«MARKAZIY OSIYO – ISLOM MADANIYATI VA SANʼATI OʻCHOGʻI» turkumi doirasida xalqaro onlayn ILMIY SEMINAR bo'lib o'tdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) hamkorligida «MARKAZIY OSIYO – ISLOM MADANIYATI VA SANʼATI OʻCHOGʻI» turkumi doirasida xalqaro onlayn ILMIY SEMINAR bo'lib o'tdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston Milliy arxivi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqand va Buxorodagi oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchi va talabalari, Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari hamda Turkiya va Germaniyadan tadqiqotchilar hamda "Turon" ilmiy markazi olimlari qatnashdi.


Seminarda Samarqand viloyati “Maxdumi A'zam Dahbediy ilmiy-tadqiqot fondi” raisi, manbashunos va shajarashunos olim, Samarqand davlat universiteti katta ilmiy xodimi, islom tarixi va ansob ilmi bo'yicha xalqaro Phd doktori, "Turkiston Sayyidlari va Eshonlari" xalqaro tashkilotining faxriy shajarashunosi, naqib Komilxon Kattayev «HANAFIYALIKNING SAMARQAND RAYOSAT RAISLARI VA ULARNING ZIYORATGOHLARI» mavzusida ma’ruza qildi. Onlayn xalqaro ilmiy seminarga admin-kordinatorlik vazifasini Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo'lim boshlig'i, "Turkiston Sayyidlari va Eshonlari" xalqaro tashkilotining faxriy yorlig'i sohibi va phd doktori Mirzo Mehrojiddin Amonov olib bordi.

Mazkur onlayn xalqaro ilmiy Seminarda O'rta Osiyo va chet el davlatlaridagi professor olimlar bilan bir qatorda tadqiqotchi olimlar ham qatnashdilar. Jumladan, "Turkiston Sayyidlari va Eshonlari" xalqaro tashkiloti hamda "Turon" ilmiy markazining manbashunos va nasabshunos mutaxassisi, dr. Sayyid Ilhomxon Baxodir ham xalqaro seminarda ishtirok etdi.


“Maxdumi A'zam Dahbediy ilmiy-tadqiqot fondi” raisi, manbashunos va shajarashunos olim, dr. Komilxon Kattayev dastavval Samarqand tarixiga atroflicha toʻxtalib, koʻplab tarixiy manbalardan olingan ilmiy maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi. Samarqand allomalari haqida soʻz yuritib, shaharda joylashgan mashhur Chokardiza qabristonida abadiy qoʻnim topgan buyuk imom va olimlar nomlarini keltirdi. Uning taʼkidlashicha, ulugʻ ulamolar xokining koʻpligi boʻyicha Madinadagi Boqiya va Makkadagi Muallodan tashqari dunyodagi hech bir qabriston Chokardizaga teng kelolmaydi. Bu yerda hanafiylik mazhabining Imom Moturidiy, uning ustozi Imom Sammosiy, Imom Abulqosim Hakim, Imom Abu Lays, Imom Abu Muʼin Nasafiy, Imom Najmiddin Umar Nasafiy, Imom Kundiy, Imom Margʻinoniy, Imom Yozdah kabi ulugʻ imomlar yotibdi.
Manbalarga koʻra, qabriston hududi Samarqandning buyuk imomlaridan biri Imom Sammosiyning bogʻi boʻlgan. Imom Moturidiy oʻzidan 60-70-yil avval yashagan va oʻz bogʻining markazidagi tepalikka dafn etilgan Sammosiyning oyoq tomoniga koʻmishni vasiyat qilgani bu insonning naqadar ulugʻ darajaga ega ekanidan dalolat beradi. Birinchi boʻlib, uning egasi koʻmilgan bogʻ IX asr oxiri – X asr boshlarida allomalar qabristoni sifatida shakllangan. Taʼkidlanganidek, Samarqand zaminining oʻzidagina shunchalik koʻp alloma oʻtganki, boshqa yurtlarda bu hol kuzatilmagan. Hozirgacha bu zaminda dunyo miqyosida taniqli eng buyuk allomalardan 25 nafarining qabri aniqlangan. Kelgusi tadqiqotlar natijasida ularning soni ortishi aniq. Ulugʻlarimizning aksariyati fiqh, hadis, kalom ilmi ulamolari, qolganlari tasavvuf tariqati namoyandalari va davlat arboblari boʻlgan.
Maʼruzachi olim Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Shamsulaimma Halvoyi va Samarqand hanafiylik mazhabi rayosati raisi Imom Ali Soʻgʻdiy, shuningdek, Abul Hasan Rastugʻfoniy, Imom Ali Pazdaviy, Samarqandda salkam 400 yilga yaqin oldinma-ketin sadr, qozi va qozikalonlik mansablariga sarafroz bo'lgan Mirakoniy sayyidlar haqida, Sayyidotoyi va Maxdumi A'zamiy sayyidlar hamda ishtixonlik olimlar hayoti va ijodiga oid maʼlumotlar ham berdi. Olim eng buyuk imom va allomalar qabri, qabrtoshlarini izlab topish va oʻrganish yuzasidan olib borilayotgan tadqiqotlar hamda ziyoratgohlarini obod qilish boʻyicha qilinayotgan ishlarga ham alohida eʼtibor qaratdi.
Xalqaro seminar ishtirokchilari va olimlarning ma'ruzachiga bergan savollariga ilmiy javoblar berish bilan yakunlandi.
"Turkiston Sayyidlari va Eshonlari" xalqaro tashkiloti MATBUOT XIZMATI










