lganlar. Tarixnavislarning xabarlariga ko'ra, Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning haqiqiy qabrlari Iroqning Najaf shahrida joylashgan.

Hazrati Ali ibn Abu Tolib (r.a.) biror marta ham butlarga sig‘inmaganliklari va johiliyat iflosliklari bilan xulqlanmaganliklari sababli “Karramallohu vajhahu” - “Alloh uning yuzini mukarram qilsin” deb sifatlanganlar.

Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning jiyanlari, kuyovlari, "asharai mubashshara"dan ya’ni hayotligida jannat bashorati berilgan o‘n sahobadan birlaridir.

Hazrati Ali karramallohu vajhahuning otalari Abu Tolib ibn Abdumuttalib Quraysh qabilasining ulug‘ va hurmatli shaxslaridan bo‘lib, Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallamga Quraysh mushriklari aziyat yetkazganda himoya qilgan va islom diniga juda katta foydasi tekkan fozil kishi edilar. Abu Tolib ibn Abdumuttalib suyukli jiyani Muhammad alayhissalomni eng og‘ir vaqtlarda, ahvollari tang bo‘lib qolganda doim himoya qilib kelganlar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning amakilari Abu Tolibning farzandlari ko‘p edi. Shunda Nabiy alayhissalom amakilari Abbos ibn Abdumuttalibga qarata «Ey amaki, akangiz Abu Tolibning bolalari ko‘pdir, hozir rizqda, yashashda ko‘p qiyinchiliklar bo‘lib turibdi, shu sababdan amakim Abu Tolibning huzurlariga borib, bolalaridan keladigan tashvishini bir oz yengillataylik», deb aytdilar. Shunda ular borib, amakilari Abbos Ja’far Tayyorni, Rasululloh alayhissalom esa Ali (r.a.)ni o‘z qaramog‘lariga oladilar. Mana shundan keyin Hazrati Ali (r.a.) Nabiy alayhissalom xonadonlarida birga yashay boshlaydilar, o‘sha paytda u zotning yoshlari beshda bo‘lgan. Payg‘ambarimiz alayhissalomning tarbiyalarida bo‘lib, irfon xazinalaridan fayz olganlar. Sarvari koinot alayhissalomga payg‘ambarlik kelganida erkaklardan birinchi bo‘lib sakkiz yoshli Ali (r.a.) musulmonlikni qabul qilganlar.

Anas ibn Molik (r.a.): «Dushanba kuni nubuvvat kelgan, seshanba kuni Ali Islomga kirgan», deb aytgan. (Termiziy rivoyati). Bu haqda Ibn Is'hoq (r.a.) “as-Siyra” kitobida shunday yozadi: “Ali (r.a.) kelsa, Payg‘ambar alayhissalom va Xadicha (r.a.) namoz o‘qiyotgan ekanlar.

“Ey Muhammad, bu nima?” dedi Ali.

“Allohning o‘ziga tanlab olgan va u ila Rasullarini yuborgan dinidir. Seni o‘zi yolg‘iz bo‘lgan va sherigi yo‘q bo‘lgan Allohga, uning ibodatiga chaqiraman”, dedilar u zot.

“Bu men bugundan avval eshitmagan bir ish. Abu Tolibga aytmay turib bir ishni qilmayman”, dedi Ali.

Rasululloh alayhissalom o‘z ishlarini e’lon qilish darajasiga yetmay turib, sir oshkor bo‘lishini xohlamadilar va unga:

“Ey Ali, agar Islomga kirmasang, sir saqla”, dedilar.

Ali o‘sha kechani o‘tkazdi. So‘ngra Alloh uning qalbiga Islomni soldi. Erta tongda Rasululloh alayhissalomning huzuriga bordi va:

“Menga nima arz qildingiz, ey Muhammad?” dedi.

“Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga shahodat keltirishingni va butlardan voz kechishingni”, dedilar.

Ali o‘shalarni bajo keltirib musulmon bo‘ldi. Shu bilan birga, Abu Tolibdan qo‘rqib yurdi. Ali o‘zining musulmon bo‘lganini oshkor qilmadi.

O‘sha kundan boshlab, Ali karramallohu vajhahu insoniyatni zulmatdan nurga chiqarish uchun Allohning amri ila yolg‘iz o‘zlari kurash boshlagan, yonlariga turmush yo‘ldoshlari Xadicha onamizni qo‘shgan Muhammad alayhissalomning bu ezgu ishlariga uchinchi kishi bo‘lib qo‘shildilar.

U kishi o‘sha kundan boshlab Payg‘ambar alayhissalomga Alloh tomonidan yuborilayotgan oyatlarni birinchilardan bo‘lib eshitadigan, o‘qib amal qiladigan kishiga aylandilar. U kishi Payg‘ambar alayhissalomdan ajramas, u kishining barcha ishlarida birga bo‘lar edilar.

Islomning dastlabki kunlaridan birida Qurayshning rahnamosi Abu Tolib o‘z o‘g‘li Alining Muhammad alayhissalom bilan birga berkinib namoz o‘qiyotganini ko‘rib qoldi. Bu ota uchun yangilik edi. Otasidan iymonini va ibodatini berkitib yurgan Ali o‘zining namoz o‘qiyotganini otasi ko‘rib qolganidan afsuslanmadi. U namozni tugatishi bilan, darhol otasining oldiga shoshildi va Ali borib, otasiga:

“Ey otajon, men Allohga va uning Rasuliga iymon keltirdim. U kishi keltirgan narsani tasdiqladim va u zotga ergashdim”, dedilar.

Abu Tolib o‘g‘liga: “U seni faqat yaxshilikka yetaklaydi. Undan ajramagin o‘g‘lim”, dedilar”. (Ibn Is'hoq, "as-Siyra")

Hazrati Ali karramallohu vajhahuning butun hayotlari Nabiy alayhissalom bilan yonma-yon kechgan. Islom dushmanlari bilan bo‘lgan janglarning barchasida buyuk qahramonliklar ko‘rsatganlar, faqat Tabuk jangida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam u zotni o‘z ahli baytlariga boshliq etib tayinlab ketganliklari sababli vaqtincha ishtirok eta olmaganlar.

Ibn Sa’d, at-Tabariy va boshqa ulamolar Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuning siyratlari haqida quyidagilarni rivoyat qilishgan: «U zot bug‘doyrang, ko‘zlari katta, soqollari qalin, ko‘kraklari serjun, bo‘ylari o‘rta, bilak va boldirlarini mushaklari yo‘g‘on, yuzi eng chiroyli odamlardan edilar. Soch va soqollariga oq tushgan o‘zgarmas edi va sertabassum inson edilar”. Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu shijoatli, fasohatli, ilmli, taqvoli, sabr-toqatli, axloqli, adolatli, dunyoda zohid, hilmli, tavozu’li va musulmon yigitlar orasida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga eng yaqin kishi bo‘lganlar, shuning uchun Nabiy alayhissalom: «Men ilmning shahri bo‘lsam, Ali uning eshigidir (ya’ni Bob Madinatul Ilm)», deb aytganlar".

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning hijratlari asnosida Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu katta shijoat, mardlik va jasorat ko‘rsatganlar. Bu haqda Imom Ahmad ibn Hanbal Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltirganlar: «Quraysh bir kecha Makkada mashvarat qildi. Kimdir ertalab: «Muhammadni ushlab, bog‘lab qo‘yinglar», dedi. Boshqalari esa: «Yo‘q, uni o‘ldirish kerak», deyishdi. Ba’zilari: «Makkadan chiqarib yuboringlar», dedi. Oxiri ular har qabiladan bittadan kuchli va chapdast yigitni tanlab olib, bir guruh tuzish va o‘sha guruh kechasi Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning yotgan joylariga bostirib kirib, baravar birdaniga qilich solishga kelishdilar. Shunday qilinganda Muhammad sollallohu alayhi va sallamning qonlari barcha qabilalarga teng tar­qab, u kishining qarindoshlari hech kimdan o‘ch ola bilmasliklari ko‘zda tutilgan edi. Alloh taolo buni Payg‘ambar alayhissalomga bildirdi. Hazrati Ali Rasululloh alayhissalomning to‘shaklariga kirib yotdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam esa Makkadan chiqib, g‘orgacha yetib oldilar. Mushriklar Ali karramallohu vajhahuni Nabiy alayhissalom deb o‘ylab, kechasi bilan poylab chiqdilar. Ertalab yopirilib kirib, Ali karamallohu vajhahuni ko‘rganlarida Alloh ularning makrlarini fosh etdi. Ular: «Og‘ayning qani?» deb so‘radilar. Ali (r.a.): «Bilmayman», dedi. Ular Rasululloh alayhissalomni izlaridan qidirib ketishdi. Toqqa yetganlarida adashtirib qo‘yishdi. Tog‘ning tepasiga chiqib, u Zot Abu Bakr Siddiq (r.a.) bilan yashirinib o‘tirgan g‘or yonidan o‘tishdi. G‘orning og‘zidagi o‘rgimchak uyasini ko‘rib: «Agar u bu yerga kirganida, o‘rgimchak uyasi bo‘lmas edi», deb o‘tib ketishdi. Rasululloh alayhissalom o‘sha joyda uch kun qoldilar».

Hazrati Ali karramallohu vajhahu Payg‘ambarimiz alayhissalomning Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga qilgan hijratlari to‘g‘risida qo‘yidagilarni aytganlar: “Rasululloh alayhissalom Madinaga hijrat qilgach, menga Makkada qolishni tayinladilar. Chunki men Rasululloh alayhissalomning qurayshliklarga berishi kerak bo‘lgan omonatlarini yetkazishim zarur edi. Quraysh qabilasi Nabiy alayhissalomni "Amin" kunyasi bilan sifatlardi. Men Qubays tog‘iga chiqib uch marta: "Kimning Muhammadda omonati bo‘lsa, kelib olib ketsin, deb e’lon qildim. Omonatlarni ado etib bo‘lganimdan so‘ng Rasululloh alayhissalom orqalaridan yo‘lga chiqdim. U zot qo‘nim topgan Amr ibn Avf uyiga yetib kelib, Gulsum ibn Xidomning hovlisiga joylashdim”.

suratda: Qubo masjidi, Madina shahri, 1895 y.

Nabiy alayhissalom Madinaga kelganlaridan so‘ng masjid qurilishi boshlanib ketadi. Birinchi bo‘lib Nabiy alayhissalom, keyin Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon va Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhumolar navbat bilan g‘isht qo‘yishdi. Musulmonlarning kuch qudrati va ahilligi bilan masjid qisqa muddatlarda qurib bitkazildi. Shundan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam muhojirlar va ansorlarni bir-birlari bilan birodar bo‘lishga chaqirdilar. Madinada Islom jamiyatining shakllanishi va rivojlanib borishidagi barcha ishlarda Hazrati Ali karramallohu vajhahuning xizmatlari beqiyosdir. Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu arablar orasida qo‘rqmas, mard, shijoatli botir pahlavonlardan bo‘lib, Badr jangida mushriklar boshlig‘i Valid ibn Utba bilan bo‘lgan jangda uni yer tishlatganlar.

Nabiy alayhissalomning qizlari Makkadan Madinaga ko‘chib kelishgach, Hazrati Fotimai Zahro roziyallohu anhoning qo‘lini so‘rab, bir necha ulug‘ sahobalar sovchi qo‘yishdi. Ammo Rasululloh alayhissalom ularni qaytaraverdilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattob (r.a.)lar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida hurmati baland sahobalardan edilar, ular Payg‘ambar alayhissalomga nasab jihatidan yaqin bo‘lishni juda xohlardilar. Bu borada Usmon ibn Affon (r.a.) har ikkovilaridan o‘zib ketdilar. Hazrati Usmon (r.a.) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qizlari Ruqiyya (r.a.)ga uylanish baxtiga musharraf bo‘ldilar. Badr jangidan keyin Ruqiyya (r.a.) vafot etganlaridan so‘ng Nabiy alayhissalom Usmon ibn Affon (r.a.)ga ikkinchi qizlari Ummu Kulsum (r.a.)ni nikohlab berdilar. Hazrati Usmon (r.a.) Rasululloh alayhissalomning ikki qizlariga uylanganliklari tufayli “Zunnurayn” (ikki nur egasi) degan nomga musharraf bo‘lganlar.

Nabiy alayhissalom suyukli qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anhoni Ali karramallohu vajhahuga zavjalikka munosib ko‘rganlarini sezgan sahobalar Ali karramallohu vajhahuga bu haqda maslahat berishdi. Hazrati Ali karramallohu vajhahu ularning gaplaridan shijoatlanib, Fotimai Zahro onamizning qo‘llarini so‘rash uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga bordilar. Nabiy alayhissalomga yaqinroq joyda turdilar va u Zot eshitadigan qilib: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qizlariga sovchilik qilmoqchi bo‘lgan edim», dedilar. Payg‘ambar alayhissalom bu gapni darhol mulohaza qilib, u kishiga og‘ir botmaydigan qilib: «Biror narsang bormi (mahrga)?» dedilar. «Yo‘q, ey Allohning Rasuli», deb javob berdilar Ali (r.a.). «Hutamiyya sovuting qani?», dedilar. «O‘zimda, ey Allohning Rasuli», dedilar. «Bo‘lmasa, o‘shani ber», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam. Ali karramallohu vajhahu tezda borib, sovutni olib keldilar. Nabiy alayhissalom uni sotib, kelinga sep qilishni buyurdilar. Sovutni Hazrati Usmon Zunnurayn to‘rt yuz yetmish dirhamga sotib oladilar. Hazrati Ali karramallohu vajhahu bu pulni keltirib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga qo‘yadilar. Nabiy alayhissalom muborak qo‘llari bilan ularni oladilar va bir qismini Bilol (r.a.)ga berib, atir va xushbo‘y narsa sotib olib kelish uchun topshiradilar. Qolganini Ummu Salama (r.a.)ga berib, kelinga kerakli narsalarni sotib olishni tayinlaydilar. So‘ngra Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z sahobalarini chaqirib, qizlari Fotimai Zahro onamizni Ali ibn Abu Tolib (r.a.)ga to‘rt yuz misqol kumush mahr bilan, qoim sunnat va vojib farizat sharti ila nikohlab berayotganlariga ularni guvoh qiladilar. Nikoh xutbasida yosh kelin-kuyovning haqlariga duolar qilib, ularga baxt-saodat va solih zurriyotlar tilaydilar. Ushbu nikoh voqeasi ko‘plab sahobalar tomonidan rivoyat qilingan.

suratda: Madinada Hazrati Ali va Fotima Zahro (r.a.) uylarining qadimiy manbalarga ko‘ra tayyorlangan ehtimoliy maketi.

Hazrati Ali karramallohu vajhahu bilan Fotimai Zahro roziyallohu anhoning turmushlaridan Imom Hasan, Imom Husayn, Zaynab va Ummu Kulsum (r.a)lar dunyoga kelganlar. Yana bir o‘g‘illari Muhassin yosh vafot etgan. Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu kambag‘al va dunyo ishlariga zohid bo‘lganlaridan ularning oilaviy hayotlari yo‘qchilik, qiyinchilik, iqtisodiy tanglik bilan o‘tar edi. Bu haqiqat mo‘tabar hadis, siyrat va tarix kitoblarida kelgan ko‘plab rivoyatlarda o'z aksini topgan.

Suratda: Uhud tog‘i tepaligi

Hijratning uchinchi yili shavvol oyida Uhud jangi bo‘ldi. Unda Alloh taoloning lashkarlari o‘z dinlari va vatanlarini himoya qilib, tog‘utning qo'shinlari ustiga sherdek tashlandilar. Allohning lashkarlari orasida «Asadulloh (Allohning sheri)» laqabini olgan Hazrati Ali karramallohu vajhahu fidokorliklari bilan alohida ajralib turganlar. Hazrati Asadulloh roziyallohu anhuning bahodirliklari, mardliklari, shijoatlari va islom dushmanlariga bo‘lgan nafratlari ibratga loyiqdir. U zot keskir qilichlarini havoda o‘ynatib, «Allohu akbar!» deb, mushriklarning boshiga tinmay ajal urug‘ini sochganlar. Jang davomida misli ko‘rilmagan qahramonlik va fidokorlik ko‘rsatib urushayotgan musulmonlarning bayroqdori Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu shahid bo‘ladi. Islom bayrog‘i u kishining qo‘lidan tushib ketadi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuni chaqirib, bayroqni u zotga topshiradilar. Hazrati Ali (r.a.) esa bir qo‘llari bilan Islom bayrog‘ini, ikkinchi qo‘llari bilan mashhur “Zulfiqor” nomli qilichlarini tutib, mushriklarga qiron keltirishni davom ettiradilar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam bu ikki shuhrat egasini taqdirlab: «Alidek yigit (qahramon) yo‘q, Zulfiqordek qilich yo‘q!», deganlar.

Zulfiqor nomi - arab tilidan tarjima qilinganda "umurtqa", "bo‘g‘imlar egasi", "to‘lqinsimon izli" singari ma’nolar beradi. Zulfiqor islom tarixidagi eng mashhur qilich hisoblanadi. Abu Iso at-Termiziyning “Shamoyili Muhammadiya” asarlarida "Payg‘ambarimiz Rasululloh alayhissalomning yettita yoxud o‘n bitta qilichlari bo‘lgan. Har birining alohida nomi bo‘lib, eng mashhuri Zulfiqor bo‘lgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom uni har doim o‘zlari bilan olib yurganlar. Anas (r.a.)ning aytishlaricha, Zulfiqor qilichi dastasining uch qismi qoplamasi kumushdan bo‘lgan. Qilichning tig‘i ilonning ayri tilini eslatadi", deb keltirilgan. Islomdan avval ham mashhur bo‘lgan bu qilichni makkalik Marzuq as-Saqil ismli usta yasagan. Qilich Nabiy alayhissalomga o‘tgunicha Munabbih ibn Hajjoj degan kimsaga tegishli bo‘lgan. Milodiy 624 yilda Badr jangida o‘lja qilib olingach, u Payg‘ambarimiz alayhissalomga taqdim qilingan. Shuningdek, o‘sha paytdagi Misr hukmdori Muqavqis bu qilichni Nabiy alayhissalomga sovg'a etgani ham aytilgan. Mazkur qilichni Nabiy alayhissalom Hazrati Ali (r.a.)ga hadya qilgan ekanlar. Hazrati Ali (r.a.)ning vafotlaridan keyin qilich u zotning o'g'illari Imom Husayn (r.a.)ga, so'ng u zotning farzandlariga meros bo'lib o'tgan ekan.

Ibn Kasirning “al-Bidoya van-nihoya” asarida "Hazrati Ali Zaynulobidin (r.a.) otalari Imom Husayn (r.a.)ning qotili – Ummaviy xalifa Yazid ibn Muoviyaning oldiga, Damashq (Shom)ga borganlarida, Zulfiqor qilichi ham ularga hamroh bo‘lgan", deb keltirilgan. Muhaddislardan Imom Muslimning “Sahih” larida yozilishicha, Ibn Mahram Hazrati Ali Zaynulobidin ibn Imom Husayn (r.a.)ning yaqin safdoshlaridan bo‘lgan, Ibn Mahram u zotdan Zulfiqor qilichini so‘ragan. “Menga Rasululloh (s.a.v.)ning qilichlarini berasizmi? Men uni sizdan olib qo‘yishlaridan qo‘rqaman. Allohga qasam, agar uni menga bersangiz, hech kim to meni o‘ldirmaguncha qilichni qo‘limdan ololmaydi”, degan ekan. “Zulfiqor” deb taxmin qilinadigan bir qancha qilichlar hozirda dunyoning turli hududlarida, jumladan, Istanbul shahridagi To‘pqopi muzeyida, Misrdagi Qohira muzeyida ham saqlanadi. Ammo, ular orasida haqiqiy Zulfiqor qilichi bormi-yo‘qmi – bu faqat Allohgagina ma’lum.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Ali ibn Abu Tolib (r.a.)ni bir necha jangchi guruhlarga, ya’ni qo‘shinlarga boshliq qilib, alohida topshiriqlar bilan turli hududlarga yuborganlar. Bu qo‘shinlarning eng kattasi Yamanga yuborilgan qo‘shin edi. Ularning hammasida Hazrati Ali (r.a.) o‘zlariga Nabiy sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan yuklangan vazifalarni sharaf bilan ado etganlar. Ummu Atiyya (r.a.)dan qilingan rivoyatda u kishi aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir qo‘shin yubordilar. Ularning ichida Ali (r.a.) ham bor edi. Rasululloh alayhissalom qo‘llarini ko‘tarib turib: «Ey Allohim, menga Alini ko‘rsatmay turib meni vafot ettirmagin», deganlarini eshitdim» (Termiziy rivoyati).

Nabiy sollallohu alayhi va sallamning Haybar kuni Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuga: «Allohga qasamki, Alloh sening sababingdan bir kishini hidoyatga solmog‘i, sen uchun eng afzal ne’matlardan ko‘ra yaxshiroqdir», degan so‘zlari musulmonlarning fath ishlaridagi shiori bo‘lib qolgan edi (Buxoriy rivoyati). Hazrati Ali karramallohu vajhahuning Handaq va Tabuk g‘azotlaridagi jasoratlari, fidoyiliklari ham tillarda doston bo‘lgan va bu haqda tarixnavislar ko'plar asarlar bitganlar.

Hazrati Ali karramallohu vajhahuning yana bir laqablari Haydar (Sher) bo‘lgan, Haybarni fath etishda mardonavor ishtirok etganlar. O‘sha paytda yoshlari hali yigirmadan o‘tmagan bo‘lgan. Ibn Is'hoq “as-Siyra” kitobida: menga Yazid ibn Muhammad ibn Haysam Muhoribiy Muhammad ibn Ka’b Quraziydan, u Yazidning otasi Muhammad ibn Xaysamdan, u Ammor ibn Yosirdan rivoyat qildi: Am­mor: «Men bilan Ali ibn Abu Tolib al-Ushayra g‘azotida sherik edik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam u yerga tushib, o‘rnashgach, Bani Mudlij dehqonlarining buloq va xurmozorlarida ishlayotganlarini ko‘rdik. Ali ibn Abu Tolib menga: «Ey Abul Yaqzon! Anavi qavmning ol­diga borib, qanday ishlayotganlarini ko‘ramizmi?» – dedi. Men: «Xohlasang, boramiz», – dedim. U joyga borib, ularni bir oz ku­zatdik. So‘ng uyqumiz keldi. Ali ikkalamiz borib bir xurmoning tagida tekis tuproq ustiga yotib uxladik. Allohga qasamki, bizni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamgina oyoqlari bilan qimirlatib uyg‘otdilar. Yot­gan joyimizga ko‘ra hamma yog‘imiz tuproqqa belangan edi. O‘sha kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ali ibn Abu Tolibga ustidagi tuproqni ko‘rib: «Senga nima bo‘ldi, ey Abu Turob?» – dedilar, so‘ng: «Sizlarga eng baxtsiz ikki inson haqida aytib beraymi?» – deb so‘radilar. Biz: «Ha, ey Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallam», – dedik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Biri−Solih alayhissalom tuyasining paylarini qirqib tashlagan Samud qavmilik Uhaymir (laqabli odam); Ikkinchisi − Sening mana bu yeringga ura­digan inson», – deb, qo‘llarini Alining boshining tepa qismiga qo‘ydilar va: «Undan mana bu yering ho‘l bo‘ladi», -deb soqolini ushladilar", deb rivoyat qilgan. Yana bir rivoyatda esa: Ibn Is'hoq: menga ilm ahlidan birining aytishicha: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Alini «Abu Turob» deyishlari: Ali qachon Fotima bilan arazlashib qolsa, unga gapirmas va yomon so‘z ham aytmas, faqat tuproq olib boshiga qo‘yib olar edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu tuproqni ko‘rib, Fotima bilan arazlashganini bilar va: «Senga nima bo‘ldi, ey Abu Turob?» – der edilar, deb rivoyat qilgan. (Buxoriy va Termiziy rivoyati). Shu voqeadan keyin Hazrati Ali (r.a.) laqablaridan biri Abu Turob (tuproqni otasi, tuproqqa belangan) bo‘lganligi rivoyat qilingan.

suratda: G‘adir Xum — Makka va Madina shaharlari o‘rtasidagi Xum ko‘li yaqinidagi joy.

Payg‘ambar alayhissalom Hazrati Ali karramallohu vajhahuni juda yaxshi ko‘rganliklari, izzat-ehtirom ko‘rsatib hurmatlaganlari ko‘plab hadislarda rivoyat qilingan, jumladan:

Imom Termiziy hasan hadis deb Zayd ibn Arqam (r.a.)dan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday marhamat qilganlar: “Shak yo‘qki, men sizlarga ikkita (qimmatli) narsani tashlab ketayapman. Madomiki ul ikkisini mahkam ushlarkansiz, mendan so‘ng hargiz zalolatga ketmaysiz. Ikkovidan birinchisi keyingisidan ulug‘roqdir: (birinchisi) Allohning kitobi – osmondan yergacha cho‘zilgan arqondir va (ikkinchisi) Ahli baytim – mening avlodimdir. Ikkovi havzi Kavsarga kelguncha ayrilmagay. Demak, ikkovi borasida menga qanday xilof qilayotganingizga qaranglar!”. Islom tarixida Nabiy alayhissalomning ushbu mashhur nutqlari “G‘adir Xum” voqeasi deb atalgan va ushbu voqea haqida Buxoriy, Muslim, Ibn Moja, Hokimlar ham rivoyat qilganlar. Yana bir hadisda, Zayd ibn Arqam (r.a.) rivoyat qiladilar: «Nabiy alayhissalom: «Men kimning mavlosi (homiy, yo‘lboshchi) bo‘lsam, Ali ham uning mavlosidir», dedilar. (Termiziy va Nasaiy rivoyati).

Ummu Salama (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Alini munofiq yaxshi ko‘rmaydi. Uni mo‘min yomon ko‘rmaydi», der edilar» (Termiziy rivoyati). Burayda (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Albatta, Alloh meni to‘rt kishini sevishimga buyurdi va Uning O‘zi ularga muhabbat qilishining xabarini berdi», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, bizga ularning ism­larini aytib bering», deyishdi. «Ali ulardan biridir», deb uch marta aytdilar. Keyin «Abu Zarr, Miqdod ibn Asvad va Salmon», dedilar. «U Zot ularga muhabbat qilishni menga buyurdi va O‘zi ham ularga, albatta, muhabbat qilishining xabarini berdi», dedilar» (Termiziy rivoyati).

Habashiy ibn Junada (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Ali mendandir. Men Alidandirman. Men ado etishim lozim bo‘lgan narsalarni faqat o‘zim yoki Aligina ado etadi», dedilar» (Termiziy rivoyati). Hazrati Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bir narsa so‘rasam, berar edilar. Agar sukut qilsam, o‘zlari berar edilar» (Termiziy rivoyati).

Anas (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallamning oldilarida bir parranda (go‘shti) bor edi. Shunda u Zot: «Ey Allohim, huzurimga xalqingning ichidan O‘zingga eng sevimlisini keltirgin, men bilan ushbu parrandadan yesin», dedilar. Ali kelib, u Zot bilan yedi»; Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Men hikmat hovlisiman, Ali uning eshigidir», dedilar» (Termiziy, Tabaroniy va Hokim rivoyat qilishgan). Xuddi shu rivoyatning Ibn Abdul Barr keltirgan lafzida Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Men ilmning hovlisiman, Ali uning eshigidir. Kim ilmni istasa, uning eshigidan kelsin», deganlar.

Nabiy alayhissalom Hazrati Ali roziyallohu anhu haqqiga: “Alloh kimning do‘sti bo‘lsa, Ali uning do‘stidir. Yo Alloh, uni do‘st tutganni Sen ham do‘st tut, unga dushmanlik qilganga Sen ham dushman bo‘l”, deb duo qilganlar. (Imom Ahmad rivoyati).

Hazrat Ali (r.a.)ning o‘zlaridan esa bunday rivoyat keltirilgan: «Payg'ambar alayhissalom qasam ichib aytganlar: "Meni faqat mo‘min yaxshi ko‘radi, meni faqat munofiq yomon ko‘radi” (Muslim rivoyati).

Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.) bunday hikoya qiladi: «Payg'ambar alayhissalom Ali (r.a.)ga aytgan uch narsani eslayman. Qani edi ulardan bittasi menga berilganida! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Tabuk g‘azotida Ali roziyallohu anhuni Madinada o‘rinlariga qo‘yib ketmoqchi bo‘ldilar. Shunda Ali roziyallohu anhu: "Yo Allohni Rasuli, meni ayol va bolalar bilan qoldirib ketyapsizmi?” deb so‘radi. Rasululloh alayhissalom: "Horun Musoga o‘rinbosar bo‘lgani kabi menga o‘rinbosar bo‘lishga rozi emasmisan? Faqat mendan so‘ng payg‘ambar kelmaydi", deb javob berdilar. Yana Xaybar kunida Payg‘ambarimiz alayhissalom: "Bu bayroqni Alloh va Rasulini yaxshi ko‘radigan, Alloh va Rasuli ham uni yaxshi ko‘radigan kishiga, beraman”, deganlarini eshitdim. Hammamiz bayroqni olish niyatida edik. Biroq Rasululloh alayhissalom: "Alini chaqiringlar”, deb buyurdilar. O‘sha paytlari Ali (r.a.)ning ko‘zi og‘rigan edi. Rasululloh alayhissalom uning ko‘ziga tuflab qo‘ydilar, so‘ng bayroqni topshirdilar. Alloh taolo Ali (roziyallohu anhu)ga nusrat berdi”, deb rivoyat qilingan (Muslim rivoyati).

Hazrati Ali karramallohu vajhahu haqlarida va u zotning yuksak fazilatlari bilan bog‘liq haqiqatdan go‘zal va havas qilgulik ma’lumotlarni hadis kitoblaridan topish imkoni bor va yetarlidir.

Hazrati Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu musulmon ummati ichida Payg‘ambar alayhissalomdan keyingi eng ilmli kishi bo‘lganlar. Yechilishi qiyin bo‘lgan masalalarni u zot yechar edilar. Arablarda hozirgacha biror masala yechilmay qolsa, “Bu masalani yechgani Abul Hasan yo‘q”, degan gap aytiladi. Abul Hasan Hazrati Ali karramallohu vajhahuning kunyalari bo‘lgan. U zot shariat bilimdoni, yuksak ahloq sohibi, Islomning mashhur notig‘i va voizi edilar. Nabiy alayhissalomdan 586 ta hadis rivoyat qilganlar. U zotdan: Imom Hasan, Imom Husayn, Muhammad, Umar hamda Abdulloh ibn Mas’ud, Ibn Umar, Abdulloh ibn Ja’far, Abdulloh ibn Zubayr, Abu Muso Ash’ariy, Abu Sa’id Xudriy, Abu Rofi’, Suhayb, Zayd ibn Arqam, Jobir ibn Abdulloh, Abu Hurayra, Jobir ibn Samura, Barro ibn Ozib, Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhumolar va boshqa sahobai kiromlar, Said ibn Musayyib, Qays ibn Xozim, Alqama ibn Qays, Abu Asvad Jauliy, Ahnaf ibn Qays, Shurayh ibn Honiy kabi tobe’inlar hadis rivoyat qilganliklari hadis, siyrat va tarix kitoblarida bayon etilgan.

(Davomi 2-qismda)

dr. Sayyid Ilhomxon Bahodir Razzaviy Husayniy, “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xalqaro tashkilotining tadqiqotchisi, manbashunos, naqib al-ashraf

Maqolalar

Hazrati Imom Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu, 1-qism | Shajara